Ma'lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning payg'ambarlik vazifalaridan biri insonlarning axloqlarini komillikka etkazishdan ham iborat. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: “Albatta men karamli xulqlarni kamolga etkazish uchun yuborildim”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Zamonaviy tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning axloqlariga ergashish nafaqat narigi dunyoda, balki mana shu dunyo hayotida ham foyda keltiradi.
Los-Anjelesdagi UCLA universiteti mutaxassislari yaxshi xulq-atvor inson umrini uzaytirishini ilmiy jihatdan isbotladi. “Bedari” fondining 20 million dollarlik granti hisobidan moliyalashtirilgan ilmiy dastur muallifi janob Fessler bu masalada jiddiy tadqiqot ishlarini olib bordi.
Ma'lumki, yaxshi xulq-atvor bizning fikrlarimiz, his-tuyg'ularimiz va e'tiqodimizda namoyon bo'ladi. Ilmiy loyiha doirasida antropologlar odamlarda mehr-oqibat xususiyatlari irsiy yo'l bilan qanday o'tishini, sotsiologlar g'azablangan odamlarni ijobiy his-tuyg'ularga qanday yo'naltirish mumkinligini, psixologlar esa yaxshi kayfiyat ruhiyatga qanday ta'sir qilishini va depressiya alomatlarini kamaytirishni o'rganishdi.
Tadqiqot natijalariga ko'ra, olimlar tomonidan qilingan xulosa shuni ko'rsatadiki, mehribonlik, xayrixohlik, muloyimlik, yaxshi so'zlilik hayot sifatiga va uning davomiyligiga ta'sir qiladi. Go'zal axloqli insonning umri nisbatan uzoq bo'lishi tadqiqotda aniqlandi.
Aytish kerakki, go'zal axloq islom dinining asosidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo'minlarning iymoni eng mukammali xulqi go'zal bo'lganlaridir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Badbaxtlik nima”, deb so'rashdi. U zot: “Yomon xulq”, deb javob berdilar (Imom Ahmad rivoyati).
Yana bir hadisi sharifda: Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning menga eng mahbubingiz, Qiyomat kuni menga eng yaqin o'tiradiganingiz husni xulqligingizdir. Sizlarning menga eng yoqmaydiganingiz, Qiyomat kuni mendan eng uzoq o'tiradiganingiz sergap, tili uzun va mutafayqihingizdir”, dedilar. “Ey Allohning Rasuli, sergap va tili uzunni bilamiz, mutafayqihlar kimlar?”, deyishdi. “Mutakabbirlar”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Payg'ambar alayhissalom aytdilar: “Albatta, odamlarga go'zal xulqdan afzalroq narsa berilmagan” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Boshqa bir hadisda, sizlarning orangizda menga suyuklirog'ingiz va Qiyomat kunida menga yaqinroq bo'ladiganingiz axloqi go'zallaringizdir, deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyati).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ey Alloh, xilqatimni go'zal qilganingdek, xulqimni ham go'zal qilgin”, deb duo qilardilar (Imom Ahmad rivoyati).
Yaxshi xulq insonning eng qimmatli fazilati bo'lib, uning sharofati bilan jamiyat ko'z oldida haqiqiy mard, manfaatli odam namoyon bo'ladi. Alloh taolo Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomga ko'p fazilatlarni ato etgan, biroq U zot o'z Rasulining go'zal xulqlarini boshqalaridan ko'ra ko'proq maqtagan: “Albatta, siz ulug' Hulq ustidadirsiz”(Qalam surasi 4-oyati).
Shu bilan birga, Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning fe'l-atvori barcha oldingi payg'ambarlarning oliyjanob fazilatlarini, Nuh alayhissalomning shukrini, Ibrohim alayhissalomning do'stligini, Muso alayhissalomning samimiyligini, Ismoil alayhissalomning sodiqligini, Ayyub va Yoqub alayhumussalomning sabr-toqatini, Dovud alayhissalomning odamlardan behojatligini, Sulaymon alayhissalomning hayosini, Iso alayhissalomning zohidligini hamda boshqa barcha payg'ambarlarning axloqiy fazilatlarini o'zida mujassam etgan.
G'ulom domla JUMANOV,
Jizzax viloyati G'allaorol tumani
bosh imom-xatibi
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov