frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Laylatul qadr qaysi kechada ekanini bilasizmi?

24.03.2025   20681   9 min.
Laylatul qadr qaysi kechada ekanini bilasizmi?

Laylatul qadrga yetishish va unda berilajak ajr-mukofotlardan bahramand bo‘lish har bir musulmon orzusi. Shunday ekan, bu muborak tunni qaysi kechadan izlamoq kerak?

Dastlab, Qadr Ramazon oyining nechanchi kechasi ekani Alloh va Rasuli tomonidan sir tutilgan edi. Lekin sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan Qadr kechasini aniqlab aytib berishlarini qayta-qayta so‘rashgach, u zot avval oyning uchinchi o‘n kunligidan, keyinroq oyning oxirgi yetti kechasidan, so‘ngra oyning oxirgi o‘n kunligining toq kechalaridan izlash kerakligi haqida aytganlar va hokazo. Shunga ko‘ra, manbalarda bu borada kelgan ma’lumotlar turlichadir. Demak, Qadr kechasini quyidagi vaqtlardan topish mumkin ekan:

Yil davomida. Ba’zi ulug‘ zotlar odamlar yilning ma’lum bir kechasiga suyanib, faqatgina o‘sha tunni g‘animat bilib, uni ibodat bilan bedor o‘tkazib, qolgan kechalarga beparvo bo‘lib yurmasinlar degan maqsadda, bu muborak kechani topmoqchi bo‘lgan kishi yil davomida izlashi kerak, deyishgan.

Tabiiyki, bu juda mashaqqatli bo‘lib, unga hamma ham qodir bo‘lolmaydi. Zero, Islom yengillik dinidir. Alloh taolo bandalariga toqatidan tashqari narsani yuklamaydi. Dinimizda har bir masalada kishining holati inobatga olinadi, hatto ibodatda ham. Masalan, sog‘lom kishi namozni tik turib o‘qisa, unga toqati yetmaganlar o‘tirib imo-ishora bilan ado etadi va hokazo. Alloh taoloning mehribonligini qarangki, sog‘lom odam namoz o‘qiganida, unga qancha savob berilsa, ixlos bilan o‘tirib, imo-ishora bilan o‘qilgan ibodatga ham o‘shancha ajr yoziladi. Agar bularga ato etiladigan savoblar ayricha bo‘lganida edi, bemorlar, qarilar va zaiflar singari odamlar kuch-quvvati bor sog‘lom kishidek savob qozonishlari mumkin bo‘lmay qolardi. Bu esa, zulmdir. Holbuki, Alloh subhonahu va taolo hech kimga zulmni ravo ko‘rmas. Demak, Qadr kechasi haqida keltirilgan ma’lumotlar ham shunga qiyoslanadi. Zero, Qadr kechasini topish ham ulug‘ ibodatdir.

Ramazon oyidan. Shunday qilib, yil davomida Qadr kechasini izlash imkoniyati yo‘q kishilar qanday yo‘l tutishlari kerak? Ular mazkur kechani Ramazon oyidan qidiradilar. Demak, mazkur kechani topish yanada qulaylashdi, yildan oyga qisqardi.

Ramazon oyining oxirgi dahasidan. Bu muborak kechani Ramazon oyi davomida topish ko‘pchilikka og‘irlik qildi, deylik. Endi, ular Ramazonning oxirgi o‘nligidan qidirishlari kerak. Zero, Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirar va:

تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ

«Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi o‘nligidan izlanglar» der edilar (Muttafaqun alayh).

Demak, shart-sharoiti ko‘targan kishilar shu kechalar ichidan topishga harakat qiladilar. Bu, Laylatul qadrni topish oydan o‘n kechaga qisqardi, deganidir.

Ramazon oyining oxirgi yetti kechasidan. Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi dahasidan topishga ham toqati yetmaganlar uni oxirgi yetti kechadan qidirishlari mumkin. Zero, Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinishicha, sahobalardan ba’zilari tushlarida Laylatul qadrni oxirgi yetti (kecha)da ekanini ko‘rishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar:

أَرَى رُؤْيَاكُمْ قَدْ تَوَاطَأَتْ فِي السَّبْعِ الأَوَاخِرِ فَمَنْ كَانَ مُتَحَرِّيهَا فَلْيَتَحَرَّهَا فِي السَّبْعِ الأَوَاخِرِ.

«Sizlarning tushingiz oxirgi yetti kechaga muvofiq kelayotganini ko‘ryapman. Kim u (kecha)ni izlamoqchi bo‘lsa, oxirgi yetti (kecha)da qidirsin» (Muttafaqun alayh). Zotan, haqiqiy mo‘minning ko‘rgan tushi vahiy kabidir. Zero, azon sahobalar roziyallohu anhumning tushlari tufayli joriy bo‘lgani tarixdan ma’lum. Endi u zotlarning tushlari sharofatidan Laylatul qadrni izlash o‘n kechadan yetti kechaga qisqardi. Bu ham qulay imkoniyat.

Ramazon oyining oxirgi o‘n kechasining toqlaridan. Bu Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi yetti kechasidan izlashga ojiz kishilar uchun yo‘ldir:

عَنْ عَائِشَةَ رَضِي الله عَنْهَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْوِتْرِ مِنَ الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِي.

Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kechasining toq (kecha)laridan izlanglar» (Ikki Shayx va Termiziy rivoyati).

Demak, Qadr kechasini topish yettidan besh kechaga qisqardi. Ular Ramazonning yigirma birinchi, yigirma uchinchi, yigirma beshinchi, yigirma yettinchi va yigirma to‘qqizinchi kechalaridir. Ha, bu muborak kechalar ham Laylatul qadrni topish uchun qulay fursatdir.

Ramazon oyining yigirma birinchi, yigirma uchinchi va yigirma beshinchi kechalaridan. Bu yuqoridagi besh kechaga toqati yetmaganlar uchun qulay fursatdir:

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي الله عَنْهما أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: الْتَمِسُوهَا فِي الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي تَاسِعَةٍ تَبْقَى فِي سَابِعَةٍ تَبْقَى فِي خَامِسَةٍ تَبْقَى. رواه البخاري.

Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Laylatul qadrni Ramazondan oxirgi o‘n (kechasi)da izlanglar: to‘qqiz kecha qolganda, yetti kecha qolganda, besh kecha qolganda» (Imom Buxoriy rivoyati). Demak, Laylatul qadrni topish besh kechadan uchga qisqardi. Shunga ko‘ra, bu Ramazonning yigirma birinchi, yigirma uchinchi va yigirma beshinchi kechalaridan topish kerak bo‘ladi.

Ramazonning yigirma yettinchi kechasidan. Mazkur uch kechaga ham majoli yetmaganlar Qadr kechasini Ramazonning yigirma yettinchi kechasidan izlashga imkonlari bor. Zero, bu ulug‘ tun Ramazonning aynan shu kechasida ekaniga dalolat qiladigan hadislar ko‘pdir. Jumladan, Muoviya ibn Abu Sufyon (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:

لَيْلَةُ الْقَدْرِ لَيْلَةُ سَبْعٍ وَعِشْرِينَ

«Laylatul qadr yigirma yettinchi kechadadir» (Imom Abu Dovud va Ahmad rivoyati).

Mashhur sahobiy Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Qadr kechasi haqidagi aytgan alomatlaridan aniqlab, jazm bilan uni yigirma yettinchi kechada ekanini ta’kidlaganlar. Uning alomati o‘laroq, o‘sha kechaning barakotlariga guvoh bo‘lish uchun juda ko‘p farishta osmondan yerga tushib-chiqar ekan. Ularning ko‘pligidan quyosh yog‘dusi to‘siladi. Shu bois, o‘sha kechaning tongida quyosh tog‘araga o‘xshab, atrofga ziyo sochmay ko‘tarilarkan.

Qadr kechasi Ramazon oyining yigirma yettinchisida ekani Islom olamida mashhurdir.

Demak, bu muborak oyni g‘animat bilib, imkoni bo‘lsa, barcha kechalarida ibodatga bel bog‘lab, bedor o‘tkazishga, ayniqsa, yigirma yettinchi kechaga alohida e’tibor qaratish kerak. Shu bilan birga, bu muborak kechada, ahli oila, yoru do‘stlarni ham ibodatga chorlash maqsadga muvofiqdir. Alloh taolo o‘sha kechaning barakotidan ming oylik ibodatning savobidan ko‘ra ko‘proq ajr berishidan umidvor bo‘lish lozim. O‘sha kechada qilingan ibodat va duolar fazlidan o‘tgan gunohlarning kechirilishini umid qilish darkor.

Ramazonning oxirgi o‘n kechaning biridan. Rivoyatlarda kelishicha, Payg‘ambari­miz sollallohu alayhi vasallam Qadr kechasini izlamoqchi bo‘lib, Ramazonning avvalgi va o‘rta o‘n kunliklarida e’tikof o‘tirdilar. Shunda tushlarida u tun Ramazonning oxirgi o‘n kunligida ekani, o‘sha kechaning alomati o‘laroq u zot tongda loy hamda suvga sajda qilishlarini ko‘rdilar. Buni kishilarga aytib, ularni ham e’tikof o‘tirishga chorladilar. Bir kuni tongda yomg‘ir yog‘di. Masjidi Nabaviyaning tomi xurmo shoxlari bilan yopilganidan, diyarli yomg‘irning ko‘p qismi masjid yeriga tushar edi. Bomdod namozi o‘qilganida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak peshona va burunlari uchiga loy hamda suv tegdi. Shunda sahobalar darhol Laylatul qadr alomatini esladilar. O‘shanda Ramazonning yigirma birinchi kechasi edi. Boshqa rivoyatda esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Menga Laylatul qadr ko‘rsatildi. So‘ngra xotiramdan ko‘tarildi. Menimcha, o‘sha kechaning tongida loy va suvga sajda qilsam kerak», dedilar. Shunda Ramazonning yigirma uchinchi kechasida yomg‘ir qo‘ydi».

Ulamolar Laylatul qadr har yili ko‘chib yuradi, bir yil u kechada, keyingi yil bu kechada, deganlar. Shu e’tibordan, u kechani topmoqchi bo‘lgan kishi Ramazon oyining hamma kechalarini ibodat bilan o‘tkazsa, albatta, uni topadi. Alloh taolo hammamizni bu ulug‘ onlarning fayzu barakotidan nasibador qilsin, duolarimizni ijobat aylasin, gunohlarimizni afv etsin, tavbalarimizni qabul qilsin. Bu muborak oyning sharofatidan butun dunyoga, ayniqsa, yurtimizga tinchlik-xotirjamlikni bardavom aylasin. Omin!

Tolibjon QODIROV 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

19.08.2026   26347   4 min.
Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.

Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.

Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.

Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.

Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.

Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.

Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.

Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar