Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Mo‘min uchun eng katta ne’matlardan biri uning vaqti, umridir. Agar oldiga aniq, qat’iy maqsad qo‘ymasa, hayotda o‘z o‘rnini topa olmaydi.
Mo‘min kishi kunlik, haftalik, oylik, yillik, xullas butun umrini rejalab olib, shu asosda harakat qilsa, vaqtiga baraka, mazmun kiradi.
Ayrimlarda mutlaqo reja bo‘lmaydi va nima qilishini bilmay, boshqalar rejasi asosida yashab, ularning rejalariga xizmat qiladi.
Aslida hammaning o‘ziga yarasha kelajakda bajarishi lozim bo‘lgan yumushlari, erishishni ko‘zlagan orzu-maqsadlari bor. Lekin ko‘pchilik ularni tartiblab, muhimlarini qaydlab yozib chiqmagan. Shuning uchun ham, atrofidagilarga qattiq bog‘lanib qolgan va ular ta’siridan tashqariga chiqolmaydi.
Rejani qanday tuzish kerak? Avvalo kishi jismoniy, ruhiy, iqtisodiy, oilaviy va ijtimoiy imkoniyatlarini chamalab, qilishi mumkin bo‘lgan ishlarni belgilaydi. Bu borada ustozlar, ota-onasi va ilmli, hayotiy katta tajribaga ega muvaffaqiyatli kishilarning kun tartiblarini o‘rganish, imkon bo‘lsa, ular bilan fikr almashib, maslahatlarini olish va shulardan kelib chiqib qiladigan har bir ishni vaqtlar kesimida yozib chiqish kerak.
Aytilganidek, «Orzular yozish bilan maqsadga aylanadi». Yozilgan maqsad esa kishini ogohlantirib, dangasalik qilmay va bo‘shashmay olg‘a intilishga undaydi.
Maqsadlarni ma’lum vaqt bilan chegaralab olish ishlarni «ertaga qilaman», «indinga bajaraman» deb ortga surmay, o‘z o‘rnida bajarish lozimligini eslatib turadi.
Doimiy reja asosida qilib boriladigan ish vaqt o‘tishi bilan o‘z samarasini beradi.
Bu haqda ko‘p yozib o‘tirmay, ulamolarimiz rejalaridan birgina namuna keltirsak kifoya:
Shayx Yorqinjon domla rahimahulloh har kuni yaqin sheriklar bilan kamida 100 bet kitob o‘qishni, bir yilda 1000 ta, o‘n yilda esa 10000 ta kitob o‘qishni reja qilgan va shunda bardavom bo‘lgan ekanlar. Bu miqdor mustaqil kitob o‘qishlari va ta’liflaridan tashqari.
Shu kabi ilmda, kasb-hunarda va boshqa har qanday sohada muvaffaqiyatga erishgan kishilar hayotiga nazar tashlasangiz ular o‘z oldiga yuksak maqsad qo‘yib, qadriyatlarini belgilab, mana shu asosda harakat qilganlarini ko‘rasiz.
Albatta, hammasi Alloh taolo bitib qo‘yganidek bo‘ladi. Bizdan sabablarni qilish va harakat talab etiladi. Natija esa Allohdandir. Maqsadlarni yozib, bor kuchimizni sarflab unga erisholmasak yoki umrimiz yetmay qolgan taqdirda ham qilgan yaxshi niyatimiz va harakatimiz uchun ajr olamiz, inshaAlloh.
Muhammad Zarif Muhammad Olim tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.
Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.
Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.
Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.
“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.
Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.
Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.
Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.
Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.
Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.
Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.