Davlatimiz Rahbarining «Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi» g‘oyasi asosida ayni kunlarda viloyatimizda saxovat tadbirlari izchil davom etyapti.
Bu jarayonda o‘zga millat, boshqa din vakillariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu yil 16 mart kuni Ramazonning 16-kuni (16 mart) Ohangaron tumani bosh imom-xatibi Husniddin domla Boyniyozov boshchiligida tumandagi imom-xatiblar ishtirokida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogiron parvarishlanayotgan 36 ta oila holidan xabar olindi.
Homiylar ko‘magida ularning har biriga 300 ming so‘mlik, jami 11 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Ular orasida rus, tatar, koreys millatiga mansub xonadon vakillari ham bor.
Alloh taolo marhamat qiladi: «Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir» (Saba’ surasi, 39 oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam esa: «Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasam, sadaqa bilan mol kamaymaydi», deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Dunyoda shunday ishlar borki, Alloh taologa suyukli bo‘ladi. Ulardan biri ko‘ngilni shod etish hisoblanadi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Alloh taologa farz ibodatlardan keyin eng maqbul ish – musulmon kishining ko‘ngliga surur (xursandchilik) yetkazishdir”.
Darhaqiqat, o‘zga kishining ko‘nglini olish, uni xursand qilish xayrli amallardandir. Hazrati Alisher Navoiy:
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay, deya bejiz aytmagan.
Musulmonning ko‘ngliga ozor berish esa, xunuk ishlardandir. Bu haqda xalqimizda: “Dilozordan Xudo bezor”, degan naql bor.
Alloh taolo barchamizni o‘zgalarga ozor berishdan saqlab, Alloh taologa suyukli bo‘lgan ishlarni qilishga muvaffaq aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi