Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hidoyat elchisi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga mavjudotlar ichida Allohni eng ko‘p biluvchi va Uning buyruqlarini bajo keltirishda eng peshqadami bo‘lganlar. U zot Allohga bandalik qilish pog‘onasidan shu darajada yuqori ko‘tarilganki, bu maqomning eng cho‘qqisigacha yetib, hech qaysi mavjudot yetib bora olmagan martaba va manzillarni zabt etganlar. Ya’ni, Alloh taolo u zotning oldingiyu keyingi gunohlarini mag‘firat qilgan.
Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu darajada bo‘lishlariga qaramasdan tunlarini ibodat bilan o‘tkazar, hatto namozda ko‘p tik turganlaridan oyoqlari shishib ketar edi. Oisha roziyallohu anho bu holatdan ajablanar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa muloyimlik bilan: «Shukr qiluvchi banda bo‘lishni yoqtiraman-da!» der edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yig‘ilarida qo‘rqinch, duolarida esa musibatli insonlarning o‘tinchlari kabi edi.
Abdulloh ibn ash Shaxir roziyallohu anhu bu haqda bunday degan: «Men Rasulullohning namoz o‘qiyotganlarini ko‘rdim. U zotning ko‘kragidan tegirmon toshining shovqiniga o‘xshash yig‘i shovqini eshitilib turar edi» (Imom Abu Dovud rivoyati, 904-hadis. Bu sahih hadis).
Mo‘minlar onasi Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng hayratlanarli holatlari haqida bunday hikoya qiladi: «Tunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, menga ruxsat bering, Robbimga ibodat qilaman», dedilar. Men: «Allohga qasamki, men sizga yaqin (siz bilan birga) bo‘lishni yoqtiraman va sizni xursand qilgan narsani yaxshi ko‘raman», dedim. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turib, tahorat oldilar, so‘ng namoz o‘qishga kirishdilar. U zot to‘xtamay yig‘ladilar, hatto etaklari ho‘l bo‘ldi. So‘ng yana to‘xtovsiz yig‘ladilar, hatto soqollari nam bo‘ldi. So‘ng yana to‘xtovsiz yig‘ladilar, hatto yer ham nam bo‘lib ketdi. Shunda Bilol namozga chaqirish uchun keldi. Bilol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yig‘lab turganlarini ko‘rib: «Yo Rasululloh! Nima uchun yig‘layapsiz? Axir, Alloh Sizning oldingiyu keyingi gunohlaringizni mag‘firat qilgan-ku!», dedi. Shunda Rasululloh: «Shukr qiluvchi banda bo‘lmaymi?! Zero, bu kecha menga bir oyat nozil bo‘ldi. Bu oyatni o‘qib, uni tafakkur qilmaganga vayl bo‘lsin!», dedilar va oyatni o‘qidilar: Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: «Albatta, osmonlaru yerning yaratilishida hamda kecha va kunduzning almashib turishida aql egalari uchun oyat(belgi)lar bor» (Oli Imron surasi, 190-oyat).
Ibn Hibbon rivoyati, isnodi Imom Muslim shartiga ko‘ra.
Ey tavfiqli do‘stim! Bu Allohning amrini bajo keltirishning eng komil ko‘rinishidir. Odam farzandining sayyidi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Illiyyinda ekanliklarini aniq bilsalar-da, bor kuchlari va tokati bilan Allohning roziligi uchun harakat qilar, shunchalar umidsiz bo‘lar, muhabbat, xavf va rajoni shu qadar go‘zal tarzda jamlar edilar!
Biz-chi?! Biz ibodatlarga beparvo bo‘lib, ko‘plab gunohlarni sodir etamiz yoki shu gunohlar atrofida aylanib yuramiz, Allohga bo‘lgan tavozelik va itoatimiz kam va zaif holda hayot kechiramiz. Hatto g‘aflat zulmatiga g‘arq bo‘lib ham, Allohning mag‘firatini umid qilamiz, o‘zimizni Uning makridan omonda deb o‘ylaymiz. Hatto ayrim holatlarda shunchalik xatokorligimizni unutib, Allohning g‘azabidan qo‘rqmaymiz, balki o‘zimizni xuddi jannatiy odamdek tutamiz!
Bizning bu holatimiz bilan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning holatlari orasida tuproq bilan surayyo yulduzicha - yer bilan osmoncha farq bor.
Yo Alloh! Yo Mannon! Yo Karim! Bizlarga lutf qil! Bizlarni afv et!
Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ramazondagi Alloh bilan birga bo‘lish holatlari barcha musulmonlarga abadiy o‘rnak bo‘la oladigan darajada mukammal bo‘lgan.
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonda» kitobi asosida tayyorlandi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
“Bandalarim ichida shukr qiluvchilari ozdir”.
Alloh taolo Qur’oni karimning bir necha oyatida insonni “kafur” ya’ni ne’matlarni e’tirof etmaydigan, noshukr, deb atagan.
Kufrning asl ma’nosi ham shu, shukrning ziddi. Shukr bu ne’matlarni e’tirof yo‘liga ko‘ra zohir qilish bo‘lsa, kufr ularni yashirish, tan olmaslik va inkor qilishdir.
Darhaqiqat, inson o‘zidagi umrbod shukr hissi bilan yashashni taqozo qiluvchi ko‘plab ne’matlarni ko‘rmaydi. Nigohini mudom o‘zidan boyroq, o‘zidan chiroyliroq, o‘zidan sog‘lomroq kishilarga qaratib, o‘z qalbini mahzunlikka to‘ldiradi. Holbuki, avvalgi ne’matlarning shukri ado etilmagan yoki yarim yamaloq tarzda ado etilgan, avvalgi sog‘lomlik davrida salomatligining qadriga yetib, buning uchun baxtiyorlik va shukronalik hissini tuymagan edi.
Nafs o‘zgalarga boqar ekan, o‘z e’tiborini ularga nasib bo‘lgan ne’matlarga qaratadi. Ular duchor bo‘lgan musibatlar va g‘am-tashvishlarni ko‘rmaydi. Qachonki, navbat o‘ziga kelganda esa doim yo‘qotishlar va qayg‘ularni ko‘radi.
Bunday insonga orzu qilgan narsalari berib qo‘yilsa ham shukrini ado etishi qiyin. Chunki o‘z ko‘zida kichikroq bo‘lib ko‘ringan ammo aslida buyuk bo‘lgan ne’matlarni ko‘rmasdan keldi, ularga shukr qilmadi. Bunday inson orzusidagi ne’matlar ato etilganda ham ularni kichik ko‘radi va yanada kattarog‘ini orzulaydi.
Shukr qiluvchi banda bo‘lish bu har kimning ham qo‘lidan kelmaydigan buyuk ishlardandir.
Shukr bu faqat tilda “Allohga shukr!” yoki “alhamdu lillah!” deyish bilan amalga oshmaydi.
Til shukri bu Allohga U bergan ne’matlari uchun hamd aytish, uni o‘zgalar huzurida ibrat ma’nosida zikr qilishdir.
Amal shukri esa U bergan ne’matlari barobarida solih, ezgu amallar qilish, Unga toat va ibodatda bo‘lish, U bergan ne’matlarni Unga gunoh va ma’siyat bo‘lgan ishlarga sarf qilmaslik, U ato etgan moddiy va ma’naviy ne’matlarni ezgulikka safarbar qilib, Alloh unga ehson qilgani kabi u ham Uning bandalariga ehson va muruvvat ko‘rguzishidir.
Ibnul Qoyyim rahimahulloh aytadi: “Shukr bu – Allohning ne’mati bandaning tilida maqtov va e’tirof shaklida zohir bo‘lishi, qalbida esa shuhud va muhabbat tarzida namoyon bo‘lishi, tana a’zolarida esa Unga itoat va bo‘ysunish o‘laroq ko‘rinishidir” (“Madorijuc solikiyn”. 2/244).
Demak, shukr tilda, qalbda va amalda bo‘lar ekan.
Til shukri mun’im (ne’mat beruvchi)ni maqtab, Unga sano aytib, Uning ne’matlarini e’tirof etish bilan amalga oshadi.
Qalb shukri esa Allohning buyukligi, azamati, fazlu marhamati, lutfu inoyatining cheki yo‘qligi va O‘zining karami va saxovati ila bandasiga ato etgan ne’matlarni qalb ko‘zi ila ko‘rib, bu haqda tafakkur yuritib, o‘zidagi ne’matlarni ularning mun’imi bo‘lgan Zotga bog‘lab, Unga qalban minnatdorlik va muhabbat hislarini tuymoqdir.
Shukrning ushbu ikki bosqichi bosib o‘tilgach o‘z-o‘zidan uchinchi bosqich bo‘lmish amal shukri keladi. Bu marhalaga yetib kelgan inson Mun’im tomonidan o‘ziga ato etilgan ne’matlarni U rozi bo‘ladigan ezgu ishlarga sarf etadi, Alloh taolo unga ehson qilgani kabi u ham o‘zi kabi bandalarga ehson qiladi, aslo-aslo Qorun kabi man qiluvchi bo‘lib qolmaydi. Balki, Alloh taoloning go‘zal ismu sifatlaridan o‘z nasibasini olgan holda Alloh unga karam ko‘rsatgani kabi u ham oliyjanob bo‘lishga intiladi. Shu tariqa, u shokir va shakur maqomiga erishadi.
Bu esa shukrning uchta bosqichidan so‘ng erishiladigan buyuk martaba bo‘lib, Alloh taolo bu sifat bilan O‘z payg‘ambarlarini vasflagan. Masalan, Nuh alayhissalomni “Albatta, u shakur (ko‘p shukr qiluvchi) banda edi” (Isro surasi, 3-oyat) deya maqtov ila zikr qilgan.
Shuningdek, boshqa oyati karimada Alloh taolo O‘z bandalari ichida shukr qiluvchilari ozligini eslatar ekan, bu sifatning nechog‘li ulug‘ligi va hammaga ham nasib bo‘lmaydigan, hamma ham yeta olmaydigan nodir va noyob bir maqom ekaniga ishora qiladi: “Bandalarim ichra shukr qiluvchi bo‘lganlari esa ozdir” (Saba’ surasi, 13-oyat).
Inson ushbu oyati karima ustida biroz tafakkur yuritsa, o‘zi uchun olam-olam ma’nolar eshigini ochishi muqarrar.
Bu so‘zlar ila Alloh taolo nafaqat voqelikdan xabar bermoqda balki, oliyjanob, o‘zini hurmat qiluvchi va haqiqiy mard bo‘lgan bandalarini O‘zining azaliy taqdirida oz va nodir bo‘lishlarini yozib qo‘ygan shukr qiluvchi zotlar safidan o‘rin olishga tashviq etmoqda.
Farosat egalari, Allohni muroqaba qiluvchi, Uni yaxshi ko‘ruvchi, qalblarining eng to‘ridan Unga eng ardoqli joy ajratgan bandalari bunday oyatlar o‘z ichiga olgan teran ma’nolarni anglashlari va uning o‘zlariga xitob ekanining farqiga borishlari shubhasiz.
Shuningdek, Robbimizning mazkur so‘zlari shukr qiluvchilardan bo‘lish og‘ir ish ekani, yetishish qiyin bo‘lgan martaba ekani hamda Alloh nazdida sha’ni ulug‘ ish ekaniga ham dalolat qiladi.
Agar unday bo‘lmaganda edi, Alloh taolo “bandalarim orasida shakur bo‘lganlari ozdir” demagan bo‘lardi. Agar bunday bo‘lmaganda edi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam duoda Allohdan O‘ziga shukr qilishga yordam berishini so‘rashni vasiyat qilmagan bo‘lardilar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z as’hoblari ichida Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni o‘zgacha yaxshi ko‘rardilar, u kishiga o‘zgacha tavajjuh qilardilar. Uni ba’zan o‘z ulovlariga mindirib olardilar. Shuningdek, u kishidan Qur’onni o‘rganishga ham targ‘ib qilardilar.
Muoz ibn Jabal Payg‘ambarimiz alayhissalomga muqarrab bo‘lgan sahobiylardan edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Muozni yaxshi ko‘rishlarini qasam ichib aytganlar.
Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad”da, Abu Dovud “Sunan”da Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilib keltirishicha, bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabalning qo‘lidan tutib “Ey Muoz! Allohga qasamki, men Seni yaxshi ko‘raman. Ey Muoz, men senga shuni vasiyat qilamanki, har namoz so‘ngida “Allohumma a’inniy a’la zikrika va shukrika va husni ibadatika”, deyishni tark etma!”, dedilar.
Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mazkur sahobiyga har namozdan so‘ng yuqoridagi tartibda duo qilishni vasiyat qildilar. Duoning mazmuni esa quyidagicha: “Allohim, Seni zikr qilishga, Senga shukr qilishga va Senga go‘zal ravishda ibodat qilishga yordam ber!”.
Ziyo ASHRAF