Bugun, 1 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Andijon viloyati Izboskan tumanidagi baxtsiz hodisa ro‘y bergan “Ahmadali hoji” jome masjidini mutasaddilar ishtirokida ko‘zdan kechirdilar. Voqea tufayli ta’ziyali bo‘lgan xonadonlarga hamdardlik bildirdilar. Qur’oni karim oyatlari o‘qilib, marhumlar haqiga bag‘ishlandi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 31 mart kuni (https://t.me/muslimuzportal/40908) masjid tahoratxonasida gaz-havo aralashmasining chaqnashi oqibatida bir necha fuqaro halok bo‘lib, 10 kishi turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Hodisa natijasida tahoratxona devor va tom qismiga zarar yetgan, yong‘in sodir bo‘lmagan.
Muftiy hazratlari boshchiligidagi ulamolar vafot etganlarning janoza namozlarida, ma’raka-marosimlarida haqlariga duolar qilishdi. Marhumlarning yaqinlariga moddiy-ma’naviy tasalli berildi. Tan jarohati olib, shifoxonalarda muolaja olayotganlarga tez fursatda sog‘ayib ketishlarini tilandi.
Halok bo‘lganlarning oila a’zolariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan moddiy yordamlar berildi. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka asosan moddiy yordam pullari ham to‘lash nazarda tutilgan. Masjidning talafot ko‘rgan qismini qayta tiklash ishlari uchun ham belgilangan tartibda mablag‘lar ajratiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Janoza namozida to‘rtta takbirni aytish farz deb eshitganmiz. Imomga iqtido qilgan kishilar ham takbirlarni aytishlari kerakmi? Ularga ham to‘rt takbirni aytish farz bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Albatta, iqtido qilganlar ham mazkur takbirlarni aytishlari farz bo‘ladi. Chunki ulamolarimiz mazkur takbirlar boshqa namozlardagi rakatning o‘rnida bo‘ladi, ya’ni to‘rt takbirli janoza go‘yoki to‘rt rakatli namozning hukmida bo‘ladi, deganlar.
Shu bois imom ham, unga iqtido qilganlar ham takbirlarni aytishlari shart hisoblanadi. Agar kimdir takbirlarni aytmasa, yoki ulardan bittasini qoldirsa, janoza o‘qigan bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.