Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Aprel, 2025   |   25 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:32
Peshin
12:26
Asr
17:11
Shom
19:15
Xufton
20:35
Bismillah
23 Aprel, 2025, 25 Shavvol, 1446
Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmoniga sharh

28.03.2025   15020   1 min.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmoniga sharh

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos ezgulik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 488 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 100 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 268 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 34 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 86 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 17 nafarini chet el fuqarolari, 37 nafarini ayol, 37 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 167 nafarini yoshlar (shulardan, 1 nafari voyaga yetmagan) hamda 5 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Boshqa maqolalar

Badavlat odam zohid bo‘ladimi?

23.04.2025   953   3 min.
Badavlat odam zohid bo‘ladimi?

Zuhd – dunyoga bemayl, behavas bo‘lishlik, nafsini ti­yishlik, taqvodorlik demakdir. Shunday ekan o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: badavlat odam ham zohid bo‘ladimi?

Sufyoni Savriy rahimahulloh hazratlaridan: “Badavlat odam ham zohid bo‘ladimi?” deb so‘ralganida, u zot: “Ha! Agar mol-dunyosi ko‘payganida shukr qilsa, kamayganida ham shukr, ham sabr qilsa”, deb javob bergan ekanlar.

Aliy roziyallohu anhu: “Agarda bir kishi yer yuzidagi hamma narsani qo‘lga kiritib, u orqali Allohning rizosini ko‘zlasa, demak, u zohiddir! Agar u hamma narsani tashlasa-yu, bundan Allohning roziligini maqsad qilmasa, demak, u zohid emasdir”, deganlar.

Podshoh zohidning oldiga borib: “Sening o‘ta zohidligingni bilib, oldingga keldim”, debdi. Zohid esa: “O‘zimdan-da zuhdda mahkamroq kishiga yo‘llab qo‘yaymi seni?” debdi. “Mayli”, debdi podshoh. Zohid esa: “Bu sensan... Chunki men bu o‘tkinchi dunyodan yuz o‘girdim. Sen bo‘lsang boqiy jannatga orqa o‘girgansan (ya’ni, haqiqiy yuz o‘giruvchi sensan)”, debdi.

Mol-dunyoni ko‘paytirish yoki vaqtinchalik lazzat uchun abadiy jannatdan voz kechish mumkinmi?!

Alloh taolo aytadi: «Ayting: “Albatta, namozim, ibodatim va hayotu mamotim olamlar Parvardigori bo‘lmish Alloh uchundir”»[1].

Xalifa Hishom ibn Abdulmalik Solim ibn Abdullohni ka’baning oldida ko‘rib: “Mendan birorta hojatingizni so‘rang”, dedi.

U zot javoban: “Allohga qasamki, men Allohning uyida turib Allohdan boshqadan so‘rashdan hayo qilaman”, dedi. Baytullohdan chiqqanidan so‘ng Hishom ibn Abdulmalik: “Allohning uyidan ham chiqdingiz, endi so‘rang!” – dedi. “Dunyo hojatlaridanmi yoki oxiratmi?” – dedi Ibn Abdulloh. Hishom ibn Abdulmalik: “Dunyo hojatlaridan”, dedi. Shunda Ibn Abdulloh: “Dunyoga molik bo‘lgan Zotdan so‘ramadim-u, qanday qilib egasi bo‘lmagandan so‘rayman”, degan ekan.

Bir solih zotga: “Dunyodan yuz o‘girib, go‘sht, tuxum va lazzatli taomlarni tark etgan kishi haqida nima deysiz?” – deb savol berishdi. U: “Zuhd bilan lazzatli narsalardan voz kechishning bir-biriga nima aloqasi bor?!  Xohlagan narsasini yeyaversin va Allohga haqiqiy taqvo qilsin”, dedi.

Agar haromdan hazar qilib, haloldan yesangiz, Alloh buni yomon ko‘rmaydi. Alloh harom qilgan narsalardan chetlanib, lazzatli narsalarni yeyayotgan bo‘lsangiz, buning ham karohiyatli joyi yo‘q.

Ota-onangizga yaxshilik qilayapsizmi?!
Yaqin qarindoshlaringiz, qo‘ni-qo‘shnilaringiz bilan munosabatlaringiz qanday?!
Qiynalganlarga yordam beryapsizmi?!
Achchig‘ingiz chiqqanda g‘azabingizni yenga olayapsizmi?!
Sizga yomonlik qilganlarga ham yaxshilik qilish qo‘lingizdan kelyaptimi?!
Kamiga sabr qilib, ko‘piga shukr qilyapsizmi?! 

Mana shu  savollarga to‘liq javob  bera olsangiz, bilingizki siz Allohning roziligiga erishasiz.

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  An’om surasi, 162-oyat.