Kunlar juda tez o‘tyapti!
Boshimni bolishga qo‘ysam, dam o‘tmay tong otadi, ko‘zimni ochib ulgurmay, uxlash vaqti kelgan bo‘ladi!
Kunlarimiz nihoyatda tez o‘tyapti va to‘xtamayapti! O‘z-o‘zimga deyman: “Eng baxtli odam savobli ishlar bilan amal daftarini to‘ldirganidir...”
Atrofimizdagi voqealar juda tez sodir bo‘lmoqda, vafot etganlar esa bizdan ilgarilab bormoqda...
Meni o‘ylantirgan savol: “Mening amal daftarim nima bilan to‘lmoqda?”.
Savobli ishlar qiling... Salomni targ‘ib qiling... Azonga javob bering... Namozlarga paydam bo‘ling... Qarindoshlik aloqalarini mustahkamlang... Odamlarga hushmuomalalik ila mehribon bo‘ling... Qur’on o‘qing va uni yod oling... Sadaqa bering... Tasbeh aytib, istig‘forni ko‘paytiring... Allohni ulug‘lang...
Ro‘za tuting... Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavot aytib yuring... Qalbingizni oxiratga bog‘lang...
Dunyoda abadiy yashamaysiz...
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘ziniki bo‘lmagan narsani sotishdan qaytarganlar. Musulmon savdogar tijorat molini hali qo‘liga olmay turib boshqaga sotmasligi lozim. Chunki molni qo‘lga olishdan avval sotish va undan foydalanish shar’an haromdir.
Hakim ibn Huzom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limda bo‘lmagan narsani sotishimdan qaytardilar” (Imom Nasoiy rivoyati).
“Savdo molini qo‘lga olib, o‘ziniki qilib olmay turib sotuvchiga ham, boshqasiga ham sotish joiz bo‘lmaydi” (Mabsut kitobi).
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qaytargan narsa taom bo‘lib, uni qo‘lga olmasdan oldin sotish mumkin emas”.
Ibn Abbos roziyallohu anhu yana shunday qo‘shimcha qildilar: “Boshqa narsalarni ham taom kabi deb bilaman” (Muttafaqun alayh).
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim taom sotib olsa, uni to‘liq qo‘lga kiritmay turib sotmasin”, dedilar.
Ibn Abbos roziyallohu anhuning boshqa bir rivoyatida: “O‘lchab olmagunicha” deyilgan (Muttafaqun alayh).