JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim. Ramazon – Qur'oni karim nozil bo'lgan oy bo'lgani uchun, aynan Qur'oni karimni boshqa oylarga nisbatan ko'proq o'qish tavsiya qilinadi. Zero, Qur'oni karim eng ulug', eng afzal zikrdir. Bundan tashqari tasbih (Subhaanalloh), tahlil (Laa ilaaha illalloh), istig'for (Astag'firulloh), hamd (Alhamdulillah), takbir (Allohu akbar) va Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga salavot aytish ham eng afzal zikrlar sanaladi. "Alloh, Alloh", deb yurish ham zikrning eng tilga oson ko'rinishidir. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Ibn Qoyyim rahimahulloh: “Juma kunida sadaqa berishning haftaning boshqa kunlariga nisbatan fazli, Ramazon oyida sadaqa berishning boshqa oylarda sadaqa berishga nisbatan fazli kabidir”, dedi.
Juda oz bo‘lsa ham, kuniga sadaqa qilishni odat qil. Chunki sadaqa:
• Allohning g‘azabini o‘chiradi;
• kasallikka davo bo‘ladi;
• mol-mulkingni poklaydi;
• Qiyomat kuni soya bo‘ladi;
• inson vafotidan keyin ham ajr-savobni ko‘paytirib turadi.