Ramazon oyida xufton namozidan so‘ng ado qilinadigan taroveh namozi sunnati muakkadadir. Erkaklar masjidda jamoat bilan o‘qisa, ayollar uyida ado qiladi. Ba’zi fuqaholar: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisda aytgan Ramazondagi tungi ibodatdan maqsad taroveh namozidir», deyishgan.
Taroveh namozi yigirma rakatdir. Ushbu yigirma rakatni o‘nta salom va beshta tarviha (dam olish)da ado qilinadi. Har ikki salomdan so‘ng dam olinadi.
To‘rt mazhab ulamolari tarovehning yigirma rakat ekanligiga bu hadislarni dalil qilishgan: Soib ibn Yazid roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Umar roziyallohu anhuning davrlarida Ramazon oyida sahobalar tarovehni yigirma rakat o‘qishardi» (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Abdulaziz ibn Rofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Madinada Ubay ibn Ka’b Ramazon oyida odamlarga yigirma rakat (taroveh) namozini o‘qib berardi va vitrni uch rakat o‘qirdi».
Ibn Qudoma rahmatullohi alayh «Mug‘niy» nomli kitoblarida taroveh namozini yigirma rakatligiga ijmo qilinganini keltiradi va Imom Molikning «Taroveh o‘ttiz olti rakatdir», degan so‘zlariga raddiya sifatida bunday yozadi: «Ramazon oyida qoim bo‘lib o‘qiladigan taroveh namozi yigirma rakatdir. Ushbu namozni birinchi o‘qigan odam Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdirlar. Ushbu namozni Umar roziyallohu anhu joriy qilgan, deyilishining sababi esa, u kishi Ubay ibn Ka’bni imom qilib, bu namozni jamoat bo‘lib o‘qishni joriy qilgan birinchi shaxs hisoblanadilar.
Ali roziyallohu anhu xalifalik davrlarida Ramazon oyida masjidlar oldidan o‘tib ketayotganlarida ularning shamchiroqlar ila yoritilganini ko‘rib: «Bizning masjidlarimizni yoritgan Umarning qabrini Alloh yoritsin», deb duo qilganlar. (Ya’ni Umar (roziyallohu anhu)ning qilgan ishlarini ma’qullaganlar.)»1
Misr, Mag‘rib, Liviya, Quvayt, Qatar, Suriya, Pokiston, Hindiston kabi o‘lkalardagi deyarli barcha masjidlarda taroveh namozini yigirma rakat o‘qishadi.
Yuqorida aytib o‘tilgan ma’lumotlardan yer yuzidagi barcha musulmonlar tarovehni yigirma rakat o‘qishlari ayon bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida: «Mening ummatim zalolatda jamlanmaydi», deganlar. Demak, tarovehni yigirma rakat o‘qish sunnat hisoblanadi.
Odilxon qori YUNUSXON o‘g‘li
1 Ibn Qudoma. “Mug‘niy fi fiqhil Hanbaliy”. 2-juz. 167-bet.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qanday qilib xonadoningiz jannatga eltuvchi yo‘l bo‘lishi mumkin?!
Sotib olayotgan yoki ijaraga olayotgan uyingiz imkon qadar masjidga yaqin joydan bo‘lsin. Azon tovushi sizni namozlarni jamoat bilan o‘qishga, shuningdek, kundalik namozlaringizni vaqtida ado etishga undaydi.
Biron uyni vatan tutishdan avval qo‘shnilarni yaxshilab so‘rab-surishtiring. Agar ular solih kishilar bo‘lsalar, narxi sal qimmatroq bo‘lsa-da, uyni sotib olishga shoshiling. Yomon qo‘shni turmushingizni izdan chiqarib, hayotingizni zaharlashi mumkin.
Agar hovli-joy qursangiz deraza-oynalaringizni qo‘shnining uyiga ko‘zingiz tushadigan qilib o‘rnatmang. O‘z obro‘ingizni saqlagandek, ularning sha’nlarini ham saqlashga harakat qiling.
Agar iloji bo‘lsa, ayollar va erkaklar uchun alohida eshik qoldiring. Erkak-xotin aralash bo‘lishiga imkon qadar yo‘l qo‘ymang.
Uyingizni baland qilib, qo‘shnilar bilan musobaqalashmang, bezatishda ham isrofga yo‘l qo‘ymang.
Namoz o‘qiydigan alohida xona ajrating.
Keraksiz buyumlarni ko‘paytirib yubormang. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ehtiyojdan tashqari ko‘rpa-to‘shak, kiyim-kechaklardan ogohlantirib: “Er uchun bir ko‘rpa, ayoliga bitta ko‘rpa va bitta ko‘rpa mehmon uchun. To‘rtinchisi shaytonga”[1], deganlar.
O‘g‘il-qiz farzandlaringizga alohida xona ajrating.
Agar zarurat bo‘lmasa uy jihozlarini almashtiravermang. Bu shariat qoralagan isrofning aynan o‘zidir. Agar uy jihozlaringiz ko‘zingizga xunuk ko‘rinayotgan bo‘lsa, ularning joylarini o‘zgartiring. Bu sizga boshqa ko‘rinish imkonini beradi.
Bittadan ortiq televizor o‘rnatishdan saqlaning. Ayniqsa bolalar xonasiga televizor o‘rnatmang. Chunki bu bilan farzandingiz kun bo‘yi bekorchi narsalarni tomosha qilib o‘tirishga odatlanadi.
Kompyuterni ham hammaga ko‘rinib turadigan ochiq joyga o‘rnating.
Kichikroq bo‘lsa-da, kitob javoniga, albatta, joy ajrating.
Ahli ayolingiz, o‘g‘il-qizlaringizga mehr-muhabbatli bo‘ling. Duolaringizda Alloh taolodan oilangizga ikki dunyo saodatini nasib etishini so‘rang.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Muslim rivoyati.