Taroveh namozi qanday amal?
Taroveh namozi erkak va ayollarga sunnati muakkada – ta'kidlangan sunnat amaldir.
Taroveh namozi qachondan boshlanadi?
Taroveh namozini o'qish sha'bon oyining oxirgi kuni ya'ni ramazon oyidan bir kun oldin xufton namozidan keyin boshlanadi.
Taroveh namozi qachon o'qiladi?
Taroveh namozi xufton namozining sunnatidan keyin vitr namozidan oldin o'qiladi.
Taroveh namozining niyati
“Taroveh namozini xolis Alloh uchun imomga iqtido qilgan holda o'qishni niyat qildim”.
Sano duosi o'qiladimi?
Taroveh namozining har ikki rakatining birinchi rakatida imom va qavm sano duosini o'qiydi (Subhanakallohumma va bihamdika va tabarokasmuka va ta'ala jadduka va laa ilaha g'oyruk).
Taroveh namozi nechi rakat?
Taroveh namozi yigirma rakat. Har ikki rakatdan keyin salom beriladi va to'rt rakatdan so'ng tasbeh aytiladi.
Taroveh namozining tasbehi
سُبْحانَ ذِي الْمُلْكِ وَالْمَلَكُوتِ سُبْحانَ ذِي الْعزَّةِ وَالعَظَمَةِ وَالْقُدْرَةِ وَالْكِبْرِيَاءِ وَالْجَبَرُوتِ سُبْحانَ الْمَلِكِ الْحَيِّ الَّذِي لَا يَنَامُ وَلَا يَمُوتُ سُبُّوحٌ قُدُّوسٌ رَّبُّنا وَرَبُّ الْمَلَائِكَةِ وَالرُّوحِ لَا إِلَهَ إِلَّا اللَّهُ نَسْتَغْفِرُ اللهَ نَسْئَلُكَ الْجَنَّةَ وَنَعُوذُ بِكَ مِنَ النَّارِ.
O'qilishi: Subhaana zil-mulki val-malakuut. Subhaana zil-'izzati val-'azomati val-qudroti val-kibriyaa’i val-jabaruut. Subhaanal-malikil hayyillaziy laa yanaamu va laa yamuut. Subbuuhun quddusun Robbunaa va Robbul-malaaikati var-ruuh. Laa ilaaha illallohu nastag'firulloh. Nas’alukal-jannata va na'uzu bika minan-naar.
Ma'nosi: Mulk va malakut Egasini poklab yod etaman! Izzat, buyuklik, qudrat, ulug'vorlik va hukmronlik Egasini poklab yod etaman! Hargiz uxlamaydigan va o'lmaydigan Hayyni, Malikni poklab yod etaman! U Zot Subbuhdir, Quddusdir, farishtalarning va Ruhning Robbidir. Allohdan O'zga iloh yo'q! Allohdan mag'firat so'raymiz. Sendan jannatni so'raymiz va do'zaxdan O'zingdan panoh tilaymiz.
O'tgan gunohlar kechiriladi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim Ramazon oyida iymon bilan savob umidi (taroveh)daqoim bo'lsa, avvalgi gunohlari kechiriladi”(Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Boshqa hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Agar kishi imom bilan to tugatguncha birga namoz o'qisa, tunni bedor o'tkazgan deb hisoblanadi”, deganlar (Abu Dovud va Nasoiy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Madina shahrida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘liq bo‘lgan bir necha o‘nta muqaddas joylar mavjud. Ulardan biri — Banu Unayf masjidi bo‘lib, u Kubo masjididan janubiy-g‘arbiy tomonga, al-U’sba mahallasiga 500 metrdan yaqinroq bo‘lgan masofada joylashgan.
IQNA axborot agentligi Saudiya Arabistonining “VAS” agentligiga tayanib xabar berishicha, ushbu tarixiy masjid o‘z nomini Kubo ahli bilan ittifoqchi bo‘lgan Bali qabilasining tarmog‘i — Banu Unayf qabilasi nomi bilan atagan.
Ba’zi tarixchilar ushbu masjidni ”As-Subh” yoki “Al-Musabbah” nomlari bilan ham bilishadi. Masjid o‘zining asl va sodda me’morchiligi bilan tanilgan: u qora tusli vulqon toshlaridan qurilgan va uning tom qismi yo‘q. Masjid maydoni taxminan 37,5 kvadrat metrni tashkil qiladi.
Madina mintaqasini rivojlantirish boshqarmasi tomonidan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘liq joylarni saqlash va Saudiya Arabistonidagi “Nigoh – 2030 dasturi” maqsadlariga muvofiq ravishda ushbu masjid kapital ta’mirdan chiqarildi.
Banu Unayf masjidi madaniy va diniy turizm loyihalariga kiritilgan bo‘lib, Madina mintaqasini rivojlantirish boshqarmasi uni amalga oshirishni nazorat qilmoqda. Bu esa ziyoratchilarni Madinadagi tarixiy va diniy joylar bilan tanishtirishga qaratilgan kompleks yondashuvning bir qismi sanaladi.
Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov tayyorladi