Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha sayyor seminar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Bunda soha xodimlari, mahalla raislari va joylardagi hojilar bilan birgalikda mahallalarda yashovchi yordamga muhtoj, bemor va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning holidan xabar olib, ularga moddiy va amaliy yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda.
Ushbu tadbir shu yil 2 aprel kuni Beruniy tumanida tashkil etildi. Tumandagi markaziy “Shayx Abboz valiy” jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, ishchi guruh tuzildi va sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Beruniy tumanining 5 ta masjidi va 20 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 102 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning hol-ahvolini so‘radi. Ularning muammolarini o‘rgandi, fikr-mulohazalarini tingladi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 102 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish ishlarini olib borish, bahor mavsumiga tayyorgarlik ishlari, nizom asosida ish va hujjat yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar yaratish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado etib, yig‘ilganlarga “Tinchlik saodati, shukronalik, ilm olish fazilati, yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish, missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari” kabi dolzarb mavzularda nutq so‘zladi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, imom-xatiblarning ma’naviy-ma’rifiy va masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi
Savol: Biz tomonlarda o‘g‘il farzand uchun qilinadigan sunnat (xatna) to‘yiga kelinning otasi yoki aka-ukalari so‘qim (so‘yiladigan qoramol) olib borishlari shartdek bo‘lib qolgan. Hatto bu narsa kelin tarafdagilarning burchi degan tushuncha ham bor. Shuning uchun ayrim hollarda ba’zi otalar nevarasini sunnat to‘yiga yerini sotish yoki katta qarzlarni olishgacha majbur bo‘layapti. Shu ishlar dinimizda bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xatnani bor ekanligi barchaga ma’lum va bu uchun ziyofat qilib berish ham bor. Ammo bu narsa farz yoki vojib, hatto sunnat ham emas, balki u ayrim sahobiylarning shunchaki odati bo‘lgan. Lekin u hozirgi kunda avj olgandek bema’ni dabdabozlik bilan emas, balki tor doirada kamtarona dasturxon yozib o‘tkazilgan.
Demak, aslida sunnat ham bo‘lmagan ushbu “to‘y”ga so‘qim olib kelish qiz tomonning burchi deyish mantiqsiz ekani ko‘rinib turibdi. Buni johilona hoyu havas ortidan paydo bo‘lgan xurofot desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Aynan mana shunaqa tayini yo‘q “majburiyat”lar tufayli qanchadan-qancha oilalar jabr ko‘ryapti va hatto ayrim oilalar “so‘qim qilinmagani yoki olib kelingan so‘qimning kichkinaligi” sababidan buzilib ketishgacha ham bormoqda.
Dinimizda hadya ulashishga targ‘ib qilingan. Ammo bu chin yurakdan hamda beruvchiga malol kelmasdan amalga oshirilishi kerak.
Shunday ekan, kuyov tomonga yuboriladigan novvoslarni hadya deb bo‘lmaydi. Chunki bu narsa oshkora yoki zimdan qilingan talab yoki kelin tomonning odamlardan uyalib yoxud “qizim xijolat bo‘lmasin”, deb qiladigan “sovg‘asi” bo‘ladi. Kuyov tomonning kelin tomonga bunday talablar qo‘yishi katta xato va gunoh sanaladi. Qolaversa, chin ko‘ngildan berilmagan narsani yeyish ham shubhali hisoblanadi. Zero Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
لا يحل مال امرئ مسلم الا عن طيب نفسه رواه احمد
“Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Shunday ekan, bunday ishga chek qo‘yish lozim. Agar qilmoqchi bo‘lsalar, kuyov tomon imkoni darajasida o‘zlari qilsinlar. Agar imkonlari bo‘lmasa, qaynotani zimmasiga yuklamasliklari lozim. Imkon bo‘lmagani uchun bu kabi ehsonni qila olmasa, gunohkor bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.