Shu yil 18 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Toshkent shahridagi "Ibrohim ota" masjidida o‘qilayotgan xatmi Qur’onda ishtirok etdilar.
Muftiy hazratlari jomega yig‘ilgan mo‘min-musulmonlarga Ramazon – ham jisman, ham ruhiy poklanish oyi ekanini bayon etish bilan birga dinimizda ro‘zadorga va’da qilingan mukofotlar haqida mav’iza qildilar.
Manfaatli ma’ruza davomida Shayx hazratlari ro‘zadorga juda ko‘p mukofotlar va’da qilingani, xususan, hadisi shariflarda ro‘zadorning gunohlari mag‘firat qilinishi, do‘zaxdan ozod qilinishi, ro‘za o‘z sohibini jismonan sog‘lom, ruhan boy insonga aylantirishi, Qiyomat kuni shafoatchi bo‘lishi, “Rayyon” deb nomlangan darvozadan chaqirilishi va ro‘zaning mukofotini Alloh taoloning faqat O‘zi berishi haqida so‘z yuritdilar.
Go‘zal suhbat so‘ngida barcha ro‘zadorlarga kuch-quvvat va ularga va’da qilingan ulkan ajru savoblarga ega bo‘lishlarini tilash barobarida yurt tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab, xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Juma kuni o‘n ikki soatdir. Undan qaysi soatda musulmon Allohdan biror narsa so‘rasa, Alloh taolo unga o‘sha narsani berur. Uni asrdan keyingi oxirgi soatda izlanglar", dedilar.
Solihlardan biri aytadi: "Juma kuni asr bilan shom orasida duo qilganimda Robbim duolarimni ijobat qilaverdi. Hatto Robbimdan biron narsa so‘rashga uyaladigan bo‘lib qoldim".
Fazl ibn Fazola rahimahulloh juma kuni asr namozini o‘qigach to quyosh botgunicha duo qilishdan to‘xtamas edi.