frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ulug‘ ayyom kunlarida e’lon qilingan quvonchli qaror

15.03.2025   12997   3 min.
Ulug‘ ayyom kunlarida e’lon qilingan quvonchli qaror

Ilm insonning eng katta, kamaymas, unga sharaf keltiradigan boyligidir. Unga ega bo‘lgan odam nafaqat o‘z hayotini, balki butun insoniyat kelajagini ham ravshanlashtiradi. Haqiqiy olimlar ilm orqali jahon taraqqiyotiga hissa qo‘shadilar, jamiyatga foyda keltiradi, odamlar hayotini yaxshilashga xizmat qiladi. Tarixdagi ulkan olimlar – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ibn Sino, Beruniy, Al-Xorazmiy kabi allomalarimiz dunyo tamadduniga mislsiz hissa qo‘shgan ana shunday ajdodlarimizdan. Ular bizga qoldirib ketgan ilmiy merosni qadrlashga, kelajak avlodlarga yetkazishga bo‘lgan e’tibor esa, kishini to‘lqinlantiradi. 
 

Dunyo musulmonlari qatorida Ramazon oyi shukuhidan bahramand bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz kecha yana bir tarixiy, quvonchli hodisaga guvoh bo‘lishdi. Ulug‘ vatandoshimiz, islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan benazir alloma, kalom ilmining sultoni Imom Abu Mansur  Moturidiyning 1155 yilligini keng miqyosda nishonlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e’lon qilinishi juda ko‘pchilikni mamnun etdi.
 

Qaror bilan tanishar ekansiz, beixtiyor “Olim bo‘lsang, olam seniki” iborasi yodga keladi. Chunki ilmli odam jamiyatda hurmatga sazovor bo‘ladi, o‘z fikri va bilimi bilan nafaqat o‘z davri, balki asrlar osha bashariyat ravnaqiga xizmat qiladi. Qarorda keltirilgan bandlar ham shunga monand. Uning negizini ham ilmga targ‘ib, xalqaro va yurtimiz miyosida ilmiy suhbat, anjumanlar o‘tkazish, ilm ahlini rag‘batlantirish kabi ezgu ishlar tashkil qiladi. Unda joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman qilish, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, g‘oliblar ishtirokida O‘zbekistonda madaniy-ma’rifiy uchrashuv va seminar-treninglar uyushtirish kabi xalqaro jamoatchilik e’tiborini jalb etishga doir ishlar ko‘zda tutilgan. Ayni paytda, yurtimiz bo‘ylab ham ilmga, alloma merosini o‘rganishga keng targ‘ib qilingan. Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasiga imom-xatiblar hamda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Moturidiylik ta’limoti bilimdoni” tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash tavsiya etilgan. Shuningdek, bir qator tegishli tashkilotlar hamkorligida yil davomida joylarda Imom Moturidiyning ilmiy merosiga bag‘ishlangan davra suhbatlari o‘tkazib borilishi, xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Imom Moturidiy va  moturidiylik ta’limotiga mansub allomalar hayoti, ilmiy merosiga oid noyob qo‘lyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tadqiq qilishni tizimli ravishda tashkil etish ishlari belgilangan.


Ta’kidlash kerakki, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” asarlari va moturidiylik ta’limotiga oid asarlar o‘z davrida adashgan toifalarga raddiya berishda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan. Mazkur bebaho ma’naviy meroslar hozirgi murakkab davrda ham juda muhim ahamiyatga egadir.


Darhaqiqat, har qanday jamiyatning taraqqiyoti va rivoji ilm ahliga bo‘lgan e’tibor bilan chambarchas bog‘liq. Ilm-ma’rifatni ustuvor qo‘ygan davlatlar doim taraqqiy etgan. Ulardan buyuk olimlar yetishib chiqqan va jahon miqyosida o‘z o‘rnini topgan. Bugungi kunda ko‘plab taraqqiy etgan davlatlar qatori yurtimizda ham ilm ahli uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Zero, ularga e’tibor berilishi jamiyatda ma’naviy yuksalishni ham ta’minlaydi. Chunki bilimli insonlar nafaqat fan va texnologiya sohasida, balki madaniyat, ma’rifat va axloq sohasida ham ulkan ta’sir ko‘rsatadi. 
 

Zayniddin domla Eshonqulov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Network News Pakistan”: 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi

13.08.2026   37010   2 min.
“Network News Pakistan”: 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi

Pokistonning “Network News Pakistan” elektron nashri “O‘zbekiston turizmi o‘sish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi” sarlavhali axborot maqolani e’lon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

 Unda Butunjahon sayohat va turizm kengashining (World Travel & Tourism Council – WTTC) “Sayohat va turizmning 2026 yilga qadar iqtisodiy ta’sirini o‘rganish” hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan sayyohlik mintaqasiga aylangani ta’kidlangan.

“WTTC o‘z tadqiqotlarini dunyoni 13 ta yirik mintaqaga bo‘lgan holda olib boradi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo turizm sohasini rivojlantirishning bir nechta asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston bu ko‘rsatkichlarning barchasi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchiga aylandi”, – deyilgan manbada.

 Nashrda qayd etilishicha, 2025 yilda turizmning Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan umumiy hissasi 17,7 foizga, sohaning bevosita hissasi esa 19,6 foizga oshgan. Mintaqada turistik xizmatlar eksporti (visitor exports) yil davomida 26,4 foizga o‘sib, 9,9 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.

Mintaqadagi turistik xizmatlar eksporti umumiy hajmining deyarli yarmi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 2025 yilda O‘zbekistonga 4,8 milliard AQSH dollari miqdorida turistik xizmatlarni eksport qilgan. WTTC ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi.

 “Umuman olganda, bu ko‘rsatkichlar turizmning mintaqaviy xarakterga ega ekanini anglatadi. Markaziy Osiyo aholisi ko‘pincha o‘z mintaqasi ichida sayohat qiladi”, – deyiladi maqolada.

“Network News Pakistan” WTTC prognoziga tayanib yozishicha, 2036 yilga borib turizm sohasining Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shadigan umumiy hissasi 29,7 milliard AQSH dollariga yetadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari