Sayt test holatida ishlamoqda!
07 May, 2025   |   9 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:42
Quyosh
05:13
Peshin
12:25
Asr
17:20
Shom
19:30
Xufton
20:55
Bismillah
07 May, 2025, 9 Zulqa`da, 1446

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ko‘ksaroy” qarorgohida o‘tkazilgan iftorlik marosimidagi nutqi

26.03.2025   7693   9 min.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ko‘ksaroy” qarorgohida o‘tkazilgan iftorlik marosimidagi nutqi

Bismillahir rahmonir rahim.

Assalomu alaykum, muhtaram vatandoshlar, nuroniy otaxon va onaxonlar!

Qadrli mehmonlar!

Ciz, azizlarni, butun xalqimizni, uzoq-yaqindagi jamiki musulmon ummatini davom etayotgan muborak Ramazon oyi bilan yana bir bor samimiy tabriklayman. Barchangizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik va farovonlik yor bo‘lishini tilayman.

Ushbu sharofatli oyda go‘zal diyorimizda mana shunday fayzli iftorlik marosimini el-yurtimiz bilan birgalikda o‘tkazish nasib etgani uchun mehribon va qudratli Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi davramizda ishtirok etayotgan hurmatli mehmonlarimizga – xorijiy davlatlarning elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillariga, diniy konfessiyalar rahbarlariga Vatanimiz va xalqimizga ko‘rsatayotgan yuksak ehtirom va e’tiborlari uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Aziz do‘stlar!

Cizlarga ma’lumki, so‘nggi yillarda milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni zamon talablari asosida rivojlantirish bo‘yicha ko‘p ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Bu borada “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya bizning faoliyat dasturimizga aylanmoqda. Shu asosda millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir vatandoshimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash ijtimoiy hayotimizda yetakchi o‘ringa chiqmoqda.

Fuqarolarimizning vijdon erkinligi sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlari to‘liq ta’minlanayotgani bu yil Ramazon oyida yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Muqaddas dinimiz buyurgan xayrli amallar – ahillik va hamjihatlik, mehr-saxovat, sabru qanoat, axloq-odob, ilmu ma’rifat fazilatlari jamiyatimizda tobora mustahkam bo‘lib bormoqda. Xususan, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur o‘rganish, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, ulug‘ allomalarimizning boy merosini to‘plash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor berilmoqda.

Ana shu ezgu maqsad yo‘lida Toshkent shahrida bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonda ilk bor amalga oshirilayotgan ulkan ilmiy-ma’naviy loyiha sifatida mamlakatimiz va xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Ushbu markaz necha ming yillik taraqqiyot yutuqlarini o‘zida mujassam etib, islom sivilizatsiyasi yurtimizda aynan ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat va ma’rifat asosida rivojlanganini tasdiqlaydi. Bu maskan biz uchun nafaqat o‘tmish yodgorligi sifatida, balki xalqimiz, yoshlarimizni kelajak sari chorlashi, buyuk kashfiyotlarga ruhlantirishi bilan ayniqsa e’tiborlidir.

Xabaringiz bor, ulug‘ vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning Samarqandda barpo qilinayotgan muazzam majmuasi qurilishi ham jadal davom ettirilmoqda. Bu yerda buyuk ajdodimiz hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan muzey va ilmiy dargohlar bilan birga, 10 ming kishilik masjid ham bunyod etilmoqda.

Nasib etsa, bu yil ana shu ikki muhtasham obidani – Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasining ochilish marosimini barchamiz birgalikda tantanali ravishda o‘tkazamiz.

Xalqimizning islom dini va falsafasiga qo‘shgan bebaho hissasini yanada teran o‘rganish maqsadida yaqinda yana bir muhim qaror qabul qildik.

Bu yil mutafakkir ajdodimiz, kalom ilmining buyuk peshvolaridan biri bo‘lmish Imom Moturidiy hazratlari tavalludining 1155 yilligini keng nishonlaymiz. Jumladan, ul zotning Samarqanddagi muborak qadamjolari yanada obod qilinadi.

Eng muhimi, bu ishlarimiz Imom Moturidiy merosi va moturidiylik ta’limotini yurtimiz va xorijiy olimu ulamolar bilan hamkorlikda ilmiy asosda o‘rganishda yangi va katta qadam bo‘ladi.

Hurmatli do‘stlar!

Ko‘pmillatli jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash, turli millat va din vakillari o‘rtasida do‘stlik va birdamlikni kuchaytirish vazifasi doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda.

Shu maqsadda joriy yilning sentyabr oyida Toshkent va Samarqand shaharlarida nufuzli xalqaro anjuman o‘tkazamiz. “Deklaratsiyalar muloqoti forumi” deb nomlangan bu yirik tadbir 2022 yili Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tgan anjumanning mantiqiy davomi bo‘lib, turli diniy e’tiqod vakillari o‘rtasida o‘ziga xos ma’rifiy muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

Shu o‘rinda yana ta’kidlab aytmoqchiman: mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik – bizning eng katta boyligimizdir.

Ana shu beqiyos boylikni ko‘z qorachig‘idek asrash, yurtimizdagi do‘stlik, tenglik, bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarni bundan buyon ham qat’iy davom ettiramiz. Buning uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni to‘la safarbar etamiz. Bu masala hozirgi murakkab davrda biz olib borayotgan erkinlik va ochiqlik siyosati uchun ayniqsa o‘ta muhimdir.

Muhtaram yurtdoshlar!

Yangi O‘zbekiston yangicha ustuvor tamoyillarga, jumladan, Konstitutsiyamizda aniq belgilab qo‘yilgan ijtimoiy davlat maqomiga ega bo‘lib, xalqchil va insonparvar siyosat olib bormoqda.

Shu borada birgina misol keltirishga ijozat bergaysiz. O‘tgan yilning o‘zida ko‘makka muhtoj insonlarga 16 trillion so‘mlik moddiy yordam va nafaqalar berildi. Kam ta’minlangan oilalarga mansub 51 ming nafar bola bog‘chaga joylashtirildi, ularning 176 ming nafar a’zosiga tibbiy ko‘mak ko‘rsatildi, 182 ming nafari esa ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olindi.

“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali 94 mingga yaqin kam ta’minlangan oilalarga davolanish, oziq-ovqat, kiyim-kechak, kommunal to‘lovlar bilan bog‘liq 130 milliard so‘mlik xarajatlar qoplab berildi.

“Ayollar daftari” doirasida 3,5 million nafar opa-singillarimizga 5 trillion 700 milliard so‘mlik yordam ajratildi.

“Yoshlar daftari” joriy etilganidan buyon 1 million 300 ming nafar ehtiyojmand yoshlarga 1 trillion 700 milliard so‘mlik ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.

Eng asosiysi, bu ishlarimiz izchil davom ettirilmoqda.

Qadrli marosim ishtirokchilari!

Yangi O‘zbekistonning ustuvor xususiyatlaridan yana biri – bu “yashil taraqqiyot” yo‘lidir.

Bugungi kunda mamlakatimizda yangi ekologik makon barpo etilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi aynan shu maqsadga qaratilgan.

“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingan joriy yilda amalga oshirilayotgan davlat dasturi ham bu borada muhim qadam bo‘lmoqda.

Yaqinda Xiva shahrida ilk bor kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilgan Konfessiyalararo kengash majlisida yurtimizdagi diniy konfessiyalar vakillari mazkur davlat dasturida faol ishtirok etishga qaratilgan murojaatnoma qabul qildilar.

Albatta, jamiyatimizdagi ezgu ishlarda hurmatli din peshvolari, ulamo va nuroniylarimiz, keng jamoatchiligimiz faol ishtirok etayotganini minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz.

Bu yil “Yashil makon” loyihasi doirasida bahor mavsumining o‘zida diniy soha xodimlari tomonidan 10 ming tupdan ziyod daraxt, 32 ming tupga yaqin gul ekilgani, masjid va ziyoratgohlarda 25 gektar yer obod qilingani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Yurtimiz hojilarining ham ko‘plab xayrli ishlarda shaxsiy namuna ko‘rsatib, o‘rnak bo‘layotganlari albatta barchamizni xursand qiladi.

O‘tgan yili muftiy Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligida hojilarimiz “Yangi O‘zbekiston fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” degan tashabbusni ilgari surgan edilar. Shu kunga qadar ularning tashabbusi bilan kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oilalarga 6 milliard 300 million so‘m miqdorida moddiy yordamlar ko‘rsatildi.

Bunday savobli ishlari uchun ularga barchamiz chin ko‘ngildan tashakkur aytamiz.

Muhtaram vatandoshlar!

Hozirgi kunda dunyodagi vaziyat o‘ta qaltis va murakkab bo‘lib borayotganini hammamiz ko‘rib-bilib turibmiz.

Afsuski, aksariyat ziddiyat va mojarolar aynan islom dunyosida sodir bo‘layotgani barchamizni chuqur tashvishga solmoqda.

Notinchlik o‘choqlari istalgan paytda kengayib, butun-butun mintaqalarga yoyilib ketish xavfi tobora ortib bormoqda.

Musulmon mamlakatlarida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun birdamlik va islom ummati hamjihatligini yanada mustahkamlash har qachongidan ham dolzarb bo‘lib qolmoqda.

E’tiborimiz markazida turishi kerak bo‘lgan yana bir masala – bu yoshlarimizning qalbi va ongini zaharlashga, hayotini izdan chiqarishga qaratilgan ko‘plab tahdidlar bilan bog‘liq.

Farzandlarimizni ilm-ma’rifatga targ‘ib etish, yot g‘oyalar ta’siridan saqlash borasida hurmatli imom-xatiblarimiz, ko‘pni ko‘rgan otaxon va onaxonlarimiz, mahalla faollari, hojilarimizning o‘rni beqiyos, albatta.

Barchamiz sizlarning ushbu yo‘nalishda olib borayotgan faoliyatingizni yuksak qadrlaymiz.

Buyuk Bahouddin Naqshband bobomizning “Qo‘ling mehnatda, diling Allohda bo‘lsin”, degan o‘gitlari hammamizning hayotiy e’tiqodimizga aylanib ketgan.

Yoshlarimizni mana shunday ruhda tarbiyalashda ularni mehnat va kasbga o‘rgatish juda muhim ahamiyatga ega.

Shu ma’noda, hurmatli nuroniylarimiz, mahalla faollari, mirishkor fermerlarimiz, tadbirkorlarimiz yoshlarni halol mehnat qilib, oilasi va yurt farovonligi yo‘lida tinimsiz izlanib yashashga o‘rgatadilar, deb ishonaman.

Hurmatli do‘stlar!

Ushbu fazilatli oy davomida yurtimizdagi 9,5 mingga yaqin mahallada kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarda iftorlik dasturxonlari yozilib, xayr-saxovat ishlari amalga oshirildi.

Joylardagi bu tadbirlarda muftiy hazratlari va imom-xatiblarimiz ham xonadonma-xonadon yurib, faol ishtirok etishdi.

O‘ylaymanki, “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” shiori ostida o‘tkazilgan bunday xayrli marosimlar inson qadrini ulug‘lash, pok maqsadli barcha yurtdoshlarimizni yanada birlashtirishga xizmat qiladi.

Buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, “Yaxshilarning ishi – yaxshilik qilishdir”. Chindan ham, bu hayot aynan ezgulik va yaxshilik tufayli doimo yorug‘ va bardavomdir.

Shu bois ezgu niyatlar ijobat bo‘ladigan muborak Ramazon oyida, Laylatul qadr kechasi arafasida turib, yurtimizda, butun dunyoda tinchlik va farovonlik, mehr-oqibat barqaror bo‘lishini so‘rab duolar qilamiz.

Iloyim, hayotimiz doimo mana shunday munavvar, fayzli va barakali bo‘lsin!

Duogo‘y otaxon va onaxonlarimiz sog‘-omon bo‘lsinlar!

Mehribon opa-singillarimiz, aka-ukalarimiz yonimizda doimo tog‘dek tayanch bo‘lib tursinlar!

Farzandlarimiz bilimli, kasb-hunarli, azmu shijoatli yoshlar bo‘lib, Vatanimiz shuhratini dunyoga tarannum etsinlar!

Yurtimiz tinch, mehnatkash, olijanob xalqimiz hamisha omon bo‘lsin!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ko‘ksaroy” qarorgohida o‘tkazilgan iftorlik marosimidagi nutqi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ko‘ksaroy” qarorgohida o‘tkazilgan iftorlik marosimidagi nutqi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ko‘ksaroy” qarorgohida o‘tkazilgan iftorlik marosimidagi nutqi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ko‘ksaroy” qarorgohida o‘tkazilgan iftorlik marosimidagi nutqi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ko‘ksaroy” qarorgohida o‘tkazilgan iftorlik marosimidagi nutqi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ko‘ksaroy” qarorgohida o‘tkazilgan iftorlik marosimidagi nutqi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ko‘ksaroy” qarorgohida o‘tkazilgan iftorlik marosimidagi nutqi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ko‘ksaroy” qarorgohida o‘tkazilgan iftorlik marosimidagi nutqi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ko‘ksaroy” qarorgohida o‘tkazilgan iftorlik marosimidagi nutqi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ko‘ksaroy” qarorgohida o‘tkazilgan iftorlik marosimidagi nutqi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ko‘ksaroy” qarorgohida o‘tkazilgan iftorlik marosimidagi nutqi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir

03.05.2025   11157   7 min.
O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir

Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda. 
 

Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan.


Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.


Farmon asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan.


Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.


Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir.


Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.


Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:


Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.

Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.


Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:


O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.

Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.


Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.


Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.


Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.


Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:


Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.

Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,

Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.


Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.


Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.


Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari

O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir
Ibratli hikoyalar