Toshkent islom institutining 3-kurs qoriyasi Robiyaxon Muzaffarxonova 30 pora Qur’oni karimni bir kunda, 12 soat davomida yoddan o‘qib berdi.
Qur’oni karimni o‘qish jarayonini “Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchilari Jahongir qori Ne’matov, Ahmadxon qori Rashidov, Valixon qori Azimboyev, Abdulbosit qori Qobilov, Robiya Najmiddinova va boshqa ustoz hamda talabalar kuzatib borishdi.
Toshkent islom instituti rektori, tarix fanlari nomzodi Uyg‘un domla G‘ofurov mazkur natijani e’tirof etib, ustozlarga g‘ayrat va shijoat tiladi. Qur’oni karimni 12 soatda yoddan o‘qib xatm qilgan Robiyaxon Muzaffarxonova noutbuk va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ta’kidlash joizki, “Qur’on ilmlari” kafedrasi ustozlarining mehnati natijasida Toshkent Islom institutida Qur’oni karimni bir kunda to‘liq yoddan o‘qib berish an’anaga aylandi. Bugunga qadar bunday yutuqqa erishgan qoriya talabalar soni 12 nafarga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Shu yil 15 aprel kuni Nukus shahri “Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy” o‘rta maxsus islom bilim yurtining yozgi sport maydonida mini-futbol bo‘yicha "Qoziyot kubogi" final o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Jamoalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan final o‘yini uyushqoqlik bilan qizg‘in o‘tdi. Unda Nukus shahri "Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy" o‘rta maxsus islom bilim yurtining "Do‘stlik" jamoasi 1-o‘rin sohibi bo‘ldi.
Taxtako‘pir va Qorao‘zak tumanlaridan tuzilgan "Dao‘qara" jamoasi 2-o‘rin, Nukus shahri diniy xizmatchilaridan tuzilgan "Orol" jamoasi 3-o‘rin g‘olibi bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida mazkur musobaqa davomida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyotiga qarashli respublikadagi masjidlar imom-xatiblari, imom-noiblari va masjid xodimlari, bilim yurti o‘qituvchilari va xodimlaridan iborat 12 jamoa ishtirok etdi.
Musobaqada g‘olib bo‘lgan jamoalar va yaxshi o‘yin ko‘rsatgan futbolchilarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti va "Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Yakunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari R.Nurazizov va Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razovlar musobaqa ishtirokchilarini g‘alabalari bilan tabriklab, kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati