Kunlar juda tez o‘tyapti!
Boshimni bolishga qo‘ysam, dam o‘tmay tong otadi, ko‘zimni ochib ulgurmay, uxlash vaqti kelgan bo‘ladi!
Kunlarimiz nihoyatda tez o‘tyapti va to‘xtamayapti! O‘z-o‘zimga deyman: “Eng baxtli odam savobli ishlar bilan amal daftarini to‘ldirganidir...”
Atrofimizdagi voqealar juda tez sodir bo‘lmoqda, vafot etganlar esa bizdan ilgarilab bormoqda...
Meni o‘ylantirgan savol: “Mening amal daftarim nima bilan to‘lmoqda?”.
Savobli ishlar qiling... Salomni targ‘ib qiling... Azonga javob bering... Namozlarga paydam bo‘ling... Qarindoshlik aloqalarini mustahkamlang... Odamlarga hushmuomalalik ila mehribon bo‘ling... Qur’on o‘qing va uni yod oling... Sadaqa bering... Tasbeh aytib, istig‘forni ko‘paytiring... Allohni ulug‘lang...
Ro‘za tuting... Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavot aytib yuring... Qalbingizni oxiratga bog‘lang...
Dunyoda abadiy yashamaysiz...
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Savol: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam barcha musulmonlarning haqqiga duo qilganlar. U zot biz haqimizda o‘zimizdan ko‘ra ko‘proq qayg‘urganlar va bizni o‘zimizdan ham ko‘proq sevganlar. Biroq, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam alohida duo qilgan mo‘minlar toifasi bor. Ular kimlar va nima uchun ularning haqqiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 3 marta duo qilganlar?
Javob:
عَنِ الْعِرْبَاضِ بْنِ سَارِيَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم كَانَ يُصَلِّي عَلَى الصَّفِّ الْأَوَّلِ ثَلَاثًا وَعَلَى الثَّانِي وَاحِدَةً. )رَوَاهُ النَّسَائِيُّ.(
Irboz ibn Soriya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Nabiy sollallohu alayhi vasallam birinchi safga uch marta, ikkinchi safga bir marta salavot aytar edilar” (Imom Nasoiy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning salavot aytishlari bu – duo qilishlari. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam birinchi safdagilarning haqqiga 3 bora, ikkinchi safdagilarni esa 1 marta duo qilganlar.
عَنِ الْبَرَاءِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: إِنَّ اللهَ وَمَلَائِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى الَّذِينَ يَصِلُونَ الصُّفُوفَ الْأُوَلَ، وَمَا مِنْ خَطْوَةٍ أَحَبَّ إِلَى اللهِ مِنْ خُطْوَةٍ يَمْشِيهَا الْعَبْدُ يَصِلُ بِهَا صَفًّا .)رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ.(
Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh taolo va Uning farishtalari birinchi saflarni to‘ldiruvchilarga salavot aytadilar. Alloh taolo uchun bandaning safni to‘ldirish uchun bosgan qadamidan ko‘ra mahbubroq qadam yo‘qdir”, dedilar (Abu Dovud, Nasoiy rivoyati).
Alloh taoloning salavoti bu – rahmat, farishtalarniki esa, istig‘fordir. Qolaversa, birinchi safni to‘ldirish uchun tashlangan qadamlar – Allohga eng sevimli qadam sanaladi. Birinchi safga bundan ortiq targ‘ib bo‘lmasa kerak.
Demak, birinchi yoki ikkinchi safda bo‘lishga harakat qilish lozim ekan.
Davron NURMUHAMMAD