Sayt test holatida ishlamoqda!
09 May, 2025   |   11 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:38
Quyosh
05:11
Peshin
12:24
Asr
17:21
Shom
19:32
Xufton
20:58
Bismillah
09 May, 2025, 11 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Jannatga kirishga sabab bo‘ladigan yengil amal

28.03.2025   5441   3 min.
Jannatga kirishga sabab bo‘ladigan yengil amal

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Ikki xislat bor. Qaysi bir musulmon banda uni doim bajarib yursa, jannatga kiradi, dedilar. Ular yengil, ammo unga amal qiladiganlar oz. Birinchisi, har bir namoz so‘ngida o‘n marta «subhanalloh», o‘n marta  «alhamdu lillah», o‘n marta «Allohu akbar», deyish. Bu bir kunda tilda 150 ta, mezonda bo‘lsa, 1500 tadir. Ikkinchisi, to‘shakka kirganda, (uxlashdan oldin) o‘ttiz to‘rt marta «Allohu akbar», o‘ttiz uch marta «alhamdu lillah» o‘ttiz uch marta «subhanalloh, desa, tilida 100 ta, mezonda esa, 1000 ta bo‘ladi», dedilar.

Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni uni qo‘llari bilan ta’kidlaganlarini ko‘rdim. Sahobalar: «Yo Rasululloh, nima uchun yengil bo‘lsa ham, uni bajaradiganlar oz?» deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bir kishi uxlashni xohlagan paytda shayton kelib, mana shu kalimalarni aytishdan oldin uxlatib qo‘yadi. Namoz o‘qib bo‘lganidan keyin ham shayton kelib, mana shu kalimalarni aytishidan oldin unga bir zarur ishni eslatadi», dedilar».

Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyatlari.

«Hadis va hayot» kitobining 35-juzi 4545-hadis sharhida «Har bir namozdan keyin o‘n marta tasbeh aytadi, o‘n marta Allohga hamd aytadi va o‘n marta takbir aytadi. O‘sha hammasi tilda bir yuz ellikta» deyilganda besh vaqt namoz ko‘zda tutilgan.


Bu yerda namozdan keyin va uxlashdan oldin tasbeh, hamd va takbir aytishning yana bir uslubi haqida so‘z ketmoqda. Uyquga ketishdan oldin o‘ttiz to‘rt marta takbir, o‘ttiz uch marta hamd va o‘ttiz uch marta tasbeh aytib yotishga amal qilib borilsa, katta xayr, barakaga ega bo‘linadi.
Bizda namozdan keyin aytiladigan tasbeh, hamd va takbirda boshqa hadisi sharifga amal qilib kelinmoqda.
Imom Muslim va Termiziy Ka’b ibn Ujra roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«(Namoz) ortidan keluvchilarni aytuvchilar yoki qiluvchilar noumid bo‘lmaslar. Har bir namoz ortidan o‘ttiz uchta tasbeh, o‘ttiz uchta hamd va o‘ttiz to‘rtta takbir», dedilar».
Ushbu hadisda zikr qilingan har bir namoz ortidan o‘ttiz uch marta «Subhanalloh», o‘ttiz uch marta «Alhamdu lillah», o‘ttiz to‘rt marta «Allohu akbar»ni zikr qilish keyingi rivoyatlarda keladigan zikrlar ila uyg‘unlashib, tatbiqqa kirgan.
Imom Muslimning rivoyatida:
«Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta «Allohu akbar» desa, hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘lur, yuztaning tamom bo‘lishi – «Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shayin qodiyr»ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklari kabi ko‘p bo‘lsa ham mag‘firat qilinur», deyilgan.
Imom Muslimning rivoyatiga avval yoki oxirida «Oyatal Kursiy»ni qo‘shib o‘qishni so‘fiylar joriy qilganlar. Bu so‘fiylar xatmi deb nomlanadi. Bu nur ustiga nur deyiladi, chunki «Oyatal Kursiy» Kur’oni Karimdagi eng ulug‘ oyatdir. Ushbu xatmni qilish bizda ham joriy bo‘lib kelayotgan narsadir.

Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan
Anvar Ahmad tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi

07.05.2025   1953   3 min.
Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi

Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda,  uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].

Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.

“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.

Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu  anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.

Shoir aytadi:

Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.

Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:

– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Baqara surasi, 214-oyat.
[2]  Yusuf surasi, 83-oyat.