Bugun, 2 mart kuni Ramazon oyi munosabati bilan xayr-saxovat ishlari uyushtirildi.
Muhtaram Prezidentimizning "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga binoan bu yilgi qutlug‘ oy "Ramazon - saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi" shiori ostida o‘tkazilyapti.
Namangan viloyati hokimligi hamda Namangan viloyati bosh imom-xatib Musoxon domla Abbosiddinov boshchiligida Davlatabod tumanida nogiron, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj o‘zga din vakillariga muruvvat ko‘rsatildi.
Davlatabod tumanida yashayotgan rus, koreys, o‘zbek va tatar millatiga mansub muhtoj kishilar holidan xabar olindi
Zotan, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alahyi va sallam ham bag‘rikenglik tamoyiliga amal qilganlar. U zot o‘zga yurt va din vakillari, ya’ni Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarni masjidlariga taklif qilib: “Ular bizning do‘stlarimizni hurmat qilgan edilar. Men ham ularni izzat-ikrom qilishni xush ko‘raman”, deb shaxsan o‘zlari ularga xizmat qilganlari tarixdan ma’lum. Bu xayrli ishlar Islomning naqadar bag‘rikeng din ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Madinai munavvara shahridagi «Zamzam Pullman» mehmonxonasida bo‘lib turgan ziyoratchilar bilan suhbatlashdilar. Yurtdoshlarimizdan sog‘liklari, kayfiyatlari, ibodatlarini qanday ado etayotganlari, mehmonxonadagi sharoitlar haqida fikr-mulohazalarini so‘radilar.
Bo‘lajak hojilar ziyorat va ibodatlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlardan nihoyatda mamnunligini bildirishdi. Ayniqsa, mehmonxona Harami sharifga juda yaqinligi yoshi ulug‘ kishilar uchun ham qulay bo‘layotgani, besh mahal namozni Masjidi Nabaviyda ado etishning shukuhi haqida so‘zladilar. Malakali imom-xatiblardan tashkil topgan ellikboshilar, ishchi guruhi, shifokorlar tunu-kun shay turishganini alohida e’tirof etishdi.
Muqaddas zaminda toat-ibodatlarini xotirjam bajarayotgan ziyoratchilar yaqinlari, oila a’zolari qatorida tez-tez el-yurtimiz, davlatimiz rahbari va boshqa mutasaddilar haqlariga duolar qilib, ofiyat va farovonligimiz bardavomligini Allohdan so‘rashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati