Turkiyaning "TRT-Avaz" va "Samarqand-TV" telekanallarining muborak Ramazon oyi uchun mo‘ljallangan dasturlarida O‘zbekiston tarixiy shaharlari haqidagi ko‘rsatuvlar namoyish etilyapti, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mazkur telekanallarning muborak Ramazon dasturlari uchun aynan O‘zbekistonni tanlagani bejiz emas. Chunki, turk xalqi mamlakatimizni "Ota yurt" deya e’zozlaydi, mushtarak milliy va diniy qadriyatlarimizning asoslarini Movarounnahrda deb biladi.
"TRT-Avaz" tekanalida namoyish etilayotgan "Turkistonda so‘zning mohiyati", "Samarqand-TV"da taqdim etayotgan "Saharlik majlisi" va "Iftordan avval" dasturlari butun Ramazon oyi davomida "praym-taym" vaqtida efirga uzatilayotgani e’tiborga molikdir.
Qayd etish kerakki, dasturlar davomida mamlakatimizning tarixiy va muqaddas diniy qadamjolari, Movarounnahrda yetishib chiqqan islom olamidagi mashhur olimlar, shuningdek, so‘nggi yillarda yurtimizdagi qadimiy ziyoratgohlarni asrab-avaylash va obodonlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi ma’lumotlar teletomoshabinlar e’tiboriga taqdim etilyapti.
Mazkur teleloyihalar mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyatini targ‘ib qilish va yurtimizga sayyohlar oqimini ko‘paytirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ro‘za tutish uchun saharlikka turish mustahab amal ekanligiga butun ummat ijmo’ qilgan. Uni tark qilgan gunohkor bo‘lib qolmaydi, albatta.
Imom Buxoriy va Imom Muslim Anas roziyallohu anhudan qilgan rivoyatlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deb marhamat qilganlar:
تسحروا فانّ السحور بركة
«Saharlik qilinglar! Zero, shak yo‘qki, saharlik barakadir!».
Miqdom ibn Ma’dikaraba roziyallohu anhu rivoyatida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Bu saharlikni o‘zingizga lozim tutinglar! Zero, bu muborak oziqdir», dedilar.
Imom Nasoiy rivoyat qilgan.
Barakaning sababi ro‘zador quvvatli bo‘ladi, xursand bo‘ladi, ro‘za tutishi oson bo‘ladi. Boz ustiga, oxiratdagi savobi ham bor.
Shuning uchun saharlik qilish kerak. U ozgina taom, garchi bir qultum suv bo‘lsa ham kifoya qiladi.
Imom Ahmad Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar:
السحور بركة فلا تدعوه ولو ان يجرع احدكم جرعة ماء فانّ الله وملائكته يصلون على المتسحرين
«Saharlik barakadir. Shuning uchun, hech biringiz uni bir qultum suv ichib bo‘lsa ham tark qilmanglar. Zero, Alloh taolo va uning farishtalari saharlik qiluvchilarga salovot ayturlar».
Saharlik qilishning vaqti tun yarmidan boshlab to tong otgungachadir. Lekin, kechiktirib saharlik qilish avlodir. Ya’ni, tong otishidan sal oldin saharlik tugatilishi yaxshiroq.
Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu aytadilar: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga saharlik qilar edik. So‘ng namozga turar edik. «Ikkovining orasi qancha vaqt edi?» – deb so‘raldi.
U: «Ellik oyat o‘qish miqdoricha edi», dedi.
Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan.
Tobeinlardan Amr ibn Maymunadan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblari odamlar ichida iftorga eng shoshadigani, saharlikni eng kechiktiradigani bo‘lgan ekanlar.
Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Ammo, shuni bilmoq kerakki, saharlikni kechiktirganda, agar tong otib ketdi, degan gumon bo‘ladigan bo‘lsa, unda yeb-ichib o‘tirish makruh bo‘ladi. Tong otgani aniq bo‘lganda yeyish esa, ro‘zani buzadi.