Mamlakatimizda kam ta’minlangan oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning yashash sharoitlarini yaxshilash borasida ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrulla domla Abdullayev, Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla Kenjayev va Urganch shahar “Ko‘zli ota” masjidi imom-xatibi Hoshimjon domla Otajonovlar homiylarni jalb qilgan holda, Urganch shahrida boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj uch oilaga Urganch shahrida qurib bitkazilgan barcha qulayliklarga ega ko‘p qavatli uylardan 3 ta yangi xonadon hadya qilindi.
Yangi uylarni topshirish marosimida Urganch shahar hokimi Bunyod Rajabov, mahalla ahli va mutasaddilar ishtirok etdi. Xayrulla domla Abdullayev uy-joyli bo‘lganlarni muborakbod etib, yangi uylarda yaxshi kunlar, to‘ylar bo‘lishini tiladi. O‘z o‘rnida uy sohiblari ham bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilib, bu ishning boshida turganlarni, insonparvarlik yordami ko‘rsatganlarni duo qildi.
Mazkur xayrli tadbirda xizmati va saxovati bilan ishtirok etgan barcha saxiy insonlarni Alloh taoloning O‘zi mukofotlasin!
“Yaxshilikning mukofoti, faqat yaxshilikdir”!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Umraga borgan kishi, yetti marta tavofni qilib bo‘lgach, toliqib qolib, Safo va Marva orasida sa’yni qilmay, mehmonxonaga ketib qolsa, nima qilishi lozim bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu odam mehmonxonada biroz orom olgach, haramga qaytib, sa’yni qilishi vojib bo‘ladi. Chunki Safo va Marva orasida yetti marta sa’y qilish umraning vojiblaridan sanaladi. Shuning uchun umra qilayotgan odam tavofdan keyin sa’yni tugatmaguncha ehromdan chiqa olmaydi. Agar sa’ydan oldin sochini oldirib, ehromdan chiqqan bo‘lsa, o‘z vaqtidan oldin ehromdan chiqqani uchun, zimmasiga bir jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Shu bilan birga sa’yni qilishi ham lozim bo‘ladi. Agar keksa yoki bemorligi tufayli o‘zi yurishga qiynalsa, aravada sa’y qilsa ham joiz bo‘laveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.