Hayitda ota o‘g‘liga oyoq kiyim olib berish uchun bozorga olib bordi. Do‘konda o‘g‘li bir oyoq kiyim yoqqanday bo‘ldi. Shu payt do‘kon yonidan bir bola narsa sotib o‘tib qoldi. U do‘konga mo‘ralab, sotayotgan yeguligidan olishga chorlarkan, otasi oyoq kiyim olib berayotgan bolaga havaslanib qarab qoldi. Ota o‘g‘lining e’tibori tengdoshiga tushganini ko‘rdi. O‘g‘li uning eskirib ketgan kiyim-boshiga qarab, achinganini sezdi. Boyagina o‘ziga yoqqan oyoq kiyimni kiyib, shodlangan chehrasi mayuslashdi.
Ota o‘g‘lidan: “U bolani ham xursand qilmoqchimisan?”, deb so‘radi. O‘g‘lining yuz-ko‘zlari quvonchdan porladi: “Otajon! Unga ham shu oyoq kiyimdan olib berasizmi?” deya otasini quchoqlab minnatdorlik bildirdi. Ota narsa sotib yurgan bolani chaqirdi. O‘g‘liga olib bergan oyoq kiyimdan unga ham olib, kiydirdi. Bola oldiniga ishonqiramadi.
So‘ng xursand bo‘lganidan yig‘lab yubordi. Bu saxovatli amakiga rahmat aytib, qo‘lini o‘pmoqchi bo‘ldi. Amaki esa uning boshini silab: “Hayit muborak bo‘lsin, bolam!” dedi. “Sizga ham bayram muborak bo‘lsin, pullaringiz bundan ham ko‘paysin!” deya tezda javob qaytardi bola. Ota zimdan o‘g‘liga qaradi. Uning xursandligini ko‘rib, Alloh taologa shunday salim qalbli farzand bergani uchun shukronalar aytdi. O‘ylab qarasa, u o‘g‘liga hayitlik uchun bir oyoq kiyim olib beribdi. O‘g‘li esa unga bebaho narsalar – yaxshilik qilishning huzuri va shukronalik tuyg‘usini hadya qilibdi.
Haqiqiy hayitlikni Alloh taolo uchovlariga ham ato etibdi.
Yaxshilik qilish bandani jannatga olib borishi Qur’oni karim va hadisi shariflarda juda ko‘p aytilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sizlardan birortangiz o‘zi yaxshi ko‘rgan narsasini birodariga ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi”, deganlar.
Akbarshoh Rasulov
Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 17–18 oktyabr kunlari Bag‘dod shahrida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 52-sessiyasida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, mojarolarni hal etish, terrorizmga qarshi kurashish va Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Bahromjon A’loyev nutqida islom dunyosining muloqoti va birdamligini mustahkamlash, mojarolarni faqat siyosiy-diplomatik vositalar, muloqot va muzokaralar orqali tinch yo‘l bilan hal etish muhimligini ta’kidladi. U O‘zbekistonning Falastin masalasi bo‘yicha prinsipial pozitsiyasini bayon qildi hamda Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi va uning mintaqaviy integratsiyasiga ko‘maklashish zarurligini ta’kidladi.
Ma’rifiy islomni targ‘ib qilish, ilmiy-madaniy hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashda Markaziy Osiyo tajribasidan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.
Sessiya doirasida IHTga a’zo davlatlar vakillari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilib, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy hamkorlik va xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati