Qadrli yurtdoshlar!
Avvalo, siz azizlarni, butun xalqimizni ulug‘ ayyom – muborak Ramazon hayiti bilan chin yurakdan samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Ushbu saodatli damlarda bu yilgi Ramazon oyini har tomonlama munosib o‘tkazib, Iyd-al-Fitrni el-yurtimiz bilan birga mana shunday shodu xurramlikda kutib olayotganimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz.
Albatta, tub mohiyatida insonparvarlik g‘oyasi mujassam bo‘lgan muqaddas islom dinining ezgu qadriyatlari bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga naqadar uyg‘un va hamohang ekani Ramazon oyida yanada yaqqol namoyon bo‘ldi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Bu haqda so‘z yuritganda, avvalo, ma’naviy poklanish, sabr-qanoat, shukronalik, xayru saxovat fazilatlari ulug‘lanadigan ushbu oyni milliy an’ana va qadriyatlarimizga mos tarzda, yuksak saviyada o‘tkazish, yurtimiz musulmonlari ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganini ta’kidlash lozim.
Ayniqsa, bu muborak oyning “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” degan g‘oya asosida o‘tkazilgani jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik, mehr-oqibat va saxovat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Shu maqsadda kam ta’minlangan, yordamga muhtoj oilalar, keksa, nogiron va yolg‘iz insonlar holidan xabar olish, kambag‘al kishilarning og‘irini yengil qilish, uylar va mahallalarni obod etish, uch avlod vakillari ishtirokida ommaviy daraxt ekish, yangi bog‘u rog‘lar barpo etish bo‘yicha ko‘plab xayriya tadbirlari o‘tkazilganini qayd etish zarur. Jumladan, respublikamiz bo‘ylab ko‘pmillatli, ko‘pkonfessiyali mamlakatimiz jamoatchiligi vakillarini birlashtirgan iftorlik marosimlari bizning kuchimiz birlikda va hamjihatlikda ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
O‘ylaymanki, keyingi yillarda yaxshi an’anaga aylangan bunday marosimlar inson qadrini ulug‘lash, mehnatkash va olijanob xalqimizni yagona, ahil oila sifatida birlashtirish borasida beqiyos ahamiyatga ega bo‘lib, biz bu ishlarni bundan buyon ham albatta davom ettiramiz.
Hurmatli do‘stlar!
Barchangizga ma’lumki, islom – bu avvalo, odamiylik, ilm-fan, bilim va ma’rifat, ezgu fazilatlarni ulug‘lash ta’limotidir.
Shu borada mamlakatimizda islom sivilizatsiyasi va madaniyati asosida yaratilgan boy ilmiy-ma’naviy merosni to‘plash, o‘rganish va keng targ‘ib etishga so‘nggi yillarda ulkan e’tibor berilmoqda. Ayni shu maqsadda yurtimizda yangi-yangi ilmiy-ma’rifiy markazlar, diniy yo‘nalishdagi ta’lim maskanlari, qutlug‘ ziyoratgohlar barpo etilib, samarali faoliyat olib bormoqda.
Hech shubhasiz, bularning barchasi go‘zal diyorimizda barcha soha va tarmoqlar qatori diniy-ma’rifiy hayot ham uzluksiz rivojlanishda ekanidan dalolatdir. Bu ishlarda yurtimiz mo‘min-musulmonlari, butun xalqimizning munosib hissasi borligini ta’kidlab, buning uchun barchangizga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Mana shu shukuhli ayyomda chet ellarda ona yurtga sadoqat tuyg‘usi bilan yashayotgan vatandoshlarimizni ham Ramazon hayiti bilan chin dildan qutlab, ularga ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.
Ushbu sharofatli kunda dunyoning uzoq-yaqin o‘lkalaridagi musulmon ummatini ham qizg‘in tabriklab, ularning xalqlari va mamlakatlariga do‘stlik salomimizni yo‘llaymiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Siz, azizlarni Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga mustahkam sog‘liq, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Ramazon oyida qilgan barcha ezgu niyat va duolarimiz ijobat bo‘lsin!
Alloh taolo jonajon Vatanimiz va xalqimizni o‘z panohida asrasin!
Iyd-al-Fitr ayyomi barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
1408 yil (bundan 617 yil oldin) – Amir Temurning uchinchi o‘g‘li Mironshoh Ozarbayjon hukmdori Qora Yusuf bilan Tabriz yonida bo‘lgan jangda 42 yoshida halok bo‘ldi. Tarixchi olim Fasih Ahmad Xavofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida qayd etilishicha, Mironshohning qotili uning boshini Qora Yusufga olib keladi. U amirzoda Mironshoh qotilining boshini kesishni buyuradi. Mironshohni barcha ehtiromlar bilan Tabrizning Surxob tumanida dafn qiladilar. Shams G‘uriy ismli kishi bir necha vaqtdan so‘ng darvesh kiyimida Mironshoh jasadini Samarqandga olib borib qo‘yadi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Amir Temur Mironshohni o‘n to‘rt yoshida Xurosonga hokim, yigirma yetti yoshida Eron va Iroq hukmdori qilib tayinlaydi. Biroq keyingi paytlarda Mironshoh maishatga berilib, davlat ishlariga qaramay ko‘yadi. Uzluksiz bazm va ko‘ngilochar o‘yinlar xazinaga sezilarli darajada zarba beradi. Mamlakatda tartib buziladi. Bundan xabar topgan Amir Temur 1399 yil Sultoniyaga kelib o‘ttiz uch yoshli Mironshohni hokimiyatdan chetlatadi.
1526 yil (bundan 499 yil oldin) – Dehlidan taxminan 100 km shimolda joylashgan Panipat yalangligida 12 ming askardan iborat Bobur qo‘shini va Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning 100 ming piyoda hamda bir ming jangovar fildan iborat armiyasi o‘rtasida jang bo‘lib o‘tdi. Hind qo‘shini tartibsiz tarzda jangni boshlagan. Boburning barang‘or va juvong‘ori to‘lg‘ama usuli bilan g‘animning ort tomoniga o‘tib unga kuchli zarbalar bergan. Ibrohim Lo‘diy asosiy kuchlari va jangovar fillar bilan markazga hamla qilgan. Shunda Bobur ho‘kizlarning xom terisidan eshilgan arqonlar bilan bir-biriga mahkam bog‘langan 700 ta arava va ular orasiga o‘rnatilgan turoqalqonlar panohida turgan to‘fakandozlarni jangga tashlaydi. To‘fak va zambarak o‘qlaridan yarador bo‘lgan fillar chekinib ustlaridan filbonlarni yiqitib, piyodalarni yanchib o‘tadi, hindlar sarosimaga tushib qochishga tushganlar. Sulton Ibrohim Lo‘diy va taxminan 50 ming hind jangchisi halok bo‘lgan. Bobur Dehli va Agrani zabt etib, Shimoliy Hindistonda Boburiylar davlatiga asos soladi.
1901 yil (bundan 124 yil oldin) – tarixchi Anoroy Tog‘ayevaning qayd etishicha, Toshkent–Orenburg temiryo‘li qurilish loyihasi uzil-kesil ma’qullandi. Toshkent–Orenburg temiryo‘li qurilishini boshqarish uchun tuzilgan maxsus qo‘mita temiryo‘lni bir vaqtning o‘zida ikki tomondan – Orenburg va Toshkent shahridan boshlab qurishga qaror qildi. Orenburg tomondan boshlangan qism shartli ravishda shimoliy, Toshkentdan boshlangan qism janubiy deb nomlandi. 1901 yilning bahorida shimoliy qismda, olti oydan so‘ng janubiy qismda qurilish ishlari boshlandi.
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – Turkistonda sovet tuzumi o‘rnatilgach, Toshkentning yangi shahar qismida A.V.Popov rahbarligida Turkiston davlat universiteti ochildi. Tarixchi Bahrom Irzayevning yozishicha, bu oliy ta’lim dargohining pedagogik jamoasi ham, talabalari ham asosan yevropalik millatlar vakillaridan iborat edi.
Mahalliy millatlar farzandlari uchun 1918 yil 12 mayda Toshkentning eski shahar qismida Munavvarqori Abdurashidxonov rahbarligida Turkiston Musulmon xalq dorulfununi ochildi. Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy ham mazkur dorulfunun sho‘basini ochishga kirishdi. Biroq bolshevik hukumati tomonidan bunga ruxsat berilmadi.
1924 yil (bundan 101 yil oldin) – O‘rta Osiyoda birinchi kino tashkiloti – “Buxkino” vujudga keldi. Bu tashkilot badiiy-tashviqot, ijtimoiy-xronikal filmlar ishlab chiqarish, filmlarni ijaraga olish, sotib olish, kinoteatrlar qurish kabi masalalar bilan shug‘ullandi. Badiiy filmlari ancha bo‘sh bo‘lsada, tushunarli va soddaligi bilan ajralib turadi. Rollarni asosan chetdan taklif etilgan aktyorlar ijro etdi. “Buxkino” faoliyati uzoq davom etmadi. U 1925 yilda Turkiston davlat kino tashkiloti bilan birlashtirilib, O‘zbek davlat kino tashkiloti tashkil etildi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston tarixi muzeyini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga binoan V.I.Lenin markaziy muzeyining Toshkent filiali va Oybek nomidagi O‘zbekiston xalqlar tarixi muzeyi tugatilib, ularning negizida 1992 yildan boshlab O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekiston tarixi muzeyi tashkil etildi.
2008 yil (bundan 17 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2009 yil (bundan 16 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portaliga axborotlarni taqdim etish va joylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasanachilikni rivojlantirish asosida aholi bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBЕRDIYEV tayyorladi, O‘zA