“Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” tashabbusi doirasida Respublikamiz hojilari ishtirokida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
Aytib o‘tish joizki, o‘tgan to‘qqiz oy davomida o‘tkazilgan 72 ming 688 ta tadbir doirasida 445 437 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi. Ular bilan tinchlik qadri, shukronalik, yoshlar tarbiyasi, illatlarga barham berish, ilm-ma’rifatga targ‘ib, yot g‘oyalarga qarshi kurashish mavzularida suhbatlar o‘tkazildi.
Ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordamlar berildi.
Ushbu xayrli ishlarga jalb qilingan 11 mingdan ziyod hojilarning hissalari alohida bo‘lmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Shu yil 10 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyat vakili Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida imom-xatib va hojilar Xiva shahridagi mahallalarda bo‘lishdi. Unda kam ta’minlangan, nogiron, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj 56 ta oila holidan xabar olib, ularga zarur ko‘maklar berildi.
Shu bilan birga, adashib turli yot oqimlar, aqidasi buzuq kimsalar ta’siriga tushib qolgan kishilar, ayniqsa, yoshlarga ham hoji ota va hoji onalar muhim tavsiyalar berdi, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishdi.
Natijada 16 ta oilaviy ajrimning oldini olishga harakat qilindi. 10 ta xonadonda zararli odatlarga ruju qo‘yganlarga nasihatlar qilindi. Umumiy hisobda 114 ta oilaga kirilib, targ‘ibot va amaliy yordam tadbirlari olib borildi.
Tadbir so‘ngida Xiva shahridagi jome masjidlarda Vatanimiz ravnaqi, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, mahallalarimiz obodligini so‘rab qilingan xayrli duolar tashriflarga ma’naviy zeb bag‘ishladi.
Darhaqiqat, hoji degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan, Allohning baytini ziyorat qilib, Islomning beshinchi ruknini ado etgan kishi o‘z manfaatlaridan ko‘ra xalqnikini, Vataninikini ustun qo‘yadi. Shu bois u har joyda aziz va mukarramdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati