Cavol: Onanizm (qo‘l bilan shahvatni qondirish)ning hukmi haqida ma’lumot bersangiz. Undan keyin g‘usl qilish shartmi? Ro‘zaga ta’siri bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz aytayotgan narsa shar’iy istilohda “istimno” – ya’ni shahvatini o‘z qo‘li bilan qondirish deyiladi. U shariatimizda harom amal sanaladi.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday deydi: “Ular avratlarini (haromdan) saqlovchidirlar. Illo, o‘z jufti halollari va qo‘l ostidagilar (cho‘rilar) bundan mustasnodir. Bas, albatta, ular malomat qilinuvchi emaslar. Bas, kimki shundan o‘zgani (harom qilingan narsalarni) istasa, bas, ana o‘shalar haddan oshuvchidirlar” (Mo‘minun surasi 5-7-oyatlar).
Qo‘l bilan shahvat qondirishning harom ekaniga ushbu oyati karima dalildir. Ulamolar kishi ayoli yoki qo‘l ostidagi cho‘rilaridan tashqari har qanday yo‘l bilan shahvatini qondirishi – haromdir va qattiq gunohkorlikka sababchidir, deydilar.
Ularning bu fikrlarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan: “Qo‘liga nikohlangan la’natlangandir” (Imom Bayhaqiy rivoyati) degan hadis ham qo‘llab quvvatlaydi.
Fiqh kitoblarida uylanishning bir necha darajalarini sanab o‘tilgan. Shulardan kishi agar zino qilib qo‘yish darajasiga borsa, uning uylanishi vojib ekanligi aytiladi. Uylanishga imkoni bo‘lmaganlarni Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam ro‘za tutishga buyuradilar.
Qolaversa, Alloh taolo O‘zining Kalomida: “Nikoh (imkon)ni topa olmaganlar, to Alloh ularni O‘z fazlidan boy qilgunicha, iffatlarini saqlasinlar”, deya marhamat qiladi (Nur surasi, 33-oyat).
Bu tadbirlarning barchasidan ko‘zlangan maqsad insonni istimno kabi sof insoniy tabiatga zid bo‘lgan jirkanch ishdan tiyilishga undashdir. Qo‘l bilan shahvatni qondirish orqali maniy tushadigan bo‘lsa, g‘usl vojib bo‘ladi va ro‘za buziladi. Bu ishni qilgan odam Ramazondan keyin bir kun qazo ro‘za tutib beradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Savol: Hozirgi kunda ayrim odamlar qabristonlardan o‘zlari, oilasi uchun yer sotib olib, sag‘ana qildirib qo‘yishmoqda. Bu ishlari to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabristonlar omma foydalanishi uchun hukumat tarafidan berilgan umumiy joy hisoblanadi, hech kimning shaxsiy mulki emas.
Shunga ko‘ra unga kimdir egalik qilishi, u joydan yer sotishi yoki sotib olishi mumkin emas. Bizdan avvalgi avlodlar, ota-bobolarimiz qabristondan biror narsani olishga, hatto qurigan giyoh olishdan ham cho‘chiganlar.
Hozirda ham ayrim odamlar qabristondagi meva va o‘t-o‘lanlardan foydalanish haqida ko‘p savol berishlari bejizga emas, ana shu hadikdan paydo bo‘lgan. Ammo ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan kimlar bilandir til biriktirib, yer sotib olish holati oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lmoqda. Bundan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bu nohaqdan yer olish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, bunday deganlar: “Kim bir qarich yerni nohaqdan olsa, qiyomat kuni uni yetti qavat yer yutadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm ila olsa, qiyomat kuni uning bo‘yniga yetti qavat yer osib qo‘yiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu ishning qanchalik og‘ir ekanini tushunmagan odamlar turli vositalar bilan bir qarich bo‘lsa ham birovning yerini o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladilar. Islomda bu ish zulm hisoblanadi va katta gunoh sifatida qoralanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.