Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Aprel, 2025   |   25 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:32
Peshin
12:26
Asr
17:11
Shom
19:15
Xufton
20:35
Bismillah
23 Aprel, 2025, 25 Shavvol, 1446
Maqolalar

Ramazonda qilinadigan amallar

11.03.2024   3274   4 min.
Ramazonda qilinadigan amallar

Ramazon boshqa oylar kabi oddiy o'tib ketmasligi kerak. Shu ma'noda quyida Ramazonda qilinadigan ayrim amallar haqida qisqa to'xtalib o'tamiz.

Qarindosh-urug' va beva-bechoralar holidan xabar olish.

Bu ishni yil bo'yi qilish kerak. Ammo silai rahm va mehr-muravvat ko'rsatish Ramazonda yanada maqsadga muvofiq. Bunda faqat moddiy jihat asosiy o'rinda bo'lmaydi. Balki imkonini topganlar moddiy tarafdan, boshqalar yaxshi muomala, ochiq chehra va tabassum, ikki og'iz shirin so'z bilan bo'lsa ham odamlar qalbiga xursandchilik kiritishlari, beva-bechoralar ko'nglini tog'dek ko'tarishlari mumkin.

Bu oyda imkoni borlar qiynalgan, qarovchisini yo'qotgan miskin va bechoralarga moddiy tarafdan yordam bersalar, ularning duosi sharofatidan dunyo va oxirat ishlariga baraka kiradi. Ko'pchilik Ramazonda iftorlik qilib kimo'zarga o'ynaydi. Aslida iftorlikning eng yaxshisi haqdorlarga taom berish va ularni libos bilan ta'minlashdir. Mana shunisi Alloh dargohida husni maqbul bo'ladi.

Gina-kuduratlarga barham berish.

Ramazon kishilar o'rtasidagi adovat, janjal, arazlashish, gina-kuduratlarga barham berish oyidir. Sababi do'stu yor, aka-uka, opa-singil, qaynona-kelin o'rtasida nizo bo'la turib, tutilgan ro'zalar, qilingan xatmi Qur'on va boshqa savobli ishlar mukammal bo'lmaydi. Balki hamma ishni orani isloh qilishdan boshlash kerak. Bunda bir taraf ikkinchi tarafdan o'zini past olib, aybi bo'lmasa ham isloh taklifi bilan chiqsa juda yaxshi bo'ladi. O'zi birov bilan urushmagan taqdirda ham qaysi bir banda arazlashganlar orasini isloh qilsa, katta ajr va martabalarga erishadi.

Bo'ynidagi qarzlarni to'lash.

Albatta agar imkoningiz bo'lsa, kechiktirmay darrov olingan qarzni qaytaring. Shunda qarz bergan odam ham xursand bo'ladi, qalbingizga xotirjamlik kiradi. Agar imkoningiz bo'la turib, qarzni cho'zib yursangiz katta gunohga qolasiz, qarz bergan odamga zulm qilgan, uning haqqini eb yurgan bo'lasiz.

Shu o'rinda imorat qurgan, biron qurilish qilayotgan kishilar ustalar haqqini berishni unutgan yoki paysalga solib yurgan bo'lsalar, usta haqini berishlari lozimligini ham alohida eslatib o'tamiz. Hizmat qilgan odam haqini bermay cho'zib yurish musulmon odamga to'g'ri kelmaydigan ishdir. Zero, hadisi shariflarda to'lashga imkoni bor bo'la turib qarzini paysalga solib yurish zulm ekanligi ta'kidlanadi.

Qarz masalasi ochilganida beixtiyor odamlarning davlatdan qarzdorligi yodga keladi. Davlat bizga suv, gaz, elektr energiyasi kabi hayotiy muhim narsalarni etkazib beradi. Buning uchun ular haqqini to'lab qo'yish ham kerak. To'g'ri bu ne'matlarning yaratuvchisi Alloh.

Bunga shak-shubha yo'q. Ammo oddiy odam davlat yordamisiz erdan gaz qazib ololmaydi, suvga to'g'on o'rnatib, o'z xohishicha energiya chiqara olmaydi yoki tog'dan kelayotgan suvni tozalab, o'z uyigacha olib kelolmaydi. Bu davlatning ishi. Bu ishlar o'z-o'zidan bo'lmaydi. Buning uchun sarf-xarajat qilish, ishchilarga oylik berish kerak. Biz to'laydigan pullar mana shunday harajatlarga ketadi. Hullas, Ramazonda davlat oldidagi qarzlarimizni ham to'lab qo'yishimiz lozim.

Mahallalar pokizaligiga e'tibor berish.

Mahallalar, ko'cha-ko'y va uylarimiz obodligi, pokizaligi bilan Ramazonning fayziga fayz qo'shiladi. Sababi poklik imondandir. Bu ishni Ramazondan boshqa vaqtlarda ham qilish kerak. Ammo Ramazonda tozalikka, poklikka yana ham e'tiborliroq bo'lish talab etiladi. Avvallari momolarimiz Ramazondan oldin uy ko'tarar qilishardi. Mana shu ezgu amalni davom ettirish biz avlodlar burchidir. Bunda erkaklar bosh-qosh bo'lib, ayollar bilan hamkorlikda, ahillikda ish olib borsalar maqsadga muvofiq bo'ladi. Poklik deganda faqat uylar pokligi emas, balki libos, qolaversa qalb pokligi ham nazarda tutiladi.

Odilxon qori Yunusxon o'g'li

 

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qatar vaqf va islom ishlari vazirligi bilan hamkorlik rivojlanadi

21.04.2025   3929   1 min.
Qatar vaqf va islom ishlari vazirligi bilan hamkorlik rivojlanadi

Joriy yil, 18 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Qatar vaqf va islom ishlari vaziri G‘anim bin Shahin al-G‘anim bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot avvalida O‘zbekiston va Qatar aloqalari rivojlanayotgani, ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari, oliy darajada imzolangan hujjatlar hamkorlikning jadal taraqqiy etishida muhim omil ekani ta’kidlandi.

Martabali mehmonga yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, e’tiqod erkinligi yo‘nalishidagi yangilanishlar va ko‘p millatli xalqimiz uchun taqdim etilayotgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ayniqsa, «Vaqf» xayriya jamoat fondi, ilmiy-tadqiqot markazlari, masjid-madrasalar, Fatvo markazi, Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari delegatsiyada katta qiziqish uyg‘otdi. 

G‘anim bin Shahin al-G‘anim O‘zbekistonga ilk tashrifidan mamnun ekani, bu zamin dunyo tamadduni markazlaridan biri ekani, ulug‘ mutafakkirlarimiz bashariyat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgani, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi allomalar butun olamga mashhur ekanini e’tirof etdi.

Uchrashuvda diniy soha xodimlari malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqot, ta’lim-tarbiya va ziyorat turizmi yo‘nalishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Mehmonlar “Hazrati Imom” majmuasini ziyorat qilib, osori-atiqalarni saqlash, ilmiy-ma’naviy merosni asrab-avaylash va islom ma’rifatini keng targ‘ib etish borasida olib borilayotgan tarixiy ishlarni yuqori baholadi.

Shuningdek, martabali mehmonlar Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida ham bo‘lib, oliy ma’had faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. 

“Hazrati Imom” masjidida o‘qilgan juma namozidan so‘ng ikki davlat hamkorligi yanada taraqqiy etishi, din yo‘lida qilinayotgan xizmatlar bardavom bo‘lishini tilab  duo qilindi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Qatar vaqf va islom ishlari vazirligi bilan hamkorlik rivojlanadi Qatar vaqf va islom ishlari vazirligi bilan hamkorlik rivojlanadi Qatar vaqf va islom ishlari vazirligi bilan hamkorlik rivojlanadi Qatar vaqf va islom ishlari vazirligi bilan hamkorlik rivojlanadi Qatar vaqf va islom ishlari vazirligi bilan hamkorlik rivojlanadi Qatar vaqf va islom ishlari vazirligi bilan hamkorlik rivojlanadi Qatar vaqf va islom ishlari vazirligi bilan hamkorlik rivojlanadi Qatar vaqf va islom ishlari vazirligi bilan hamkorlik rivojlanadi Qatar vaqf va islom ishlari vazirligi bilan hamkorlik rivojlanadi
O'zbekiston yangiliklari