Bismillahir Rohmanir Rohiym
“Agar bilsangiz, ro‘za tutishlaringiz o‘zingiz uchun yaxshirokdir” deb marhamat qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Ro‘za tutish ovqat hazm qilish tizimidagi bir qancha kasalliklarga shifo bo‘ladi. Ro‘za –miya va yurak qon hujayralarini faollashtiradi va tartibga soladi. Ro‘za ortiqcha vazndan xalos etadi va tanadan zaharli moddalarni chiqarib yuboradi.
Tibbiyot xodimlari aytadilar: “Ro‘za qon hujayralarini birinchi kundan boshlab yangilaydi. Qon hujayralari va dangasa hujayralar faol ishlay boshlaydi. Ro‘za tutish butun tanani tozalash amaliyotidir. Badanga yiliga bir marta shunday parvarish juda muhim”.
Olib borilgan tadqiqotlarda ro‘za qon bosimining ko‘tarilishi bilan bog‘liq 100 dan ortiq kasalliklarga davo bo‘lishi aniqlangan. Xususan, ro‘za qon bosimining ortishi, qandli diabet, surunkali astma, nafas olish, yurak, jigar, allergiya, surunkali ekzema, teri kasalliklari kabi juda ko‘plab kasalliklarga shifo bo‘ladi. Ayniqsa, ro‘za – yurak saratoni, miya xurujiga qarshi samarali sanaladi.
Olimlar “ro‘za xujayralarda to‘plangan zaharlarni davolashning eng foydali usuli” degan xulosaga kelishgan. Hatto G‘arb davlatlarida zamonaviy tibbiyot muvaffaqiyatsizlikka uchragan ayrim kasalliklarni davolashda ro‘za orqali davolaydigan markazlar samarali faoliyat yuritmoqda.
Iftorlikda xurmo iste’mol qilish jigar faoliyatini tartibga soladi. Xurmo – jigarda to‘planib qolgan zaharlarni yo‘qotuvchi eng yaxshi tabiiy dori hisoblanadi.
2016 yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan yaponiyalik olim Yosinori Osumi aniqlagan eng qiziq holatlardan biri – organizmning eng faol ishlaydigan vaqti – ochlik paytida bo‘larkan. Ya’ni, ochlik orqali odam organizmi birinchi o‘rinda o‘zidagi turli darajada zararlangan, kasallangan, keraksiz hujayralardan qutulib, ularni energiyaga aylantirib iste’mol qilib yuborar ekan.
Natijada, ro‘za tutish orqali organizm turli xiltlar, chiqitlar va toksinlardan tozalanadi.
Shuningdek, bu jarayonda yo‘q qilingan zararli hujayralar o‘rni yangi yosh hujayralar bilan qoplanadi, tana yosharadi. Ro‘za orqali ruh gunohlardan poklanib yengil bo‘ladi, organizm ham tozalanib, yangilanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, ro‘za tutish orqali hech qanday dori-darmon va salbiy oqibatlarsiz bir necha yillar davomida erishish mumkin bo‘lgan ijobiy natijalar bir oy davomida qo‘lga kiritiladi. Ro‘za butun tananing faoliyatini oshiradi va ortiqcha yog‘larni kamaytiradi. Ayniqsa, ro‘zador masjidga ko‘proq yurib borsa, sog‘liq uchun yanada foydali bo‘ladi.
Muborak ramazon oyini foydasiz ishlar bilan isrof qilmasdan, uni g‘animat bilib, ibodatlar bilan o‘tkazishga harakat qiling. Alloh taolo tutayotgan ro‘zamizni, o‘qiyotgan namoz va qilayotgan barcha ibodatlarimizni qabul etsin.
Davron NURMUHAMMAD
Bugun Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla Kenjayev boshchiligida Gurlan tumanidagi “Usmon Said bobo” jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda imom-xatiblar, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2024” ziyoratchilari, mahalla raislari ishtirok etdi.
So‘ngra hududdagi oilalarga kirilib, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalar holidan xabar olindi. Ayrim sabablarga ko‘ra arazlashib qolgan oilalar imomlar, hojilarning hayot tajribasidan kelib chiqqan gaplaridan ta’sirlanib, yarashib oldilar.
Shuningdek, adashib aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan fuqarolar bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, ularga islomning sof ta’limoti haqida ma’lumotlar berildi.
Bunday xayrli ishlar, ya’ni xalqqa xizmat qilib, odamlarni rozi qilish, Haqning roziligiga sabab bo‘ladi, inshoalloh.
So‘ngra imomlarning yo‘nalishga doir amalga oshirgan ishlari ko‘rib chiqildi.
Xayrli duolar bilan tashrif o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati