Oylar sultoni Ramazonning har bir kunida saxovat, xayriya tadbirlari Toshkent shahrida ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilyapti.
Ramazonning 20-kuni (20 mart) Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov poytaxtimizning Yunusobod tumaniga tashrif buyurdilar.
Tuman bosh imom-xatibi, imom-domlalar bilan 3 ta kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj oilalar holidan xabar olindi. Ularga ro‘zg‘or uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlari ehson qilindi.
Shunday oilalardan ikkitasida yoshi ulug‘ otaxon va keksa onaxon istiqomat qiladi. Otaxon va onaxon ko‘zlarida yosh ila yurtimiz tinchligi mustahkam, xalqimiz turmushi yanada farovon bo‘lishi so‘rab duolar qildilar.
Alloh taolo Qur’oni karimda: «Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon Zotdir» (Baqara surasi 261-oyat), deb marhamat qilgan.
Alloh taolo bu misol bilan bitta xayrli ish uchun 700 va undan ortiq savob ato etishini bildirmoqda.
Parvardigor ehsonlarni qabul qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan noyob hujjatli film – “Usmon Mus'hafi: Madinadan Movarounnahr sari” nomli loyiha ustida ish boshlanmoqda. Filmda dunyodagi eng qadimiy Qur’on qo‘lyozmasi – VII asrda pergamentga yozilgan, hajmi 53x68 sm bo‘lgan va 353 varaqdan iborat Usmon Mus'hafining Madinadan Movarounnahrgacha bo‘lgan tarixiy yo‘li yoritiladi.
Filmda qo‘lyozmaning yaratilishidan tortib, turli sivilizatsiyalar davrida boshdan kechirgan murakkab tarixiy jarayonlar, uning O‘zbekistonga qanday saqlanib kelgani va hozirda Islom sivilizatsiyasi markazida muqaddas meros sifatida e’zozlanayotgani hujjatlar, tarixiy manbalar hamda mutaxassislarning izohlariga tayangan holda yoritiladi.
Mazkur hujjatli film markazdagi ekspozitsiya tarkibiga kiritilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u ziyoratchilar va mehmonlar uchun muhim ma’naviy-tarixiy tajribani taqdim etadi. Film orqali tomoshabinlar nafaqat Qur’onning tarixiy qadr-qimmati, balki O‘zbekiston zaminining bu bebaho merosni asrab-avaylashdagi tutgan o‘rni haqida chuqur tasavvurga ega bo‘lishadi.
cisc.uz