Avf ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qiyomat alomatlarini sanaganlarida: “...Chorva o‘lati kabi orangizda tarqaladigan o‘lat”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni orangizda bir kasallik tarqaladi va shu sababli o‘lim ko‘payadi. Bu hodisa Umar roziyallohu anhu davrida Shomda tarqalgan vabo deb tahmin qilinadi. Ushbu vaboda Abu Ubayda va boshqa ko‘plab sahobalar vafot etishgan.
Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh “Fathul boriy” kitobida bunday yozadi: “Aytishlaricha, qiyomatning bu alomati Umar roziyallohu anhuning hukmronligi davriga to‘g‘ri kelib, u ko‘plab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan. Bu voqea Quddus fathidan so‘ng bo‘lgandi”.
Tarixchilarning yozishicha, hijriy 18 yilda Amavos hududida vabo epidemiyasi boshlanib, keyinchalik Shom yerlariga tarqalib ketgan. Bu vaboda ko‘p sonli sahoba va boshqa musulmonlar vafot etdi.
Ibn Kasir rahmatullohi alayhning aytishicha, qurbonlar soni 25 ming kishiga yetgan. Ushbu vabo tufayli vafot etgan mashhur sahobalardan biri Abu Ubayda Omir ibn Jarroh roziyallohu anhu edi.
Hozirgi kunda insoniyatga davosi ma’lum bo‘lmagan (masalan, odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV) va h.k.) kasalliklar turining tobora ko‘payib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Zamonaviy ilm-fan va sivilizatsiya rivojlanishi insonlarni bunday kasalliklardan himoya qila olmaydi.
Binobarin, fan-texnika taraqqiyoti odamlarni taqdirdan (qadar) qutqaradi, degan hayollarga berilmaslik lozim. Har bir insonning o‘limi oldindan belgilab qo‘yilgan, Alloh uning jonini biror sabab bilan oladi.
Bemor iste’mol qiladigan dorilar faqatgina tashqi sabablardir. Alloh taolo dori ichgan har kishiga shifo beravermaydi. Masalan, dorining bosh og‘rig‘ini yo‘q qilishi bu uning ichki ta’siri emas, balki Alloh taoloning xohish va irodasiga bog‘liqdir.
Manbalar asosida
Bahriddin XUSHBOQOV
tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan bir janoza olib o‘tildi, shunda u zot alayhissalom: "Tin oluvchi va undan tin olinuvchi", dedilar.
"Yo Allohning Rasuli, tin oluvchi va undan tin olinuvchi nima?" deyishdi.
U zot alayhissalom: "Mo‘min banda (vafot etsa) dunyoning qiyinchiliklaridan istirohat oladi. Fojir banda (o‘lsa) undan bandalar, elu yurtlar, dov-daraxtlar va jonzotlar qutuladilar", dedilar» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Birortangiz vafot etganida unga o‘rni ertayu kech ko‘rsatib turiladi: agar jannat ahlidan bo‘lsa, jannat ahlidan ekani, do‘zax ahlidan bo‘lsa, do‘zax ahlidan ekani. "Alloh seni qiyomat kuni qayta tiriltirgunicha sening o‘rning mana shudir", deyiladi", dedilar» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilishgan).