Musibat gohida mudroq iymonni uyg‘otishi va insonni Allohga qaytarishi mumkin. Natijada kasallikni davoga, qiyinchilikni esa sovg‘aga aylantiradi.
Qiyinchiliklarga dosh berish Allohga bo‘lgan odob va Uning taqdirini mamnuniyat bilan qabul qilish belgisidir.
Hikmatlarda aytiladi: "Men yumshoqlikni ham, qilichni ham sinab ko‘rdim. Bildimki, yumshoq – muloyimlik keskirroq ekan".
Bardoshli mo‘min hodisalarga nisbatan zaif va munofiqlarcha emas, xuddi raqibiga jang taktikasini sezdirmaydigan pahlavon bahodir kabi harakat qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Mo‘min yangi ekilgan nihol daraxtiga o‘xshaydi. Qaysi tarafdan shamol essa, u ana shu tarafga og‘adi va shamol to‘xtagan paytda yana tik turib oladi. Xuddi shunday, musulmon ham har xil balo va qiyinchiliklarga duchor bo‘ladi (lekin u, Alloh uning qiyinchiliklarini ko‘targunicha, sabr qiladi). Va fosiq (yomon) odam esa qarag‘ay daraxtiga o‘xshab qattiq va tikka bo‘lib turaveradi, Alloh uni O‘zi xohlagan paytda uzib (sindirib) tashlagunicha" (Imom Muslim rivoyati).
Hayotning yoqimsiz voqealariga duch kelishda bardoshli bo‘lish gohida ularga nisbatan tabassum bilan boqishga va xotirjamlik bilan qabul qilishga imkon beradi. Siz shunday davom etishini xohlaganingiz uchun emas, ulardan bezovta bo‘lib, qayg‘uga tushishni yengillatish uchun shunday tabassum kerak bo‘ladi.
©️ Shayx Muhammad G‘azzoliy
Musulmon birodaringiz qilgan xatosini tan olib, sizdan uzr so‘rab kelsa, samimiy uzr so‘rayotganiga alomatlar bor bo‘la turib, uning uzrini qabul qilmasligingiz tahrimiy makruh bo‘ladi. Chunki bu vaziyatni o‘zining foydasiga suiste’mol qilish va birodardan yomon gumon qilish bo‘ladi.
Ibn Javdon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim musulmon birodaridan uzr so‘rasa-yu, ammo u qabul qilmasa, unga (nohaq) o‘lpon yig‘uvchining gunohi kabi gunoh bo‘ladi", deganlar.