Har yili Ramazon oyini yurtimizda ko‘tarinki ruhda kutib olamiz. Bu oyda mo‘min-musulmonlarning mehri va saxovati, muruvvat va futuvvati jo‘sh uradi. Shular bois hamda muqaddas Islom dini ta’limotiga muvofiq kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga xayru saxovatlar ko‘rsatiladi.
Muhtaram Prezidentimizning shu yil 27 fevraldagi «Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida»gi qaroriga binoan “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” g‘oyasi asosida butun respublikamiz bo‘ylab yuqori saviyada o‘tkazilmoqda.
Ramazonda ro‘zasini tutishda hikmat ko‘p. Chunki Alloh taolo ro‘za tutish uchun ushbu oyni tanlagan. Bu oyda Qur’on nozil bo‘lgan. Oyati karimada: “Ey imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz. Sanoqli kunlarda.” (Baqara surasi, 183–184-oyatlar).
Ro‘za Odam alayhissalomdan to Muhammad alayhissalom davrigacha o‘tgan barcha payg‘ambar va ummatlarga farz qilingan. Lekin ro‘za tutishning shart va qoidalari turlicha bo‘lgan. Ayrim ummatlar Ramazon oyi yozning issiq kunlariga to‘g‘ri kelib qolsa, Allohdan yoki Uning payg‘ambaridan beijozat shakkoklik ila uni boshqa oylarga ko‘chirib, bu qilmishlarining jarimasi uchun, o‘zlaricha, yana o‘n kun qo‘shimcha ro‘za tutishgan.
Halim bo‘lish, o‘zgalar bilan urishib tortishmaslik, jahli chiqqan vaqtda ham o‘zini qo‘lga ola bilish ro‘zadorning odoblaridan hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday xabar berganlar: “Ro‘za qalqondir. Qachon birortangiz ro‘zador bo‘lsa, yomon gap gapirmasin, johillik qilmasin. Agar biror kishi u bilan urushsa yo uni haqorat qilsa: “Men ro‘zadorman, men ro‘zadorman”, desin”, dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hadisi sharifdagi “qalqon” deya tarjima qilingan “junnatun” kalimasi lug‘atda “to‘suvchi”, “himoya qiluvchi” kabi ma’nolarni anglatadi. Shunga ko‘ra, ulamolar ushbu kalimadan qanday ma’no ko‘zlangani haqida quyidagilarni aytganlar:
Nabiy alayhissalom ro‘zadorning yana bir sifatini ta’kidlab “johillik qilmasin”, deganlar. Shunga ko‘ra, ro‘zador birov urishib haqorat qilgan taqdirda ham: “Men ro‘zadorman, men ro‘zadorman”, deyishi lozim.
Ulamolar bunday deganlar: “Inson bir narsadan uzluksiz bir oy o‘zini saqlasa, o‘sha narsa uning odatiga aylanib, mazkur muddatdan keyin ham doimo undan saqlanadigan bo‘lib qoladi”.
Iftorlik va saharliklar ham dabdabadan, riyodan, xo‘jako‘rsindan xoli, Alloh uchun bo‘lishi kerak. Bizga har jihatdan namuna bo‘lgan zot Payg‘ambarimiz alayhissalom iftorlikda ho‘l, yangi yetilgan xurmo, agar u topilmasa, quruq xurmo bilan, mobodo u ham bo‘lmasa, bir necha ho‘plam suv bilan bilan og‘iz ochar edilar.
Ro‘zaning juda ko‘p va turli-tuman foydalari bor. Birinchidan, ro‘za inson tanasini turli kasalliklardan asraydi. Chunki tanadagi ko‘p kasalliklar asosan me’da va ichaklarda to‘planib qolgan chiqindilardan hamda ortiqcha semirib ketishdan bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro‘za tutinglar, sog‘lom bo‘lursiz”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ikkinchidan, ro‘za zehnni o‘tkir qiladi, xotirani mustahkamlaydi.
Uchinchidan, ro‘zador kishining tana a’zolari harakati toat-ibodatlar uchun yengil bo‘ladi.
To‘rtinchidan, ro‘za tufayli shaytonning malaylari mag‘lub bo‘ladi, Rahmonning lashkariga nusrat ato etilib, g‘olib bo‘ladi.
Beshinchidan, ro‘za tufayli duolar qabul bo‘ladi. Qolaversa, tibbiy-ilmiy izlanishlar natijasida ro‘zaning turli jismoniy va ruhiy kasalliklardan himoyalanishda va ularning oldini olishda foydasi borligi isbotlandi.
Toshkent shahrida Ramazon oyinign dastlabki kunlaridan, muhtaram Yurtboshimizning qarorlarida belgilangan vazifalardan kelib nafaqat mo‘min-musulmonlar, ayni paytda o‘zga din va boshqa millat vakillariga ham muborak oy munosabati bilan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilyapti.
Misol uchun, Bektemir va Uchtepa tumanlarida 5 tadan nogironligi bor, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olinib, ularga zarur birlam oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Muruvvat ko‘rsatilgan oilalardan birida rus millatiga mansub yoshi ulug‘ onaxon yashaydi. Onaxon saxovatdan mamnun bo‘lib, bu xayrli ishlarning boshida turgan aziz insonlarni alqadi.
Islom bag‘rikeng, o‘zga millat va boshqa din vakillariga mehr-saxovat ko‘rsatadigan dindir.
Zotan, qaysi jamiyatda diniy bag‘rikenglik tamoyillariga rioya qilinsa, o‘sha jamiyatda o‘zaro hurmat va samimiyat qaror topib, barcha insonlar tinch va osoyishta hayot kechiradilar. Tinchliksiz taraqqiyot va farovonlik bo‘lmagani kabi diniy bag‘rikengliksiz tinchlik barqaror emas.
Ramazon har bir xonadonga fayz va baraka bo‘lib kirib keldi. Bu oyning fazilatidan Alloh taolo barchamizni bahramand qilsin!
Abduqahhor domla YUNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” bo‘ylab joylashtiriladigan miniatyuralarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishish uchun olimlar, mutaxassislar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillariga press tur tashkil etildi.
Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” uzunligi qariyb 52 metr, bo‘yi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil etadi.
Devor bo‘ylab jami 10 dan ortiq miniatyura o‘rin oladi. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda miniatyuralarni 50 ga yaqin rassomlar ikki oydan buyon tinim bilmay mehnat qilmoqda.
San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, rassom Behzod Hojimetovning ma’lum qilishicha, devor uchun Hirot Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan.
“50 ga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz, Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo o‘zimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi. Bundan tashqari ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi. Sababi devoriy suratlar konsepsiyasi birinchi o‘rinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar mavzularini o‘z ichiga oladi. Miniatyuralar ham shu mavzulardan chetlab o‘tilmagan holda saralangan. 10 dan ortiq miniatyura chizish ishlarining 80 foizini bajarib bo‘ldik. Muzey devorining balandligi 8 metrni tashkil qilib, uning 3 metrdan yuqori qismiga aynan ushbu miniatyuralar devori joylashtirishi ko‘zda tutilgan. Miniatyuralar hajmini inobatga oladigan bo‘lsak, uni Ginness rekordlar kitobiga ham kiritishimiz mumkin. Kompozitsiyalarimiz yuqori sifatli matoga, sifatli bo‘yoqlar bilan chizildi hamda Italiyadan keltirilgan tilla suvi bilan ishlov berildi. Endilikda ustaxonada ishlangan barcha ishlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi yakuniga yetgan binosiga olib borib, maxsus yelimlar bilan devorga joylashtirish ishlari qolgan. Miniatyuralarni tanlashda ekspozitsiyada joylashtirilgan faksimellar, eksponatlar va qo‘lyozmalarni takrorlamaslikka e’tibor qaratildi. Shuningdek, bosh g‘oya sifatida kashfiyotlar va sivilizatsiyalar mavzusiga e’tibor berildi.
Miniatyuralarning ayrimlari bizgacha to‘liq yetib kelmagan, ularni devor hajmiga moslashtirib, o‘z uslubidan chiqmagan holda kompozitsiyani to‘liq tikladik. Shuningdek, har bir miniatyuralar orasiga o‘sha davrda ishlatilgan naqshlar bilan hoshiyalar chizildi. Ushbu naqshlarni ikki xil – Buxoro hamda Hirot maktabi uslubida chizdik. Naqshlardan aynan bittasi ilmiy kengash a’zolari tomonidan tanlanib, barcha miniatyuralar orasiga joylashtiriladi” – dedi rassom Behzod Hojimetov.
Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinishi va uning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan. Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks etgan “Balx qurultoyi” miniatyurasi joylashtirgan. Asosiy e’tibor Amir Temurning ma’rifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini ko‘rsatib berishga qaratiladi. Jumladan, ushbu yirik tasviriy san’at asarida Amir Temur davrida qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga Samarqandda Behzod tomonidan aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida ko‘rsatiladi. Mirzo Ulug‘bek va uning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ulug‘bekning hayotligida chizilgan ikkita miniatyura – ulardan biri Nizomiy “Xamsa”sidan olingan miniatyura, ikkinchisi As-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” kitobidagi Sefey yulduz turkumi suratidir. Mirzo Ulug‘bekning asl qiyofasini tiklashda bu suratlar katta o‘rin tutadi. Shu bois rangtasvir asarida ushbu miniatyuralarni ham aks ettirish nazarda tutiladi.
Xurosondagi Temuriylar davri Renessansida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning hissasi alohida ko‘rsatiladi. Bunda qadimiy miniatyuralar orqali Hirot manzaralari, Navoiy, Husayn Boyqaro, ularning davrasida turgan Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir singari Hirot madaniy muhiti namoyandalari ko‘rsatib beriladi. Shuningdek, Husayn Boyqaroning ilm va madaniyat homiysi sifatidagi rolini ham ko‘rsatib berish maqsad qilingan. Bunda ham turli qo‘lyozmalarda aks etgan ana shunday miniatyuralardan foydalaniladi.
Mazkur ekspozitsiyada Bobur va Boburiylar merosiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Boburga bag‘ishlangan qismda uning tarixiy qo‘lyozmalardagi miniatyuralaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, Amir Temurning Bobur va va uning avlodlari qurshovida yaratilgan miniatyurasi alohida o‘rin tutadi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoda Temuriylardan so‘ng davlatni uzoq vaqt idora qilgan Shayboniylar va Ashtarxoniylar davridagi ilm-fan, ta’lim va madaniy hayot o‘sha davrda chizilgan tarixiy suratlarda o‘z aksini topadi.
O‘tkazilgan taqdimotda bir qator tarixchi va san’atshunos olimlar, ishchi guruh a’zolari hamda rassomlar ishtirok etib, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi. Ayrim ko‘zga tashlangan kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha takliflar berildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov ham miniatyuralar devorini shakllantirishda rassomlar bilan birgalikda fikr almashib, o‘zining tavsiyalarini bergan.
“Markazning muzey ekspozitsiyasi ichki kontentini boyitish, markaz devorlarini o‘z davriga xos miniatyura hamda suratlar bilan bezatish yuzasidan qizg‘in jarayon davom etmoqda. Markazning kengaytirilgan yig‘ilishlari muhokamasida olimlar va mutaxassislar tomonidan aynan “Ikkinchi Renessans davri” bo‘limini miniatyuralardan iborat kompozitsiya bilan boyitish taklifi berilgan edi. Ikkinchi Renessans davri Amir Temur taxtga o‘tirgan paytdan boshlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu devorda aynan shu mavzuga mos miniatyura ham joylashtiriladi. 1450 yilga oid Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asaridagi miniatyura bugungi kunda Britaniya kutubxonasida saqlanadi. Endilikda biz ushbu miniatyurani O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. 35 yoshli navqiron Amir Temur beklar, sarkardalar, saroy amaldorlari hamda ustozlari qurshovida tasvirlangan surat qo‘sh sahifada chizilgan. Uni rassomlarimiz devor hajmiga moslashtirgan holda yaxlit kompozitsiya sifatida tiklagan. Ushbu miniatyuralarning har birining asosi mavjud. O‘ylashimcha, Markazga tashrif buyuradigan tomoshabin "Ikkinchi Renessans davri" zalida aynan o‘sha paytdagi muhitni his qiladi. Sababi ayni shu davrda miniatyura san’ati taraqqiy etgan. O‘sha davrning eng buyuk rassomlaridan Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari musavvirlar ijod qilishgan. Devor uchun tanlangan miniatyuralar ham aynan shu musavvirlar hamda ularning shogirdlari tomonidan ishlangan. Bu miniatyuralarda o‘sha paytdagi davlatchilik, xalq hayoti, ijtimoiy himoya, ayollar, yoshlar kabi masalalar aks ettirilgan”, – deydi Rustam Jabborov.
O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” tashrif buyuruvchilar ko‘z o‘ngida tarixni jonlantirsa, ajabmas.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati