Shu yil 3 mart kuni Ramazon oyi munosabati bilan Namangan shahridagi "Royal" tantanalar majmuasida iftorlik dasturxoni tashkil qilindi.
Muhtaram Prezidentimizning "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga binoan bu yilgi qutlug‘ oy "Ramazon - saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi" shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbasiddinov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Namangan viloyat boshqarmasi hamda Vaqf xayriya jamoat fondi Namangan viloyat filiali rahbarlari boshchiligida Namangan shahri, Yangi Namangan va Davlatobod tumanlarida istiqomat qiluvchi nogiron, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqorolar va boshqa konfessiya vakillariga muruvvat ko‘rsatilib iftorlik dasturxoni yozildi.
Duoga qo‘l ochgan fuqarolarimiz yurtga tinchlik-omonlik so‘radilar, bunday hur, emin-erkin zamonning qadriga yetish, shukrona keltirish lozimligini ta’kidladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Malayziya va Janubi-Sharqiy Osiyoda mashhur bo‘lgan san’atkor Hofiz Hamidunning O‘zbekistonda suratga olingan “Salawat. The Beloved” nomli yangi musiqiy albomi taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Malayziyalik san’atkorlarning O‘zbekistonda ijodiy loyihalarni amalga oshirish va yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosini xalqaro auditoriya orasida targ‘ib qilishga qiziqishi ortib bormoqda.
Mazkur ijodiy loyiha doirasida Hofiz Hamidun va uning ijodiy jamoasi joriy yil avgust oyida O‘zbekistonga tashrif buyurib, Toshkent, Samarqand va Buxoro viloyatida qator videokliplarni suratga oldi.
Suratga olish jarayonlari mamlakatimizning tarixiy-madaniy va sayyohlik salohiyatini namoyon etuvchi qator diqqatga sazovor obyektlarda tashkil etildi.
Yangi albomning Malayziyadagi premerasida 24 ta elektron va bosma nashr, 40 dan ziyod OAV vakillari ishtirok etdi. O‘zbekistonda suratga olingan albom premerasi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda 100 ga yaqin post va materiallar e’lon qilindi.
Tadbir doirasida Hofiz Hamidunning O‘zbekistonning boy islomiy, tarixiy va madaniy merosiga bag‘ishlangan foto-ko‘rgazmasi ham namoyish etildi. E’tiborlisi, xonandaning ta’kidlashicha, yangi albom qisqa vaqt ichida 1,4 milliondan ziyod tomoshabin e’tiborini jalb etgan.
Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonning madaniy va sayyohlik salohiyatini Janubi-Sharqiy Osiyo auditoriyasiga yetkazishda zamonaviy media va san’at loyihalarining katta imkoniyatlarga ega ekanini ko‘rsatmoqda.
Mazkur media-loyiha O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi va Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda yurtimizda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mamlakatda ziyorat turizmi uchun yaratilayotgan zamonaviy imkoniyatlarni Janubi-Sharqiy Osiyo jamoatchiligiga yetkazish maqsadida amalga oshirildi.
Hofiz Hamidunning ijodiy loyihasi nafaqat musiqa va san’at sohasidagi hamkorlik, balki O‘zbekistonning Malayziya va ASЕAN mintaqasi bilan madaniy va turizm diplomatiyasining samarali namunasi sifatida ham ahamiyatlidir.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi tobora rivojlanib borayotgan madaniy-gumanitar hamkorlik va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati