Bugun, 28 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahri Ko‘kcha dahasidagi “Shayx Zayniddin” jome masjidida ado etdilar.
Juma namozidan oldin Muftiy hazratlari jomega yig‘ilgan jamoatni yaqinlashib kelayotgan Ramazoni sharif bilan qutlash barobarida “Silai rahmni uzmang!” mavzusida suhbat qilib berdilar.
Muftiy hazrat ma’ruza davomida Ramazon oyi ham nihoyalab borayotgani, shu bois ajru savoblar ko‘paytirib beriladigan onlarni g‘animat bilib, xayrli amallarni ko‘proq qilib qolishimiz lozimligi, ushbu xayrli ishlarning eng afzali qarindosh urug‘larga, yaqinlarga qilingani ekanini bayon etdilar.
Mav’iza asnosida Qur’on karimdagi: “Ular Alloh bog‘lanishga buyurgan narsalarni (ya’ni qarindoshlar bilan aloqani) bog‘laydilar, Parvardigorlaridan qo‘rqadilar...” degan va oyat davomida bularning mukofoti sifatida: “... aynan o‘shalar uchun dunyo oqibati (jannat) bordir”, (Ra’d, 22-23) degan mazmundagi oyati karimalar shar’iy dalil va hayotiy misollar bilan sharhlab berildi.
Go‘zal suhbat oxirida Muftiy hazratlari Haq taolo barchaga ikki dunyo saodatini nasib qilishini so‘rab, elu yurtimiz haqqiga xayrli duolar qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Musulmon birodaringiz qilgan xatosini tan olib, sizdan uzr so‘rab kelsa, samimiy uzr so‘rayotganiga alomatlar bor bo‘la turib, uning uzrini qabul qilmasligingiz tahrimiy makruh bo‘ladi. Chunki bu vaziyatni o‘zining foydasiga suiste’mol qilish va birodardan yomon gumon qilish bo‘ladi.
Ibn Javdon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim musulmon birodaridan uzr so‘rasa-yu, ammo u qabul qilmasa, unga (nohaq) o‘lpon yig‘uvchining gunohi kabi gunoh bo‘ladi", deganlar.