Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kechasining toq (kecha)laridan izlanglar”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Qadr kechasining 1 soniyasi 23 soatdan afzal
1 daqiqasi 58 kundan afzal
1 soati 9 yilu 8 oydan afzal
1 kechasi 83 yilu 3 oydan afzal
Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam (oxirgi) o‘n kunlik kirib kelsa belbog‘larini mahkam bog‘lardilar, kechalarini tiriltirar va ahllarini uyg‘otardilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu yilgi ramazon oyining oxirgi toq kechalari:
21 kecha: 20 mart (payshanba)dan — 21 mart (juma)ga o‘tar kechasi;
23 kecha: 22 mart (shanba)dan — 23 mart (yakshanba)ga o‘tar kechasi;
25 kecha: 24 mart (dushanba)dan — 25 mart (seshanba)ga o‘tar kechasi;
27 kecha: 26 mart (chorshanba)dan — 27 mart (payshanba)ga o‘tar kechasi;
29 kecha: 28 mart (juma)dan — 29 mart (shanba)ga o‘tar kechasi.
Shunday ekan, ramazon oyining oxirgi 10 kunligida ko‘proq
- zikr va duo qiling;
- Qur’on tilovat qiling;
- nafl namozlarni ko‘paytiring;
- zakotingizni bering.
- Alloh taoloning mag‘firati va rahmatini so‘rang.
- har kuni xayr-ehson va sadaqa qiling;
- fitr sadaqasini bering!
Allohim barcha mo‘minlarga Ramazonning oxirgi o‘n kunligida Seni rozi qiladigan amallarni qilishga muvaffaq ayla va solih amallarimizni qabul et!
Davron NURMUHAMMAD
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi