Shu yil 3 mart kuni Ramazon oyi munosabati bilan Namangan shahridagi "Royal" tantanalar majmuasida iftorlik dasturxoni tashkil qilindi.
Muhtaram Prezidentimizning "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga binoan bu yilgi qutlug‘ oy "Ramazon - saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi" shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbasiddinov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Namangan viloyat boshqarmasi hamda Vaqf xayriya jamoat fondi Namangan viloyat filiali rahbarlari boshchiligida Namangan shahri, Yangi Namangan va Davlatobod tumanlarida istiqomat qiluvchi nogiron, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqorolar va boshqa konfessiya vakillariga muruvvat ko‘rsatilib iftorlik dasturxoni yozildi.
Duoga qo‘l ochgan fuqarolarimiz yurtga tinchlik-omonlik so‘radilar, bunday hur, emin-erkin zamonning qadriga yetish, shukrona keltirish lozimligini ta’kidladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Talabalik inson hayotining oltin davri hisoblanadi. Talabalik va yoshlik cheksiz imkoniyatlar, ulkan maqsadlar sari olib boruvchi, zavq-shavqqa to‘lgan eng go‘zal pallasidir. Har bir fasl singari, har bir davrning ham o‘z fazilati va xislati bor.
Ayni paytda yurtimiz ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlandi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, talabalar, ota-onalar, Akademik litseyning o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, marosim O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Madhiya sadolaridan so‘ng Akademiya birinchi prorektori Habibullo Sadibaqosev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarga rektor Muzaffar Komilovning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Akademiya prorektori so‘nggi yillarda mamlakatimiz ta’lim sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdi. Yoshlarni oliy ta’limga qamrovini oshirib borish, zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida izchil siyosat olib borilayotgani, bu borada O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizdagi eng nufuzli va sharafli o‘quv muassasasi hisoblanishini qayd etdi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida jamiyat rivojiga hissasini qo‘shadigan, o‘z sohasining malakali mutaxassislarini kamolga yetkazish ustuvor vazifa sanaladi.
Bugungi kunda Akademiyada Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar, Mumtoz sharq filologiyasi hamda Islomshunoslik fakultetlari, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO”, “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA”, “Ijtimoiy fanlar va huquq”, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO”, “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari”, “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi kabi 10 ta kafedra faoliyat olib bormoqda.
Tadbir davomida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori, “Imom Buxoriy” ordeni sohibi Zohidjon Islomov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni bayram bilan muborakbod etishdi.
Shuningdek, marosimda talabalarning ota-onalari so‘z oldi. Talabalar tomonidan Akademiya madhiyasi ijro etildi. Tadbir yakunida Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov so‘z olib, barchaga yangi o‘quv yili xayrli kelishini so‘rab, duo qildi.
Tantanali marosim auditoriyalardagi “Mustaqillik darslari” bilan davom etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati