Temuriylar davrida til, adabiyot va xalqning savod masalasiga alohida ahamiyat qaratilgan. Shuning uchun ham o‘z davrida badiiy adabiyotda durdona asarlar yaratildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasiga o‘rta asrlarda bitilgan temuriylar saltanatidagi til va yozuvlar haqida ma’lumotlar beruvchi tarixiy asarlar hamda manbalar joy oladi.
Shuningdek ekspozitsiyadan, sohibqiron Amir Temurning eski o‘zbek tilidagi hujjatlari — 1378 yilda Xorazmda Abu Muslim avlodlariga bergan tarxon yorlig‘i, 1400 yilda Sig‘noqlik Sirojiddinni Shayxul-islom lavozimiga tayinlash munosabati bilan bergan farmonning mulyaji o‘rin egallaydi.
Eski o‘zbek tilida turkiy xatda bitilgan hujjatlar – Shoxruh Mirzoning 1422 yildagi vasiqasi, Abu Said Mirzoning 1468 yili oq quyunlilar hukmdori Uzun Hasanga yo‘llagan diplomatik maktubi, Umarshayx Mirzoning Marg‘ilon buzurglaridan Mir Said Ahmadga 1469 yilda bergan vasiqasining mulyajlari ekspozitsiyaning qimmatli eksponati hisoblanadi.
Eski o‘zbek tili faqat temuriylar saltanatida emas balki o‘sha davrdagi barcha turkiy ellarda rasmiy til vazifasini o‘tagan. Shuning uchun ekspozitsiyadan ushbu faktni tasdiqlovchi hujjatlar — Fotih Sulton Mehmedning 1473 yili oq quyunlilar hukmdori Uzun Hasan ustidan qozonilgan g‘alaba tantanasiga bag‘ishlab yozdirgan zafar yorlig‘i, 1466 yili Mahmudxonning Fotih Sulton Mehmedga yo‘llagan maktubi, Ahmadxonning 1477 yilda Fotih Sulton Mehmedga yo‘llangan xati hamda Qrim xonlarining 1453 yildan boshlab 1479 yilga qadar usmonli sultonlarga yo‘llagan maktublarining nusxalari joy oladi.
Loyihalar Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti boshchiligida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
Axborot xizmati
Ayni kunlarda haj safariga kirishgan ilk ziyoratchilarimiz Madina shahridagi besh yulduzli “Zamzam Pullman” zamonaviy mehmonxonasida istiqomat qilishmoqda.
Mazkur mehmonxona Masjidi Nabaviyning yonida joylashgan bo‘lib, ziyoratchilarimiz besh mahal namozni ado etish, Ravzai sharifga kirish va bir necha bor Rasul alayhissalomga salom yo‘llash saodatiga ega bo‘lmoqda.
Mehmonxonada hozirlangan sharoitlar barcha hojilarimizni mamnun etmoqda. Har bir xonada kiyim javoni, yozuv stoli, sovutgich va muzlatgich, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz, Qur’oni karim, televizor bor. Foye, lift va xonalar keng va yorug‘.
Hojilarga xizmat ko‘rsatadigan oshxona-restoranda ham zarur o‘rinlar va barcha qulayliklar yaratilgan. Bir necha ming kishilik oshxonada ibodatga quvvat bo‘ladigan laziz taomlar, salatlar, sarxil mevalar, shirinliklaru sharbatlar tortiq qilinmoqda.
Mazkur mehmonxonada joylashgan O‘zbekiston ishchi guruhi shtabi barcha tashkiliy ishlarni risoladagidek bo‘lishi uchun 24 soat davomida uzluksiz ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda.
Mavsum davomida hojilarimiz tetik, sog‘lom bo‘lishlari uchun avvalo, o‘zlari, so‘ngra tibbiyot xodimlari ham mas’ul. Bu yil ham hojilarimizning sog‘liklarini doimiy kuzatib borish uchun oliy toifali shifokorlar jalb etilgan. Ular hamyurtlarimiz salomatliklari uchun tunu kun xizmatda bo‘lib turishibdi.
Tibbiyot xodimlari hojilarning sihatlarini ko‘zdan kechirib, kerakli yordam, maslahat va dori-darmonlar bermoqda. Tibbiy xizmat markazlarida muolaja uchun kerakli jihozlar, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun sharoitlar mavjud. Barcha turdagi kasalliklarga birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida yurtimizdan yetarli darajada dori-darmonlar olib borilgan.
Joriy mavsumda hojilarimizga yana bir qulaylik va tuhfa ulashildi. O‘zbekiston aloqa operatori tarafidan bu yilgi har bir ziyoratchiga internet trafigi va bonusli daqiqalari mavjud bo‘lgan bepul telefon sim kartasi, maxsus sumka, termos, soyabon va bosh kiyim kabilar taqdim etildi.
Joriy mavsumda bo‘lg‘usi hojilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga olib chiqilgani va sharoitlar sezilarli darajada yaxshilangani barchani cheksiz mamnun etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati