Turkiyaning "TRT-Avaz" va "Samarqand-TV" telekanallarining muborak Ramazon oyi uchun mo‘ljallangan dasturlarida O‘zbekiston tarixiy shaharlari haqidagi ko‘rsatuvlar namoyish etilyapti, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mazkur telekanallarning muborak Ramazon dasturlari uchun aynan O‘zbekistonni tanlagani bejiz emas. Chunki, turk xalqi mamlakatimizni "Ota yurt" deya e’zozlaydi, mushtarak milliy va diniy qadriyatlarimizning asoslarini Movarounnahrda deb biladi.
"TRT-Avaz" tekanalida namoyish etilayotgan "Turkistonda so‘zning mohiyati", "Samarqand-TV"da taqdim etayotgan "Saharlik majlisi" va "Iftordan avval" dasturlari butun Ramazon oyi davomida "praym-taym" vaqtida efirga uzatilayotgani e’tiborga molikdir.
Qayd etish kerakki, dasturlar davomida mamlakatimizning tarixiy va muqaddas diniy qadamjolari, Movarounnahrda yetishib chiqqan islom olamidagi mashhur olimlar, shuningdek, so‘nggi yillarda yurtimizdagi qadimiy ziyoratgohlarni asrab-avaylash va obodonlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi ma’lumotlar teletomoshabinlar e’tiboriga taqdim etilyapti.
Mazkur teleloyihalar mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyatini targ‘ib qilish va yurtimizga sayyohlar oqimini ko‘paytirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
“Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” tashabbusi doirasida Respublikamiz hojilari ishtirokida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari qizg‘in davom etmoqda. Shu choqqacha bo‘lib o‘tgan 81 ming 116 ta tadbirda 494 327 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi.
Ularning oilaviy sharoitlaridan kelib chiqib, tinchlik qadri va shukronalik, yoshlar tarbiyasi, illatlarga barham berish, ilm-ma’rifatga targ‘ib, yot g‘oyalarga qarshi kurashish mavzularida suhbatlar o‘tkazildi. Ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordamlar berildi.
Diniy soha vakillari bilan bir qatorda 11 mingdan ziyod hojilar ishtirok etayotgan tadbirlar natijasida nizoli oilalar yarashtirilmoqda, yot unsurlar ta’siriga tushib qolganlar to‘g‘ri yo‘lga qaytmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati