MDH Ijroiya qo‘mitasi portalida Xivada bunyod etilgan "Arda Xiva" sayyohlik majmuasiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Qayd etilishicha, majmua mashhur tarixiy Xiva shahridan qariyb 4 kilometr uzoqlikda joylashgan. "Mahalliy aholi allaqachon ushbu majmuani qadimiy kentni to‘ldiradigan sun’iy yo‘ldosh shahar deb atamoqda. Hududda turli darajadagi beshta mehmonxona va 13 mehmon uyi qurildi. Ular bir vaqtning o‘zida mingdan ortiq mehmonlarni qabul qila oladi", – deyilgan nashrda.
Majmua dizaynerlari "Sharqiy Venetsiya" g‘oyasidan ilhomlangan. Bu yerda sayyohlar qayiqlarda atrofni tomosha qilishlari uchun kanal qurildi. Bundan tashqari, majmua hududida Xivaning mashhur binolari, jumladan, Kalta Minor va boshqa me’moriy obyektlarning nusxalari o‘rnatilgani maskanga o‘zgacha fayz bag‘ishlamoqda.
"Arda Xiva" majmuani barpo etish g‘oyasi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan. Ish bir necha yil avval boshlangan va 2024 yil oktyabr oyida yakunlandi. "Arda Xiva" nomi tarix bilan bog‘liq. "Arda" so‘zi port shahar ma’nosini bildiradi. Tarixchilarga ko‘ra, Amudaryo ilgari Xiva yaqinidan oqib o‘tgan va Kaspiy dengizi bilan bog‘langan bo‘lishi mumkin", – deb ta’kidlangan materialda.
Portal, shuningdek, qadimiy Xiva shahri dunyo sayyohlari o‘rtasida juda mashhurligini qayd etgan. Uning asosiy diqqatga sazovor joyi Ichan-Qal’a bo‘lib, u 1991 yilda O‘zbekistonda birinchi bo‘lib YUNЕSKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Yangi qurilgan "Arda Xiva" turistik majmuasi ham hududni sayohatchilar uchun yanada jozibador qiladi.
Maqola "Xiva Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shaharlardan biri sanaladi va uning tarixi 2500 yildan ortiqroqqa borib taqaladi. Bu bir vaqtlar Buyuk ipak yo‘lining muhim nuqtasi bo‘lgan", degan so‘zlar bilang yakunlangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot matbaa ijod uyi bosh direktori Sultonbek Imomnazarovning bobolari Imomnazar otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya bildiradi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Sultonbek Imomnazarovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi