frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Maqolalar

Yomonlik qilganga yaxshilik tilang!

03.04.2025   7499   1 min.
Yomonlik qilganga yaxshilik tilang!

Bir o‘smir yigit bekatda o‘tirgan otaxonning oldiga kelib, “Assalomu alaykum otaxon, meni eslay olasizmi?” deb so‘radi. Otaxon: “Yo‘q, eslay olmadim, biz tanishmizmi?” deb javob qildi. Bir necha oy avval shu bekatga kelgan avtobusga birga chiqqandik.

Suhbat jarayonida siz Allohga ishonishingizni aytdingiz. Men sizga qo‘pollik qilib, ustingizdan kuldim. Keyin bu ishimdan uyaldim, ammo sizdan kechirim so‘ramadim.
 

Otaxon jim bo‘lib qoldi. O‘smir yigit gapida davom etdi: “O‘sha kuni kechasi otam olamdan o‘tib qoldi. Hayotim o‘zgarib ketdi. Qur’on o‘qishni o‘rgandim. Endi esa, Alloh yana sizga duch qilib, fursat berdi. O‘shanda qilig‘imdan ranjigan bo‘lsangiz-da, yomon gapirmadingiz. Hozir sizdan uzr so‘ramoqchiman”.


Otaxon unga tabassum bilan qaradi: “Bilasanmi, o‘sha kuni haqqingga Allohdan hidoyat so‘ragan edim. Hecham yomon tilak qilmagandim. Balki o‘sha kuni haqqingga qilgan duoim ijobat bo‘lgandir”, dedi.


Xulosa shuki, kimdir sizni xafa qilsa birdaniga uni duoibad qilmang. Balki mazlumning duosi qabul bo‘ladigan damlarda Allohdan unga hidoyat, husnixulq so‘rang. Zero, qo‘llarimizni duoga ochar ekanmiz, tilagimizning barakasi, albatta, o‘zimizga ham tegadi. Alloh taolo Kalomida shunday marhamat qiladi: “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur” (An’om surasi, 160-oyat). 


Akbarshoh Rasulov

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

20.08.2026   62748   1 min.
“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.

Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.

Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.

Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari