Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Aprel, 2025   |   27 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:29
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:17
Xufton
20:38
Bismillah
25 Aprel, 2025, 27 Shavvol, 1446
Maqolalar

Ro‘za miya va ichaklarni qayta tiklaydi

18.03.2025   6307   1 min.
Ro‘za miya va ichaklarni qayta tiklaydi

Ro‘za miya va ichak faoliyatini qayta tiklaydi, bu esa vazn yo‘qotish va salomatlikni yaxshilashga olib keladi.


AQSHning “Frontiers in Cellular and Infection Microbiology” nomli xalqaro jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ro‘za tutish miya faoliyatini va ichak bakteriyalarini sezilarli darajada yaxshilaydi, ortiqcha vaznning yo‘qolishiga hamda umumiy salomatlikning tiklanishiga olib keladi.


Tadqiqotchilar ro‘za tutganlarning salomatligini tekshirishlari natijasida quyidagilarni aniqladilar:

– ortiqcha vazndan xalos bo‘lish (o‘rtacha 7,6 kilogramm – 16,8 funt);

– ichak bakteriyalaridagi ijobiy o‘zgarishlar, xususan yog‘on ichak faoliyati uchun foydali “Coprococcus va Eubacterium hallii” bakteriyasining faollashuvi;

– oziq-ovqat iste’moli va impulslarni nazorat qiluvchi miya to‘qimalarining yaxshilanishi.


Xulosa qilib aytganda, ro‘za oshqozon va ichaklar hamda miya faoliyatini yaxshilanishiga sabab bo‘ladi.


“Ro‘za tutishingiz siz uchun yaxshilikdir” deb marhamat qilgan Alloh taologa hamdlar va “Ro‘za tutinglar, salomat bo‘lasizlar” degan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavotlar bo‘lsin.

 

Davron NURMUHAMMAD

 

 

Boshqa maqolalar

Avliyolar diyori, alplar yurti – Buxoro!

25.04.2025   868   31 min.
Avliyolar diyori, alplar yurti – Buxoro!


Eng qadim kentlarning piri – Buxoro,

Sharif shaharlarning duri – Buxoro.

Daholar maskani, «Tangri jamoli»,

Islom olamining nuri – Buxoro!


Buxoro... 1997 yilda 2500 yillik yubileyi nishonlangan, viloyat sifatida 1938 yilda tashkil etilgan deyilsa-da, miloddan avvalgi ming-ming yilliklarga tutashib ketgandir uning ildizlari.


Xitoycha Buxe, Buxala; arabcha Bumijkat, Faxira; turk-mo‘g‘ulcha Buxor («ibodatxona»); so‘g‘diycha «Bug‘» («Tangri») hamda «oro» («jamol»), ya’ni «Tangri jamoli» kabi nodir ismlar bilan atalgan bu qutlug‘ shahri azimning nomini shunchaki tilga olib bo‘lmaydi. Avval poklanib, ­so‘ngra to‘rt tomonida tog‘day qo‘r to‘kib turgan yetti pirga ta’zim qilgandan keyingina lozim ko‘riladi uning ostonasiga qadam qo‘ymoq.


Yer yuzidagi yuzlab shaharlarning biri emas – o‘rta asrlardayoq Makka, Madina, Quddus, Bag‘dod, Damashq, Mozori Sharif kabi «Sharif» unvoniga sazovor bo‘lgan jahondagi yetti muqaddas qasrning Piri hisoblanadi u. «Malik ul-kalom» nomini olgan Abu Abdulloh Rudakiy, hadis ilmining sultoni Imom al-Buxoriy, allomalar Narshaxiy, Ibn Sino, Daqiqiy, Bal’amiy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Nosir Buxoriy, Hofiz Tanish Buxoriy, Mushfiqiy, Turdi Farog‘iy, Ahmad Donish kabi ne-ne mo‘tabar zotlarning izlari bor Buxoroning tor ko‘chalarida. Tuprog‘ining har zarrasi ko‘zlarga to‘tiyo, Minorai Kalon, Masjidi Kalon, Chor Minor, Mir Arab kabi bulutlarga yondosh minorayu madrasalarining har g‘ishti beadoq doston, har bo‘yog‘i afsonaviy chamanzor bog‘.


Ko‘chalar muyulishidagi mo‘ysafid tutlar, o‘ychan tolu gujumlar barhayot baxshilar misoli bobolarimizning olis armonlaridan, Spitamen na’rasi, Mahmud Tarobiy hayqirig‘i, sarbadorlar qilichining jaranglari, erk-ozodlik yo‘lida kurashgan shavkatli ajdodlarimizning birda shodon, birda vayron, birda to‘zonu to‘fonli kunlaridan dardchil hikoyatlar so‘ylaydi. Shahar osmonida sokin qanot yozgan oq laylaklar, Labi Hovuz bo‘yidagi sertabassum Nasriddin Afandi esa bu dunyo alomatlari qoshida lolu hayron, tabassum qilib turgandek bo‘ladi go‘yo...


Necha yuz yillardan buyon dunyo tabiblariga darslik bo‘lib kelayotgan «Tib qonunlari» muallifi Abu Ali ibn Sino hazratlari, Sulton Boyazid ikkinchi davrida mini­a­tyura san’atini birinchi bo‘lib Turkiyaga olib kirgan o‘zbek san’atkori Bobo naqqoshdan to akademik Ibrohim Mo‘minov va shoir Sadriddin Salimgacha bo‘lgan yana yuzlab allomalarga beshik bo‘lgan bu tabarruk diyor. Uning har giyo­­hi, har daraxti, har yo‘lagi, har nafasi ochilmagan sirlar, aytilmagan alyorlar, yozilmagan dostonlar saltanati – bularni ta’riflash uchun esa, eh-he, necha-necha Firdavsiylar kerak!


Iskandar bosqinlari, Chingiz qutqulari, arabu mo‘g‘ullarning muhorabalari! Buxorxudotlar, somoniylar, shayboniylar zamonida davlat poytaxti bo‘lgan; necha xonu amirlarning toju taxt talashishlaridan, Oqposhsho hiylalari, sho‘ro makri va kazzob Frunzening bombalaridan jonu jahoni vayron Buxoro. Fayzulla Xo‘janing ko‘z yoshlari, jadidlar chekkan qiynoqlar, qirg‘inlardan jigar-bag‘ri ezilgan Buxoro...


Qizil jallodlar 1920 yilning 28 avgust – 2 sentyabr kunlari shaharga qarshi 7000 piyoda, 2500 otliq askar, 40 ta zambarak, 5 ta bronepoyezd tashladi. To‘plardan 12 ming snaryad otildi, 11 ta aeroplan shahar ustida uch kun bomba yog‘dirdi. Shahar, hatto, kimyoviy snaryadlardan o‘qqa tutildi. Qarshi va Samarqand darvozalari tagiga 800 kilogrammdan porox ko‘mib portlatildi. «Buxoroni bosib olish jarayonida 34 guzar, 3 mingdan ortiq do‘kon, 20 ta saroy, 29 ta masjid yonib xarob bo‘ldi, – deb yozadi o‘sha voqealar shohidi bo‘lgan tarixchi Muhammad Ali Baljuvoniy. – Shaharda 3 mingga yaqin hovli yonib batamom kul bo‘ldi. Buxoro shahri qariyb 20 kun yondi... Buxoroning shu darajada xarob bo‘lganini hech bir tarix ko‘rmagan edi». Buxoroliklar «kichik qiyomat» deb atagan bosqin tugashi hamono ikki eshelon (vagon emas, eshelon!) oltin Toshkent orqali Moskvaga jo‘natildi. Bu talovning yana bir guvohi Turkkomissiya vakili G.Safarovning xotirasida mana bunday so‘zlar bor: «Buxoroga kelgan qizil qo‘shinlar, eng avvalo, talonchilik bilan shug‘ullandilar. Ular hammani va hamma narsani taladilar. Umuman, qizillar Buxoroni talash uchun kelgan edilar».


Talonchilik qon-qoniga singib ketgan chorizm qaroqchilari bir emas, o‘n emas, yetmish yil taladilar Buxoroni. Yer osti-yu yer usti javohirlari eshelon-eshelonlab tashib ketilayotganini ko‘rganda alam bilan tishlagan lablaridan tirqirab qonlar oqdi Buxoroning. Chidadi. Ne-ne talovlarni ko‘rgan Buxoro bu safar ham chidadi, qaddini bukmadi.


Nihoyat, mustaqillik quyoshi porlab, qora bulutlar quvib-haydalganda osmon qadar kengayib ketdi Sharif kentning alpona ko‘kraklari. Qoraqumu Qizilqum cho‘llarida shamoldek uchdi erka jayronlar, to‘rang‘ilu saksovullar oy nurlariga ko‘mildi, laylaklar raqsga tushdi baland minoralar ustida. Ohularning dupuriga to‘ldi Dengizko‘lu Sho‘rko‘lu To‘dako‘lu Qoraqir chakalakzorlari.

Ammo...

Dillar xira, ko‘zlar nam edi hali.
Kelajakka ishonch kam edi hali...


Nafaqat Buxoro, balki butun O‘zbekiston «qilichning damiday arqon ustida, kiprikdagi yoshday» turgan dorboz kabi edi o‘sha kunlarda. Qizil imperiyaning yetmish yillik qabohatlari, «o‘zbeklar ishi» deyilmish qatag‘oni hamma ko‘chalarni buzib-kovlab tashlagan, ming-minglab begunoh odamlar kishanband, bolalar yetim, ayollar xo‘rlangan edi Gdlyan, Ivanov degan qashqirlar dastidan. Daryo-yu soylarni loyqadan, dashtu dalalarni achchiq garmseldan tozalash, buzilgan imoratlarni tiklash, yangilarini qurish, obod va to‘kin qilish lozim edi el dasturxonini. Buxoro uchun ham juda og‘ir kechdi mustaqillikning dastlabki yillari. Murakkab kunlarda dunyo tamaddunida Ikkita Evrilish yaratgan bobolar ruhi madad berdi Buxoroyu sharifga. Izdan chiqqan iqtisod, yirtiq-yamoq ust-bosh, o‘ydim-chuqur ko‘chalar xalqning bir mushtga aylanib qilgan mehnatlari natijasida sekin-asta tuzatildi. Qayta tiklandi, ta’mirlandi Buxoroning bir nechta tarixiy obidalari, shaharning 2500 yilligi ulkan bayramga, katta to‘yiga aylanib ketdi. «Yangi O‘zbekiston»ni qurish, Uchinchi Renessans poydevoriga birinchi g‘ishtlarni qo‘yish g‘oyasi, hech shubhasiz, ayricha kuch bag‘ishladi, tafakkur berdi odamlarga. Xalq qalqdi, xalq qo‘zg‘aldi, xalq yanada jipslashdi.

Uyg‘onish damlarida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Buxoroga qilgan tashriflari buxoroliklar qalbini ishonch va g‘ayrat havolariga to‘ldirgani ham chin haqiqat. Bahor yomg‘irlaridan so‘ng to‘lib-toshgan daryolarga, qizg‘aldog‘u bo‘tako‘zlarga ko‘milib borayotgan dalalarga qiyoslash mumkin edi o‘sha damlarni.


Shoir aytganidek, yaratish ishtiyoqi qoplayverdi qadim vohani. Va...


Shu zayl chechaklar kula boshladi,
Ko‘ngillar g‘ayratga to‘la boshladi.
 

Bir qirg‘og‘i qo‘shni Turkmaniston Respublikasi bilan, boshqa qirg‘oqlari mamlakatimizning Navoiy, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan chegaradosh, qariyb 40 ming kvadrat kilometr maydonda tirikchilik qilayotgan 2 million 100 mingga yaqin aholi yeng shimarib ishga tushdi.


Aristontov, Oltintov, Yetimtov, Tomditov, Qultuqtog‘ quchog‘idagi silur, devon, toshko‘mir, bo‘r, paleogen; Muruntov, Aytimtovdagi rangli va nodir metallar; viloyat shimolidagi grafit, oltingugurt, gips, kvars, ohaktosh kabi xazinalar; Otbosim, Kulbeshqoq, Qandim, Oqqum, Doyaxotin, Toshquduq, Gazlidagi konlar belni mahkam bog‘ladi. Yutuqlar yutuqlarga, yangiliklar yangiliklarga ulandi.


Sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi yoki ta’lim deysizmi, sog‘liqni saqlash, sport, turizm yoki tadbirkorlikmi – qay soha bo‘lmasin boychechakdek ochildi. Tarix uchun nihoyatda qisqa, bor-yo‘g‘i sakkiz yilda sakson yillik manzil ishg‘ol qilindi.


Mana, ulardan ayrimlarining raqamlardagi qiyofalari:


– 2017 yilda 17,2 trillion so‘m bo‘lgan yalpi hududiy mahsulot hajmi 2024 yilda 71,6 trillion so‘mga, aholi jon boshiga YAHM 18,2 million so‘mdan 34,7 million so‘mga ko‘paydi.


Jumladan, 2024 yilda 2017 yilga nisbatan:


– sanoat mahsulotlari hajmi 6,6 barobar,


– xizmatlar hajmi 6,3 barobar,


– qurilish ishlari hajmi 6,6 barobar,

– qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 3,2 barobarga oshdi.


2017 yilda 59,8 mingta ish o‘rni yaratilgan viloyatda 2024 yilga kelib, bu ko‘rsatkich 3,9 barobarga o‘sib, 231,5 mingtaga yetdi va 2017 yilda 5,5 foiz bo‘lgan ishsizlik darajasi oxirgi 8 yilda 5,1 foiz qisqarib, 0,4 foiz pasaydi.


2024 yilda 37,3 ming nafar aholi kambag‘allikdan chiqarildi.


Tadbirkorlar soni 37,6 ming nafarga yetib, 2017 yilga nisbatan 25 ming nafarga oshdi. Ularning viloyat iqtisodiyoti (YAHM)dagi ulushi 73 foizga yetdi.


Mahalliy budjet daromadi 2017 yildagi 1,3 trillion so‘mdan 2024 yil yakuni bilan 3,9 trillion so‘mga aylandi.


Mahalliy budjet ixtiyorida qolgan 215,3 milliard so‘m mablag‘lar viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadlariga sarflandi.


Xo‘sh, bu yutuqlarning siri nimada? Yer o‘sha, suv o‘sha, ob-havo o‘sha, odamlar o‘sha – hammasi aslida bor edi-ku?


Ijtimoiy tarmoqda yaqinda e’lon qilingan quyidagi post og‘riqli savolga javob bergandek bo‘ladi, nazarimda: dunyoda Efiopiya, Sudan degan davlatlar borligini hamma biladi. Ularning birinchisida 54 million, ikkinchisida 42 million sigir boqiladi. Ammo bu mamlakatlarning ikkoviyam qoloq va qashshoq. 11 million sigir parvarishlaydigan Niderlandiya esa, jahonni sutli mahsulotlar bilan ta’minlamoqda. Demak, muammo sigirlarda yoki boylikda emas, balki iqtisodiyotni oqilona boshqarishda ekan...


Endi kechagi havolarga zambarak o‘qlari yog‘dirishdan tiyilib, bosib o‘tilgan qadamlarni ozgina tahlil qilsak, ne boisdan egnimiz yupun, dasturxonimiz g‘arib bo‘lgani ravshanlashadi. Demak, mamlakatda boshqaruv siyosatini to‘g‘ri yo‘lga tushirmoq lozim.


Millat va davlat uchun behad tahlikali kunlarda siyo­sat olamida Shavkat Mirziyoyevning paydo bo‘lishi adolatli, shaffof siyosatning o‘rni qanchalar muhim ekanini tezda ayon ko‘rsatdi. Shavkat Mirziyoyev bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki qadim Turonu Turkistonda tarixiy tub burilishlar davri boshlandi. Buni o‘sha kunlarda uncha tushunmaganlar ham bugun yaqqol tushunib turibdilar. Xalqaro anjumanlarda, majlisu mashvaratlarda, suhbatu davralarda dunyo siyosatchilari tomonidan bildirilayotgan e’tiroflarda esa katta hikmat mujassam.


Darhaqiqat, Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelganidan so‘ng siyosiy va iqtisodiy boshqaruv tizimi tubdan o‘zgara boshladi. Jamiyat harakatga keldi. Dimlanib yotgan eshiklar ochildi. Chim bosgan ariqlar, ajriq qoplagan dalalar tozalandi. Shijoatga undaydigan, qo‘liga ketmon, bel berib, o‘ziyam yeng shimarib ishga kirishadigan odam tinmasdan mamlakat kezdi. Fuqarolar holidan xabar oldi, gurunglashdi, dardini, hasratini eshitdi, orzu-umid­larini ro‘yobga chiqarish yo‘llarini qidirdi.


Ko‘p o‘tmay ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ajib yangiliklar sodir bo‘la boshladiki, odamlar asrlar davomida hushi tugul, yetti uxlab tushida ham ko‘rgan emasdi bunaqasini.


Davlat rahbarining tuyg‘ulari, qayg‘ulari, uyqu bermagan bezovtaliklari, butun Buxoroyu azimning tashvishiga, bezov­taligiga aylandi. Keyingi yillari mazkur vohaga qilingan sakkiz tashrif esa qaynar buloq misoli tunu kun uyg‘oq, tiyrak bo‘lishga chorladi hamma-hammani. Yurtboshimiz qalbida hamisha lovullab turguvchi yorqin alanga katta-yu kichikning kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shdi. Iftixor deyilmish mardona tuyg‘ular qaytdi Buxoro tomonlarga ham.


So‘nggi besh yilda Prezidentning viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan sakkizta farmon va qarori qabul qilindi. O‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar va mamlakatimizda ibratli urfga aylangan ilhombaxsh tashabbuslar ming-minglab ko‘ngillarga xurramlik bag‘ishladi, xonadonlarga obodlik, dasturxonlarga fayzu baraka kiritdi, kambag‘allar, ishsizlar kamaydi. Sayxunobod, Zarbdor, G‘ijduvon, Uychi tajribalari asosida 150 mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlandi. 12,9 ming nafar fuqaroga imtiyozli kredit, 2,5 ming kishiga subsidiya ajratildi. 4,2 ming kishi kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi, ular ham ishli bo‘ldilar.


Og‘riqli muammoning yana biri, xorijda ishlayotganlar taqdiri edi. Muammoni hal qilish uchun viloyatning barcha tuman va shaharlarida mahalla yettiligi ishtirokida xatlov o‘tkazildi. Uyma-uy yurib o‘tkazilgan mazkur tadbir natijasida xorijda ishlayotgan va 500 dollardan kam daromad topayotgan 13,5 ming migrantning ro‘yxati shakllandi. Ular bilan onlayn ZOOM elektron platformasi orqali muloqot o‘tkazilib, yurtimizda yaratilayotgan sharoitlar tushuntirib berildi. Natijada bir yilning o‘zida 32,5 ming kishi Buxoroga qaytib keldi. Kelganlar ish bilan ta’minlandi. Xorijda mehnat qilish istagida bo‘lganlar endilikda maxsus dasturiy tizim asosida tayyorlanmoqda – til, kasb-hunar o‘rgatilyapti ularga. Qisqa vaqtda chetda ishlash niyatidagi 3 647 fuqaroning 380 nafari sanoat, 2 242 nafari xizmat ko‘rsatish, 392 nafari qishloq xo‘jaligi, 633 nafari qurilish kabi 20 dan ortiq kasbga o‘qitildi. 1 524 nafariga ingliz, nemis, koreys, yapon hamda rus tillari o‘rgatildi. Maqsad bitta – buxorolik migrant bundan buyon halovatda mehnat qilsin.


Daryoga aylandi irmoqlar, soylar,
Qaddini rostladi muqaddas joylar.
Ahli dun daryo-yu tog‘lar oshdilar,
Shoshdilar, Buxoro tomon shoshdilar.


Shoshdilar... Jahon ahli azal-azaldan jahon xalqlarining havasini keltirgan, o‘n emas, yuzlab noyob arxitektura yodgorliklari, tarixiy manzillari, 1000 yildan buyon go‘zal qiyofasini saqlab kelayotgan Ismoil Somoniy maqbarasi; asrlar davomida Buxoro hukmdorlarining rasmiy yashash joyi bo‘lgan «shahar ichidagi shahar» deyilguvchi Ark qal’asi, Poyi Kalon me’moriy majmui, uning yonidagi Masjidi Kalon va ro‘baro‘sidagi Mir Arab madrasasi, Labi Hovuz va uning atrofidagi Ko‘kaldosh, Nodir Devonbegi madrasa va xonaqolari; shahar tashqarisidagi Buxoro amirining yozgi saroyi bo‘lgan, Oy va yulduzlar o‘rtasidagi joy deya shoirona nomlangan «Sitorai Moxi xosa» saroyi kabi ko‘rku chiroyda tengsiz qadimiy koshonalar o‘lkasi Buxoroni ko‘rmoqqa, ziyorat qilmoqqa shoshdilar.


Ammo Xitoydan Rimgacha olib boruvchi Buyuk Ipak yo‘lining eng muhim chorrahalaridan birida joylashgan; 287 ta arxeologik yodgorligi, 507 ta arxitektura obyekti, 18 ta diqqatga sazovor joyi, 17 ta monumental san’at yodgorligiga ega bo‘lgan viloyatga turistlarning kelishi yaqingacha juda siyrak edi.


Qalovini topsang, qor yonadi. Mamlakat rahbari turizmni yuksaltirish «qalovini» ham topib berdi. Dastlab milliy qadriyatlarni tiklash, rivojlantirish, madaniy merosni, ayniqsa, tarixiy-me’moriy obidalarni kelgusi nasllarga yetkazishga e’tibor berildi. Masjidi Kalon, Chorbakr, Ark qal’asidek qator asori atiqalar ta’mirlandi. Tasavvuf namoyandalari, Naqshbandiya tariqati asoschilari bo‘lgan Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband ziyoratgohlari obod qilindi.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan viloyatdagi 829 ta moddiy madaniy meros obyekti davlat muhofazasiga olindi.


Yurtimizga turistlarning kelib-ketishi bilan bog‘liq to‘siqlarning olib tashlanishi, dunyodagi 93 ta davlat fuqarolariga vizasiz kirish huquqi, 56 ta mamlakatga elektron viza olish, 47 davlatga besh kunlik tranzit vizasiz kirish, 76 davlatga yengillashtirilgan tartibda turis­tik viza olish imkoniyatlarining yaratilishi va konvertatsiya masalasining uzil-kesil hal qilinishi turistlarga katta yo‘llarni ochib yubordi, Buxoro darvozalarini ham.


Faqat 2024 yilning o‘zida 1,7 million xorijlik Buxoro ziyoratida bo‘ldi. Bu raqam 2016 yilda 169,6 mingga yetar-yetmas edi, xolos. So‘nggi yetti yilda turistlar soni 10,2 baravar ko‘payib, valyuta tushumi 11,7 baravar oshdi va 436,3 million dollarga yetdi.


2025 yil yakuniga qadar turistlar oqimini 2,2 million nafarga yetkazish, pul tushumini 600 million AQSH dollaridan oshirish kutilmoqda.


Buxoro zaminida dunyoga kelib Islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Al Buxoriy, Abu Ali ibn Sino, Abu Havs Kabir, Sayfiddin Boxarziy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband kabi ulug‘ olimu ulamolar qoldirgan umumbashariy merosni ziyorat qiluvchilar safi, ayniqsa, ortdi.


Lekin bular hali hammasi emas. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ziyorat yo‘nalishi bo‘yicha Buxoroda har yili 90 milliongacha sayyohni jalb qilish imkoni mavjud. 276 million aholisi bo‘lgan Indoneziyaning o‘zidan 20 million turist kelishi mumkin. Shuningdek, Malayziyadan 7, Singapurdan 1,2, Turkiyadan 10, Erondan 5, Bangladeshdan 8, Hindistondan 20, Rossiyadan 4, MDH davlatlaridan 5 milliondan ko‘proq musulmon ziyoratchilarni jalb qilsa bo‘ladi.


Maqsadga erishish yo‘lida zarur turizm infratuzilmasi, zamonaviy transport logistikasi, qulay shart-sharoitlar yaratish ishlarini amalga oshirish yumushlari allaqachon boshlab yuborilgan. Yetti pir va boshqa ziyorat obyektlarida yirik hajmdagi rekonstruksiya va ta’mirlash-tiklash ishlari bajarildi, zamonaviy mehmonxonalar ishga tushirildi.


Salohiyatli tadbirkor va investorlarning turizm tarmog‘iga qiziqishi kuchaydi. Ular tomonidan so‘nggi 3 yilda 60 ta mehmonxona, 51 ta xostel, 123 ta oilaviy mehmon uyi va 9 xonali motel faoliyati yo‘lga qo‘yildi.


Shuningdek, xalqaro standartlarga mos yana 2 ta 4 yulduzli, 4 ta 3 yulduzli mehmonxona ishga tushdi. «Wyndham», «Mercure», «Sahid» kabi xalqaro brendlar kirib keldi. «Hyatt regency», «Hilton», «Ramada» xalqaro brendlari bugun-erta ish boshlash arafasida.


Yangi mehmonxonalarda 2000 dan ziyod yoshlar 500 dan 1200 dollargacha maosh olgan holda mehnat qilayotgani ko‘ngillarga ayricha shukuh bag‘ishlaydi.


Bulardan tashqari, Romitan tumanida «Bukhara Oasis», To‘dako‘l bo‘yidagi «Silk Road» suv havzalari turistlarni qabul qilmoqda.


«Ark qo‘rg‘oni»ning 100 yil avval vayron qilingan 3 gektarlik qismi arxeologik park sifatida qayta tiklanib turistlarning tashrif obyektiga aylantirildi.


Natijada 2024 yilning o‘zida soha bo‘yicha 18,1 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Ayni paytda 73,3 mingdan ko‘proq aholi shu sohada mehnat qilmoqda, bu raqam 2017 yilda 3 ming atrofida edi...


2024 yilda ichki turizmda 4 million sayyohatchi qayd etildi.


Sohaga e’tibor kuchayishi yangi-yangi madaniy tadbirlar o‘tkazish imkonini yaratdi.


Yana misollarga murojaat qilamiz.


2019 yilning fevral oyida Buxoro shahrida I xalqaro «Ziyorat turizmi» forumi o‘tkazildi. Unda dunyoning 34 davlatidan islom olamidagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, sayyohlik uyushmalari va din ulamolaridan iborat 130 dan ortiq mehmon tashrif buyurdi.


2024 yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan «Ichki turizm yarmarkasi» va «Bukhara Destination Forumi»da, Misr, Eron, Iordaniya, Livan, Jazoir kabi davlatlardan mehmonlar keldi. O‘sha yilning may oyida bo‘lgan yana bir tadbir – «II Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali»da qatnashgan 100 mingga yaqin ishtirokchining 18 mingdan ko‘prog‘i xorijlik turistlar edi.


2024 yilning noyabrida bo‘lgan «Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi» doirasida Vobkent tumanidagi Shirin qishlog‘iga «turizm qishlog‘i», G‘ijduvon tumanidagi «Qo‘rg‘on» mahallasiga «turizm mahallasi» maqomi berildi.


Buxorodagi xalqaro tadbirlarni butunjahon e’tirof etdi. Va:


– Poyi Kalon majmuasi «SHHTning sakkizinchi mo‘jizasi» deya e’tirof etildi;


– Buxoroga «Butunjahon hunarmandlar shahri» maqomi berildi;


– «Diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik» yo‘nalishi bo‘yicha «Buxoro deklaratsiyasi» qabul qilindi;


– Buxoro shahri «Turkiy dunyoning yoshlar poytaxti» deb e’lon qilindi hamda Qohira (Misr) va Bamako (Mali) shaharlari qatori bu shahri azim ham Islom madaniyati poytaxti sifatida muhrlandi.


Bugun shonu shavkati sig‘mas tavsif-ta’rifga,
Olam boqar havas-la Buxoroyu sharifga.


Buxorodagi yuksalishlar haqidagi hikoyamizni davom ettirishdan avval xalqaro tajribalardan birini esga olamiz.


1900 yil butun Amerikada atigi 10 mingta avtomobil ro‘yxatga olingan. Asfalt yo‘llar, yonilg‘i quyish shoxobchalari deyarli bo‘lmagan. Mashina sotib olishga amerikaliklarning qurbi ham yetmagan. Henri Ford degan insonning paydo bo‘lishi hammasini o‘zgartirib yubordi. U tadbirkorligi, aqli-idroki va investitsiyadan samarali foydalanish orqali yirik avtomobil ishlab chiqarish kompaniyasini tuzdi.


Kompaniya 1909 yildan 1927 yilgacha 15 milliondan ziyod mashina ishlab chiqardi. Avtomobillarning ko‘payishi yo‘l qurilishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, bu esa jinoyatlar kamayishiga olib keldi. Po‘lat, shisha, yog‘och, rezina, bo‘yoq, paxta, temir yo‘l relslari, kemalardan foylanishni oshirdi; o‘quv muassasalari, restoranlar, mehmonxonalar qurish, turizm, gaz quyish shoxobchalari, neftni qayta ishlash, davlat patruli, avtomobillarni tartibga solish, avtokreditlar sharoitini yaxshiladi; yaratilgan yangi ish o‘rinlari esa dizaynerlik, tekshiruvdan o‘tkazish, tarqatish, sotuv, reklama, ta’mirlash, moliya, kadrlar bilan ishlash, boshqaruv, eh-he, sanayversang, adog‘i ko‘rinmaydi.


Bitta avtomobilning mamlakat rivojiga ta’sirini qarang!


To‘g‘ri, hamma innovatsiyalar ham Fordniki kabi katta ta’sir kuchiga ega bo‘lavermaydi. Biroq kichik innovatsiya­lar ham mamlakatdagi iqtisodiy va madaniy o‘zgarish uchqunlarini alangalatib yuborishi mumkin.


Bu hikmatda qanchalar haqiqat borligini Buxoro misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Qarang, 2017-2024 yillari Buxoroda 203,1 trillion so‘mdan ortiq bo‘lgan 9 ming 472 ta xorijiy va mahalliy investitsiya loyihalari amalga oshirildi. 5,1 milliard dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, 2018 yilga nisbatan 30,6 barobarga o‘sishga erishildi. Eksportchi korxonalar soni 148 tadan 288 taga, eksport geografiyasi 13 taga ko‘payib, 49 ta davlat qamrab olindi. 139,7 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.


Investitsiyaning ko‘payib, eksport hajmining oshishi barcha sohalar kamolotining omili bo‘ldi. So‘nggi to‘rt-besh yil ichida 13 ming 116 ta xonadondan iborat 411 ta ko‘pqavatli uy-joylar barpo etildi. 3 ming kilometr avtomobil yo‘llari, 1148,4 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanib, 70 dan ziyod ko‘prikda qurilish-rekonstruksiya ishlari bajarildi. 2 ming kilometr elektr tarmoqlari, 695 ta transformator punktlari hamda 9 ming 235 ta yaroqsiz tayanch ustunlari yangisiga almashtirildi.


Qorovulbozor tumanida qiymati 400 million dollarga teng, quvvati 500 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi barpo etildi. G‘ijduvon va Peshku tumanlarida har birining quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalari qurilishi davom etmoqda. 181 ta gaz taqsimlash qurilmasi, 158,5 kilometr gaz quvurlari ta’mirlanib, aholi xonadonlarining gaz ta’minoti yaxshilandi. 3,1 ming kilometr ichimlik suv tarmoqlari, 21 ta suv inshootlari yangidan qurildi hamda rekonstruksiya qilindi. Natijada aholini ichimlik suv bilan ta’minlanish darajasi 54,8 foizdan 73,2 foizga yetkazildi.


Qishloq xo‘jalik mahsulotlari hajmi 24,4 trillion so‘mdan, 41,9 trillionga yetkazilib, 1,7 baravar o‘sdi. 2020 yildan buyon 61,4 ming gektar oborotdan chiqqan yerlar o‘zlashtirilishi natijasida 10 mingdan oshiq aholining bandligi ta’minlandi. Paxta, don, pilla yetishtirish ko‘paydi. Masalan, 2020 yil 546 ming tonna g‘alla yetishtirilgan va o‘rtacha hosildorlik 57,8 sentnerni tashkil etgan edi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yili 618 ming tonnaga aylandi, hosildorlik 82,2 sentnerga yetib, 1,4 barobarga oshdi.


Daromadning ko‘payishi ijtimoiy sohalarning yaxshilanishiga katta ijobiy ta’sir qildi. So‘nggi 5 yilda 894 ta yangi maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 1 258 tadan 2 143 taga yetkazildi hamda maktabgacha ta’limning qamrov darajasi 2020 yildagi 62,5 foizdan 86 foizga o‘sdi. 30 ta xususiy maktablar tarmog‘i yaratildi.


Maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtlariga kirish darajasini 22,3 foizdan 59 foizga yetkazishga erishgan Buxoro muntazam ravishda respublikada eng yuqori o‘rinni egallab kelmoqda.


Sportchilar esa o‘tgan besh yilda xalqaro maydonlarda 547 ta oltin, 601 ta kumush va 1 045 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.


Ha, Buxoro yo‘qotilgan qadimiy shon-shavkatini tiklab boryapti. Ammo kamchiliklar, tuzatish, to‘g‘rilashga muhtoj o‘rinlar ham oz emas.


Viloyatdagi maktablarning 31 tasi, maktabgacha ta’lim muassasalarining 23 tasi ta’mirtalab. 261 ta mahallada toza ichimlik suv muammosi hal qilinmagan. Mavjud 8 ming 392 kilometr suv tarmog‘ining 1139 kilometri esa ta’mirga muhtoj. 1191 kilometrdan ortiq ichki yo‘llarning ahvoli ham achinarli. Islohotlar ko‘zgusi bo‘lmish matbuotga munosabat esa undan battar. Viloyatning otaxon gazetasi hisoblangan «Buxoronoma» bor-yo‘g‘i 1000 nusxa atrofida chop etilyapti. «Kogon hayoti»ning adadi 200 ta... Mahalliy amaldorlar ichida «Bizga gazeta-jurnallarning keragi yo‘q» deydiganlari ko‘payib bormoqda. Korrupsiya, poraxo‘rlik kabi illatlar urchishining sababi shunda emasmikan? O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili korrupsiyaviy qilmish­lari uchun mamlakat bo‘yicha 4906 mansabdor javobgarlikka tortilgan va ulardan 2,3 trillion so‘m zarar undirib olingan. Xo‘sh, javobgarlikka tortilganlar ichida buxorolik mansabdorlar yo‘q deysizmi? Qarindosh-urug‘chilikka ruju qo‘ygan, amal otiga mingach, bosar-tusarini bilmay, el rizqini tuya qiluvchi «rahbarcha»lar, afsuski, yuribdi hozir ham o‘zlaricha «yallo» qilib. Biroq buzoqning yugurgani somonxonagacha. Jinoyatga jazo muqarrar!


Muhimi, ura-urachilik, havoyi maqtovlardan qochib inson qalbini ochadigan, samimiy, kishining g‘am-tashvishini yashirmay baralla aytadigan avlod paydo bo‘ldi. Mana bu yumushni bajar desang, og‘rinib qimirlaydiganlar o‘rnini milliy an’analarni, Vatan manfaatlarini, umuminsoniy qadriyatlarni, milliy tuyg‘ularni ustun qo‘yishga kuchi yetadigan ko‘zi ochiq, toza-pokiza avlod voyaga yetmoqda. Vatan taqdiri bilan bog‘liq yumushlarga mardonavor yelka tutib berayotgan yangi avlod buxoroliklar kuchiga kuch, g‘ururiga g‘urur qo‘shmoqda, ertangi porloq istiqbolga qat’iy ishonch tuyg‘ularini mustahkamlamoqda. Buxoro dovrug‘ini jahonga taratadi Xudo xohlasa bu avlod.


Buxoroning dovrug‘i doston bo‘lgaydir hali,
Ko‘ksi tog‘u, kamoli osmon bo‘lgaydir hali.
Illo, uning qadami o‘qilmagan kitobdir,
Jasorati, shiddati – imkoni behisobdir.
Hali jumla-jahonga bergaydir ko‘rku oro –
Avliyolar diyori, alplar yurti Buxoro.


Ha, avliyolar, valiylar, shayxlar o‘lkasi; kishilik tarixining hamma bosqichlari – paleolit, ya’ni qadimgi tosh asridan boshlab so‘nggi feodalizmgacha bo‘lgan davrlarga oid bebaho arxeologik yodgorliklar qo‘rg‘oni; YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilib, «tirik muzey» sharafiga erishgan makon; noyob zargarlik buyumlari, qorako‘l mahsulotlari va qadimiy «Shashmaqom» zamini bo‘lgan Buxoroda hali ochilmagan qo‘riqlar, kashfiyotchilarini kutib yotgan xazinalarning son-sanog‘i yo‘q. Buxoro xalqining azmu shijoati, maqsadi juda baland.


Baland maqsadlarning eng birinchisi 2025 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmini 82,4 trillion so‘mga, aholi jon boshiga esa 40 million so‘mga yetkazishdir. Inflyatsiya darajasini 10 foizdan 8 foizga tushirish va Buxoroni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish ham rejalarning eng muhim bo‘g‘inlaridan biridir. Yil adog‘igacha 214 ming 611 nafar aholi doimiy va mavsumiy ish bilan ta’minlanadi, 9,5 mingta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 263,42 gektar maydonda sanoat zonalari tashkil qilinadi. 519 ta xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokida umumiy qiymati 34,5 trillion so‘mlik ishlar bajarilib, 14,9 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida 48 ta obyekt quriladi, 6 ming 500 xonadonli 140 ta ko‘p qavatli uy barpo etiladi. Jamoat transporti xizmatlarini yaxshilash uchun 100 ta yangi avtobus olib kelinadi.


Bulardan tashqari, «Yashil makon» umummilliy ­loyihasiga muvofiq, 15,5 million tup daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, 28 ta «yashil bog‘» yaratiladi. Sayyohlar sonini ikki-ikki yarim baravarga ko‘paytirib, shunga yarasha daromad olish kabi ishlar ham joriy yil rejasiga kiritilgan.


Badiiyroq ifodalaganda, Buxoroda bir-biridan ko‘rkam bog‘lar ko‘kka bo‘y cho‘zayotir.


Fidoyi, vatanparvar insonlarning kuchi, g‘ayrati, qalb qo‘ridan mehr olayotgan bu bog‘lar, albatta, mo‘l va shirin-shakar mevalar beradi, Buxoroning dovrug‘i doston bo‘ladi hali...

                 Abdusaid KO‘CHIMOV,

jurnalist (22.04.25 y.)