Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon namozdan forig‘ bo‘lsalar:
اللهُمَّ اجْعَلْ خَيْرَ عُمُرِي آخِرَهُ وَخَيْرَ عَمَلِي خَوَاتِمَهُ وَاجْعَلْ خَيْرَ أَيَّامِي يَوْمَ أَلْقَاكَ
«Allohummaj’al xoyra ’umuriy axirohu va xoyro ’amaliy xovatimahu vaj’al xoyro ayyamiy yavma alqoka», deb aytar edilar.
Ma’nosi: Alohim, umrimning yaxshisini oxiri, amalimning yaxshisini xotimasi va kunlarimning yaxshisini Senga yo‘liqadigan kun qil (Ibn Sunniy rivoyati).
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan
Musulmon birodaringiz qilgan xatosini tan olib, sizdan uzr so‘rab kelsa, samimiy uzr so‘rayotganiga alomatlar bor bo‘la turib, uning uzrini qabul qilmasligingiz tahrimiy makruh bo‘ladi. Chunki bu vaziyatni o‘zining foydasiga suiste’mol qilish va birodardan yomon gumon qilish bo‘ladi.
Ibn Javdon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim musulmon birodaridan uzr so‘rasa-yu, ammo u qabul qilmasa, unga (nohaq) o‘lpon yig‘uvchining gunohi kabi gunoh bo‘ladi", deganlar.