Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ahmad ibn Abda Zobbiy aytadi, Hammod ibn Zayd va Mu’tamir ibn Sulaymon bizlarga dedilar, Amr ibn Diynor, u Qaramon Oli Zubayrdir, Solim ibn Abdulloh ibn Umardan, u otasidan, u bobosidan rivoyat qiladi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar: “Kimki bozorga kirganida: “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku valahul hamdu yuhyiy va yumiytu va huva hayyun laa yamutu biyadihil xoyru va huva a’la kulli shayin qodiyr” desa, Alloh taolo unga millionta savob yozadi va millionta gunohini o‘chiradi va unga atab jannatda bir uy quradi”.
Imom Termiziyning “Sunani Termiziy” kitobi, 36-bob, Bozorga kirganda aytiladigan duo. 3429-hadis.
Bir odamning qorni ochdi. U garchi iqtisodiy ahvoli yaxshi bo‘lmasa-da, bir tamaddixonaga kirib, taom buyurtma qildi. Buyurtma tayyor bo‘lgunga qadar derazadan tashqariga qarab o‘tirarkan, ellik yoshlardagi odam tez-tez tamaddixonaga qarab qo‘yayotgani, kirishga jazm qilolmay turganiga ko‘zi tushdi. O‘tgan ketganlar unga e’tibor bermas, u esa aftidan juda och qolgan edi.
Shu payt buyurtma berilgan taom olib kelindi. U esa hech o‘ylanmasdan ovqatni olib, o‘zi och bo‘lsa-da, ko‘chadagi odamga olib chiqib berdi. So‘ng ortiga qaytib, hisobni berishlarini so‘radi. Holatni zimdan kuzatib turgan tamaddixona rahbari xizmatchiga bir qog‘oz berdi. Unda bunday so‘zlar yozilgan edi:
“Insoniylik bebahodir, sizday oliyjanob inson bizning tamaddixonaga kelganidan baxtiyormiz. Ruxsat bersangiz, siz bir miskinni mehmon qilganingiz kabi biz ham sizni mehmon qilsak”.
Xulosa shuki, Alloh taolo hech bir amalni zoye qilmas, bandasini bandasidan qarzdor holda qoldirmas, ehsonga ehson bilan javob qaytarar ekan.
Shunday ekan, imkonimiz borida boshqalarga yaxshilik qilib qolaylik.
Akbarshoh Rasulov