Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ey Robbim! Orzularimning ro‘yobini nasib et va mendan umidsizlikni ketkaz.
Ey Robbim! Muhabbat latofatini qalbimga joyla va kek tikonlarini sug‘urib tashla.
Ey Robbim! Nafsimning istaklariga g‘olib kelishni nasib et, birovlarning ayblarini bo‘rttirib yubormasligim uchun ko‘zimga qora parda tort.
Ey Robbim! Qalb ko‘zimni nurlantirginki, o‘z ayblarimni yaxshiroq ko‘rayin va boshqalarning ayblarini bo‘rttirib yubormasligim uchun ko‘zimga qora parda tort.
Ey Robbim! Odamlarga quvonch ulashib, ularni saodatmand etishimda menga yordam ber. Shu orqali ularning baxtiyor kunlarini ko‘paytirib, ko‘z yoshlari bilan o‘tajak tunlarini kamaytira olsam .
Ey Robbim! Menga afv etish lazzatini ato et. O‘ch olishga bo‘lgan ishtiyoqdan mahrum qil. Kuchlilar qarshisida meni zaiflardan va ro‘paramda zaiflar turganida zulmkorlardan aylama.
Ey Robbim! Qalbimga bag‘rikenglik va rahmat urug‘ini sep, ko‘ngil bog‘larimdan taassub va qahri qattiqlikni sug‘urib tashla.
Ey Robbim! Qalbimni iymon, har tarafimni O‘zingga muhabbat ila limmo-lim ayla va butun tanamga ixlosli bo‘lishni nasib et.
Ey Robbim! Sen yaratgan narsalarning go‘zalligini ko‘ra olishim uchun ko‘zlarimni kattaroq och.
Ey Robbim! G‘urur ko‘zlarimni ko‘r qilgan chog‘da, qalb ko‘zimni nurlantir. Menga xorlik hukmron bo‘lgan on azizlik ila martabamni ko‘tar. Bordi-yu, davr alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib, tashqi kuch oldida boshim egilsa, kuch-quvvat doimiy emasligini, haq gap esa barhayot va boqiy ekanini menga eslat.
Ey Robbim! Chohga qulaganim on tik turishni o‘rgat. Qaddimni rostlagan paytim boshqa yiqilganlar bor ekanini yodimga solginki, bo‘ynimni egib, ularning qadlari rost bo‘lishi uchun ko‘mak qo‘limni cho‘zayin.
Ey Robbim! Qarshi taraf ustidan g‘alaba nasib etsang, ularning ustidan kulishdan saqla.
Ey Robbim! Qanoat qilish va yo‘q bo‘lib ketish orasini, izzat va g‘urur orasini, kamtarlik va xorlik orasini ajrata oladigan qil.
Ey Robbim! Haq kuchlilar yoki zaiflar tarafida bo‘lmasin, haqqa ko‘makchi bo‘lishim uchun menga quvvat ato et.
Ey Robbim! Zulmatlarni aritadigan kichik bir shamchiroq bo‘lishimda menga ko‘mak ber.
Ey Robbim! Odamlar orasida muruvvatni yoyishimda, ularga intiqom zaifning quroli, kengbag‘irlik kuchlilarning aslahasi ekanini tom ma’noda anglay olishimga va ular mening gaplarimdan qanoat hosil qilishlarida menga madad ber.
Ey Robbim! Xatolarimdan qutulishim uchun xatolarimni tan olishimda madad ber. O‘zgalarning aybu nuqsonlarini, xatolarini fosh etishdan asra.
Ey Robbim! Meni yomon ko‘rganlarni men yomon ko‘rmay, meni yaxshi ko‘rganlarga ko‘proq muhabbat qo‘yay.
Ey Robbim! Agar odamlarning haqlari borasida xatoga yo‘l qo‘ysam, sodir etgan xatolarim uchun ulardan uzr so‘rashimda O‘zing qo‘lla. Agar odamlar mening haqimda xato qilsalar, ularning bu xatolarini kechirib yuborishim uchun kuch ato et.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Xabaringiz bor, O‘zbekisto Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, Samarqand shahrida yirik xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli anjumanda ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurgan Musulmon donishmandlari kengashi bosh kotibi Muhammad Abdussalom bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, professor Muzaffar Komilov o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Suhbat avvalida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash eng ustuvor vazifalardan ekanligi alohida ta’kidlandi.
Musulmon donishmandlari kengashi bilan aloqalarni rivojlantirish, diniy bag‘rikenglik hamda an’anaviy islom qadriyatlarini mustahkamlash borasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, Musulmon donishmandlari kengashi bilan hamkorlikda buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqand shahrida qayta barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi faoliyati doirasida samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari xususida so‘z yuritildi.
Bugungi kunda butun dunyo musulmonlari uchun ahillik, totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni turli xavf-xatarlardan asrash masalalari har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Bu yo‘nalishda tomonlar keng hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish, delegatsiyalar tashriflarini amalga oshirish, birgalikda turli ilmiy va amaliy tadbirlarni tashkil etishga kelishib olindi.