Sayt test holatida ishlamoqda!
01 May, 2025   |   3 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:51
Quyosh
05:21
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:23
Xufton
20:47
Bismillah
01 May, 2025, 3 Zulqa`da, 1446

Ramazondan keyin bajariladigan 4 amal

01.04.2025   2572   6 min.
Ramazondan keyin bajariladigan 4 amal

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ramazon oyi o‘tdi. Bir muddatga kishanlangan shaytonlar yana aqlimiz, uyimiz, o‘ngu so‘limizdan joy oldi. Yana insonlarni vasvasaga solish uchun ichgan ontini bajara boshladi.

«U dedi: «Meni yo‘ldan ozdirganing sababli ularga to‘g‘ri yo‘lingda albatta to‘g‘anoq bo‘laman. So‘ngra ularning oldilaridan, orqalaridan, o‘ng tomonlaridan va chap tomonlaridan kelaman. Va ularning ko‘plarini shukr qiluvchi holda topmassan» (A’rof surasi, 16-17-oyatlar).

Ramazondan oldin tinchimizni buzgan bu kurashda ojiz qolgan edik, ushbu barakotli oydagi sa’y-harakatlarimizdan asosiy ko‘zlangan maqsadni unutib qo‘ymaylik. Ramazondan olingan samaraning yo‘qolishiga imkon bermaylik. Shuningdek, tutgan ro‘zamizdan hosil bo‘lgan natijani qo‘ldan boy berib qo‘ymaylik.

Bashariyatni ro‘za tutishga buyurar ekan, Allohi taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:

«Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo‘lsalaringiz» (Baqara surasi, 183-oyat).

Hayotdagi asl maqsadimizni amalga oshirish uchun muhimi Allohni tanishdir. Allohdan qo‘rqish haq yo‘lda sobitqadam bo‘lishimiz uchun kurashda bizga kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Agar taqvo quvvatimiz bo‘lsa, Ramazon bizning shaxsiy murabbiyimizga aylanadi.

Ramazon oyi davomida Allohga bo‘lgan qo‘rquvimiz sabab asosiy moddiy ehtiyojlar (yeyish va ichish)dan o‘zimizni tiya olgan bo‘lsak, o‘sha qo‘rquv tufayli Ramazondan keyin ham harom ishlardan tiyilishga qurbimiz yetmaydimi? Ro‘za tutgan vaqtimiz hech birimiz bir stakan suvning yoniga yashirincha yaqinlashishga jur’at qilolmaymiz. Ramazonda o‘sha ichimlikka yashirincha yaqinlashishimizni ko‘rib turadigan o‘sha Robb bu oydan keyin ham bizni haromga qo‘l urganimizni ko‘radi-ku.

Ramazon oyida tanamizni oziqlantirish uchun saharda uyg‘onar edik. Ammo Ramazondan keyin bomdod mahali uxlab yotamiz va ruhimizni tirik qolishi uchun muhim bo‘lgan ehtiyojdan mosuvo qilamiz. Shayton bizni mag‘lub etishiga izn bermaylik. To‘g‘ri, u bizni biror nimaga undashi mumkin, biroq uning qo‘lidan faqat chiroyli ko‘rsatish keladi, xolos. Ixtiyor va imkon doim o‘zimizning qo‘limizda. Alloh taolo Qur’onda bizga aytadi:

«Ish bitib bo‘lganda shayton: «Albatta, Alloh sizga haq va’dani qilgan edi. Men esa sizga va’da berdim-u, va’damga xilof qildim. Mening ustingizdan hech qanday hukmronligim yo‘q edi. Faqat da’vat qilsam, o‘zingiz menga ijobat qildingiz. Bas, meni malomat qilmang, o‘zingizni malomat qiling. Men sizlarni qutqaruvchi emasman, sizlar ham meni qutqaruvchi emassizlar. Endi, men, albatta, ilgari meni sherik qilganingizni inkor qilaman. Albatta, zolimlarga, ha, ularga alamli azob bor», dedi» (Ibrohim surasi, 22-oyat).

Ba’zilar shayton ularning ustidan hukmronlik qilishiga qo‘yib berishadi. Ammo shaytonning hech kimning ustidan hukmronlik qilolmaydi. Alloh taolo shaytonga qarata xitob qildi:

«Albatta, mening bandalarim ustida sening sultoning yo‘qdir, magar senga ergashgan gumrohlargina bordir» (Hijr surasi, 42-oyat).

Biz ham qanday qilib shaytonga tobe bo‘lmaydigan Allohning bandalari qatoridan joy olishimiz mumkin? Qanday qilib Ramazon shukuhini butun yil bo‘yi, boringki, umrimiz davomida saqlab qola olamiz?


Quyida bu borada bir qancha yo‘llarni sanab o‘taman:


1. Namozingizni muhofaza qiling.

Ramazon oyida aksariyatimiz namoz ibodatlarini vaqtida, ko‘pincha masjidda ado etishga harakat qilamiz. Namozingizni muhofaza qilishda bardavom bo‘ling, chunki u, albatta, sizni himoya qiladi. Alloh taolo O‘zining Kalomida marhamat qiladi:

«...Albatta, namoz fohisha va munkar ishlardan qaytarur. Albatta, Allohning zikri buyuk ishdir. Alloh nima qilsangiz, bilur» (Ankabut surasi, 45-oyat).


2. Qur’onga yaqinlashib, Allohni zikr qiling.

Ramazon oyida aksariyatimiz kunduzi va kechalarni Qur’on tilovat bilan o‘tkazdik. Qur’on o‘qib, Allohni zikr qilish sizni shaytondan himoyalaydi va qalbni sayqallab turadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: «Har bir narsaning zangini ketkazuvchi vosita bor. Qalbning zangi Allohning zikri bilan sayqallanadi» (Imom Buxoriy rivoyati).

Yana Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Qur’onni ko‘proq tilovat qiling. Chunki Qiyomat kuni Qur’on egasiga shafoatchi bo‘lib keladi» deganlar (Imom Muslim rivoyati).


3. Ko‘p o‘ylab, oz gapiring.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Ba’zida inson Allohga xush keladigan so‘zni gapiradi, buning evaziga Alloh uning martabasini ko‘taradi va ba’zida bir inson Allohning g‘azabini keltiradigan so‘zni aytib qo‘yadi va bu uni do‘zaxga olib boradi» (Imom Buxoriy rivoyati).

Solih salaflardan Ibrohim Naxaiy bunday degan:

«Mulohaza qilib ko‘rgan kishi har bir yig‘ilishning eng oliyjanob va eng obro‘lisi sukut saqlagan kishi ekanini bilib oladi, chunki sukut olimni ko‘rkam qiladi va johillarning aybini yashiradi».


4. Ko‘p istig‘for ayting. Ko‘pchiligimiz Ramazon oyi davomida Allohga istig‘for aytamiz, biroq bu ibodatni Ramazon tugashi bilan tark etamiz. Shuni yodingizda saqlangki, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam kuniga 100 marotaba istig‘for aytganlar. Istig‘for aytish qalbimizni pok va uni Allohga bog‘langan holda saqlaydi.

Yaqin hamkasblarimdan biri Ramazon tugagach, o‘zini xuddi yaqin insonini yo‘qotganday his qilishini aytgandi. Bu ayni haqiqat. Ammo u o‘tib ketgach, uning g‘animatligini sezganimizda ham bir hikmat borligini unutmaylik.

Flyura Umurzoqova tarjimasi

Boshqa maqolalar

"Sahro kemasi"ning mo‘jizalari

25.04.2025   14751   7 min.

Qur’on nozil bo‘lgan paytda odamlarga eng yaqin hayvon tuya bo‘lgan, shuning uchun ularning e’tibori tuyaga tortilyapti. Haqiqatda tuya bir mo‘jiza: uning tuzilishi-quloq, burun, ko‘z, oyoq, tuyoqlari sahro uchun moslashgan. Shuning uchun ham uni arablar sahro kemasi, deyishadi. Tuya issiq havoda yurishga moslashgan, suv ichmay bir necha kunlab yurishi mumkin va hokazo.

Endi, sahro kemasining yaratilishidagi ba’zi bir ajoyibotlarga qisqacha bo‘lsa ham nazar solaylik. Tuyaning ko‘zlari boshning yuqori qismiga joylashgan bo‘lib, ortga qarash imkonini beradi. Uning qovoqlari esa qumni to‘sishga moslashgandir.

Shuningdek, tuyaning burun kataklari va quloqlari ham qum kirishini to‘sadigan junlar bilan jihozlangandirlar. Sahroda shamol turishi bilan tuyaning tumshuqlari ham, quloqlari ham jismiga tortilib, qumdan zarar ko‘rmaydigan holatga kelib oladi.

Tuyaning tuyoqlari ham alohida shakldagi suyaklarga kiygizilgan go‘sht va teridan iborat qo‘lqop bo‘lib, qumda bundan boshqa tuyoq bilan yukli ravishda yurish mumkin emas.

Tuya sahroda och qolganda, quruq yog‘ochni, hatto tikonni ham yeb ketaveradi.

Tuyaning o‘rkachi o‘ziga xos ozuqa omboridir. Agar tuya sahroda och qolsa, o‘sha o‘rkachidagi “ombor”dan ozuqa olaveradi.

Sahroda eng zaruriy narsa suv hisoblanadi. Tuyani Alloh taolo bu ehtiyojiga ham moslab yaratgan. Avvalo tuya ter chiqmaydigan qilib yaratilgan. Ya’ni, u jismidagi suvni o‘zida saqlab turadi.

Qolaversa, tuyaning burni og‘ziga ulangan. Shuning uchun uning nafas olishi tufayli chiqqan bug‘ham yana og‘zi orqali ichiga qaytadi. Shu bilan birga tuya birdan ko‘p suv ichib olish qobiliyatiga ega. U oltmish litrgacha suv ichishi mumkin. Bu esa unga sahroda olti kundan o‘n kungacha suv ichmay yurish imkonini beradi.

Ushbu zikr qilingan narsalar Alloh taoloning, o‘sha tuyani yaratgan Zotning qudratiga dalil emasmi?

Ha, tuyaning va har bir jonzotning yaratilishiga ibrat nazari bilan aqlni ishlatib qaragan inson Allohning qudratiga tan bermay iloji yo‘q.
 

Ular tuyaning qanday yaratilganiga nazar solmaydilarmi? (G‘oshiya surasi, 17-oyat).

1. Tuya hayvonot olami tarixida eng eski hayvon turlaridan biridir. Evolyutsiyachilar nazariyasiga ko‘ra, tuya ham dinozavrlar bilan birga yo‘q bo‘lib ketishi kerak edi, lekin hech bir tabiat hodisasi uni yo‘q qilib yuborolmagan.
2. Tuya faqat sellyuloza (cho‘l va dashtlarda dag‘al o‘t va xashaklar, yantoq, saksovul) bilan oziqlanib, vitaminlarni va hayot uchun kerakli barcha kimyoviy moddalarning ko‘pini ishlab chiqaruvchi va shu tariqa hayotini davom ettiruvchi birdan-bir hayvondir.
3. Tuya bir necha ming yillardan hozirga qadar odamzotga tashuvchilik xizmatini qilayotgan yagona jonivordir. O‘rta Osiyo hududida bundan 100 yil avval ham tuyalar pochtasi mavjud bo‘lgan.
4. Tuyalar o‘z vaznining yarmiga teng — 250-300 kg yukni ko‘tara oladi, vazniga nisbatan 10-12% og‘irlikdagi yukni tortish kuchiga ega. Soatiga o‘rtacha 4 km tezlikda, kuniga 35-40 km masofani bosib o‘tadi. Agar ustida yuki bo‘lmasa, to‘xtovsiz 100 kilometr yo‘l bosa oladi.
5. Tuya bir ichishda 200 litrga yaqin suv ichadi. Sho‘r suvni ham ichaveradi. 100 litr suvni 10 daqiqada ichib tugatadi. Tuya bir haftagacha yemay, 34 kungacha suv ichmasdan yurishi mumkin. Suv bor joyni 50-60 kilometr uzoqlikdan his etadi.
6. Tuya suti tarkibida kalsiy, magniy, temir, fosfor, C, D vitaminlari, foydali mineral va mikroelementlar ko‘p bo‘lib, u sigir sutidan bir necha karra foydaliroq. Tuya suti – parhez mahsulot. Unda yog‘ va shakar miqdori sigirnikidan ancha kam. Tuya suti sutemizuvchilar ichida inson sutiga eng yaqinidir.
7. Tuyaning tana harorati tunda, sahro soviganda +34°C gacha pasayadi. Kunduzi 41°C darajagacha ko‘tariladi. Bu bois tevarak-atrofdagi havo harorati o‘zgarganda tuya deyarli terlamaydi va suv yo‘qotilishining oldi olinadi. Tuya juni quyoshda 70-80 gradusgacha qizisa-da, uning tana harorati 40 gradusda bo‘ladi.
8. Tuyaning o‘rkachida suv emas, yog‘ saqlanadi. O‘rkach tuya uchun ozuqa zaxirasi hisoblanadi. Tuya o‘rkachi qattiq ozuqani yeyishni boshlaganidan keyin paydo bo‘ladi, shuning uchun bo‘taloqlarning o‘rkachi bo‘lmaydi.
9. Tuyalar suvni o‘rkachlardagi yog‘lardan oladi, 100 gramm yog‘ning oksidlanishidan 107 gramm suv hosil bo‘ladi. O‘rkachdagi yog‘ haddan ziyod issiq havoda tana haroratini me’yorda ushlab turadi.
10. Tuya gavdasining yerga tegib turadigan qismlarida, ko‘kragi, tirsagi va tizzasida qadoqli tuzilmalar bor. Shu tufayli issiq (70°C gacha qizigan) yerda ham yota oladi.
11. Tuyaning ko‘zi favqulodda ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lib, 3-4 kilometrdan tahdidlarni aniqlay oladi. Uchta ko‘z qovog‘i, ikki qator uzun kipriklar ko‘zga qum kirishining oldini oladi. Qalin qoshlar, zich va qalin sochlar ko‘z va boshni quyosh nurlaridan himoya qilishga yordam beradi.
12. Tuyalar burniga qum kirib ketishining oldini olish uchun burun teshiklari ochilib-yopiladi.
13. Tuyaning ikkita labi bo‘ladi, ular mustaqil ravishda harakatlanib, tikanli cho‘l butalarini zararsiz yeya oladi.
14. Tuyaning quloqlari o‘tkir eshitish qobiliyatiga ega. Quloqlar ichkaridan va tashqaridan tuk bilan qoplangan bo‘lib, qumdan himoyalangan. Chang bo‘ronlari paytida tuyalar quloqlarini aylantira oladi.
15. Tuyaning tuyoqlari uzun bo‘lib, ularni qumga bir tekis taqsimlaydi va cho‘kib ketmaydi. Tuya otlar kabi oldinga va orqagagina emas, to‘rt tomondagi odam yo hayvonni tepa oladi. Tuyoqlaridagi elastiklik darajasi yuqori.
16. Tuyalar nafaqat issiq haroratli mintaqalarda, juda past haroratli joylarda ham yashay oladi. Ularda qishda sovuqqa bardoshli uzun va qalin himoya junlari o‘sadi, yoz oylarida esa to‘kiladi.
17. Urg‘ochi tuyalarning homiladorlik davri 12 oydan 14 oygacha. Tuyalarning egiz tug‘ish holati deyarli kuzatilmagan. Yangi tug‘ilgan bo‘taloqning vazni 34 kilogrammgacha bo‘ladi. U tug‘ilgandan yarim soat o‘tiboq yurishni boshlaydi.
18. Tuya — dunyoda eng qaysar jonivor. Agar u yotib dam olishni xohlasa, uni o‘rnidan qo‘zg‘atish juda qiyin. Uning jahlini chiqarsangiz, tuflab tashlaydi. U juda aniq tuflaydi va tupugi juda sassiq bo‘ladi. Chunki u oddiy so‘lak emas, naq oshqozondan otilib chiqadi.
19. Tuya dengiz yoki daryoda suza oladi.
20. Tuya arabchada “jamal” — “go‘zallik” ma’nosini bildiradi. Bu so‘z avval yunonlarga “kamēlos” shaklida o‘tib, undan inglizlarga “camel” tarzida o‘tgan.