Oylar sultoni Ramazonning har bir kunida saxovat, xayriya tadbirlari Toshkent shahrida ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilyapti.
Ramazonning 20-kuni (20 mart) Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov poytaxtimizning Yunusobod tumaniga tashrif buyurdilar.
Tuman bosh imom-xatibi, imom-domlalar bilan 3 ta kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj oilalar holidan xabar olindi. Ularga ro‘zg‘or uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlari ehson qilindi.
Shunday oilalardan ikkitasida yoshi ulug‘ otaxon va keksa onaxon istiqomat qiladi. Otaxon va onaxon ko‘zlarida yosh ila yurtimiz tinchligi mustahkam, xalqimiz turmushi yanada farovon bo‘lishi so‘rab duolar qildilar.
Alloh taolo Qur’oni karimda: «Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon Zotdir» (Baqara surasi 261-oyat), deb marhamat qilgan.
Alloh taolo bu misol bilan bitta xayrli ish uchun 700 va undan ortiq savob ato etishini bildirmoqda.
Parvardigor ehsonlarni qabul qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
Shu yil 28 aprel kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbasiddinov boshchigida viloyat vakilligi xodimlari, tuman-shaharlar bosh imom-xatiblari va “Haj – 2024” ziyoratchilaridan iborat ishchi guruhi a’zolari uchun Pop tumanidagi “Kichik Xo‘jabod“ jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda Pop tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tavsiya va ko‘rsatmalar berilib, Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
1. Imom-xatib “Haj – 2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etish;
2. Imom-xatibning masjidni boshqarish faoliyatini yaqindan o‘rganish va unga ko‘mak berish;
3. Imom-xatib uchun namuna tarzida peshin namozi vaqtida masjidga kelganlarga dolzarb mavzuda ma’ruza qilib berish.
Yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha Ishchi guruh a’zolari Pop tumanida ish olib bordi.
Shuningdek, Ishchi guruh a’zolari Pop tumanidagi masjidlar hududidagi mahalliy xonadonlarga kirib, ularning hol-ahvoli so‘raldi. Xususan, yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, muammolari o‘rganildi, taklif, fikr-mulohazalari tinglandi va keksalardan yurtimiz haqqiga duoi hayrlar olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati