Bismillahir Rohmanir Rohiym
اللهم إنك قد أقدرت بعض خلقك علي السحر والشر ولكنك أحتفظت لذاتك بإذن الضر فأعوذ بما أحتفظت به مما أقدرت عليه بحق قولك ﴿وَمَا هُمْ بِضَارِّينَ بِهِ مِنْ أَحَدٍ إِلَّا بِإِذْنِ اللهِ﴾
O‘qilishi: Allohumma innaka qod aqdarta ba’zo xolqika a’las sihri vash sharri va lakinnaka ihtafazta lizatika biizniz-zorri. Faa’uzu bima ihtafazta bihi mimma aqdarta alayhi bihaqqi qovlika "Vama hum bizoorriyna bihi min ahadin illa biiznillah".
Ma’nosi: Allohim Sen ba’zi xalqingni sehr va yomonlikka qodir qilding. Lekin yomonlikning ta’sirini O‘zingni izningda saqlab qolding. O‘zingni izningda saqlab qolgan narsang bilan qodir qilgan narsangdan panoh berishingni O‘zingni quyidagi so‘zing haqqi hurmati so‘rayman: "Va ular Allohning iznisiz biror kishiga zarar yetkazuvchi emasdilar" (Baqara surasi, 102-oyat).
©️ Shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roviy rahimahullohning duolaridan.
Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh “Hazihi mushkilaatuhum” kitobida yozadi: “Daraxtlar har yili qurib, bahor kelganida jonlanib qaytadan o‘sadi. Bu hodisaga hayrat bilan qaramaymiz, aksincha, tabiiy hodisa deb qaraymiz. Chunki bu narsa hayotimizda doim takrorlanib, uni yoshligimizdan ko‘rib kelganimiz. Lekin o‘simlik yerni yorib chiqqani singari bir necha yil oldin o‘lgan odam qabridan tirilib chiqib, shoshilib uyiga ketdi, desa uni yolg‘on deymiz va inkor qilamiz. Chunki u biz duch kelmaydigan hodisa hamda o‘zimiz tuzgan hayot qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi.
Lekin Alloh bu holatni borliq nizomi va odatiy ish qilishni xohlasa, u ham bizga oddiy bo‘lib qoladi. Na hayratlanasiz, na inkor qilasiz. Endi ilmiy institutlar shuni o‘rganib tahlil qila boshlaydi. Shu asosda yangi nizom va qoidalar ishlab chiqishadi.
Demak, mumkin va amri mahol voqealar o‘rtasidagi farq insonlarning o‘y-xayollaridan kelib chiqqan. Aqliy qaror yoki hukmdan kelib chiqmagan”.
Oybek HOSHIMOV,
Hadis ilmi maktabi katta o‘qituvchisi.