Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyun, 2025   |   13 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:37
Shom
19:58
Xufton
21:36
Bismillah
09 Iyun, 2025, 13 Zulhijja, 1446

Shavvol oyi ro‘zasi uchun qanday niyat qilinadi?

02.04.2025   4681   2 min.
Shavvol oyi ro‘zasi uchun qanday niyat qilinadi?

Shavvol oyining olti kunlik ro‘zasi uchun saharlikda quyidagicha niyat qilinadi:

“Navaytu an asuma sovma shahri Shavvol minal fajri ilal mag‘rib xolisan lillahi ta’ala”.

Tarjimasi: “Alloh roziligi uchun shavvol oyining ro‘zasini tong sahardan to quyosh botguncha ixlos bilan tutishga niyat qildim”.

 

Shavvol iftorligida ham xuddi Ramazondagidek duo o‘qib og‘iz ochiladi:

Allohumma laka sumtu va bika amantu va a’layka tavakkaltu va a’la rizqika aftartu, fag‘fir li, yaa G‘affaru, ma qoddamtu va ma axxortu”.

Tarjimasi: “Allohim, Sen uchun ro‘za tutdim, Senga iymon keltirdim, Senga tavakkul qildim va Sening rizqing bilan iftor qildim. Ey mag‘firat qiluvchi Zot, oldingi va keyingi gunohlarimni mag‘firat et”.


Saharlikda taomlanishdan oldin quyidagi duoni o‘qish tavsiya etiladi:

“Allohumma, barik lana fiyhi va at’imna xoyran minhu”.

Tarjimasi: “Allohim, buni barakali qil va bizni bundan ham yaxshirog‘i bilan taomlantir”.

Ramazon oyining qazo ro‘zasi uchun saharlikda quyidagicha niyat qilinadi: “Navaytu an asuma sovma qazo shahri Ramazon minal fajri ilal mag‘rib xolisan lillahi ta’ala”.

Tarjimasi: “Ramazon oyi qazo ro‘zasini tongdan to quyosh botgunga qadar Alloh uchun ixlos bilan tutishga niyat qildim”.

 

Zafar qori MAHMUDOV,
Toshkent Islom instituti “Qur’on ilmlari”
kafedrasi o‘qituvchisi.

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muazzam kunlar og‘ushidamiz

05.06.2025   11015   4 min.
Muazzam kunlar og‘ushidamiz

Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.


Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.


Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.


Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan  ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.


Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!


Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.


Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.


Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni,  yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.


Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.


Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.


Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.

Xolmurod MAMAJONOV,

Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari