Adliya vazirligi tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda ilk bor "Nodavlat notijorat tashkilotlari bog‘lari"ni yaratishga start berildi.
2025 yil "Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili" davlat dasturi hamda "Yashil makon" umummilliy harakati doirasida joriy yilning 15 mart kuni Adliya vazirligi tomonidan O‘rmon xo‘jaligi agentligi va nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokida ijtimoiy sheriklik asosida "Nodavlat notijorat tashkilotlari bog‘i" ijtimoiy loyihasi amalga oshirildi.
Loyihaning dastlabki bosqichida 50 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari Toshkent viloyati Ohangaron tumanida "Nodavlat notijorat tashkilotlari bog‘i"ni tashkil etishda faol ishtirok etishdi. Mazkur bog‘ qariyib 2 gektar maydonni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ushbu boqqa 2 mingdan ortiq iqlimga mos manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekish ishlari amalga oshirildi.
"Nodavlat notijorat bog‘lari"da har bir tashkilot uchun alohida hudud belgilab beriladi va ko‘chatlar parvarishi doimiy nazoratda olindi.
Mamlakatimizda yashil maydonlarni kengaytirish maqsadida boshlangan mazkur ezgu loyiha doirasida respublikamizning qolgan barcha hududlarida ham "NNTlar bog‘i"ni yaratish maqsad qilingan.
#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati