Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
«Ey iymon keltirganlar! Alloh sizga halol qilgan pok narsalarni harom qilmang. Haddingizdan oshmang. Albatta, Alloh haddidan oshuvchilarni sevmas» (Moida surasi, 87-oyat).
«Va Alloh sizga rizq qilib bergan narsalardan halol-poklarini yenglar. O‘zingiz iymon keltirgan Allohga taqvo qiling» (Moida surasi, 88-oyat).
Avval o‘tgan oyatlarda va ularning tafsirida Alloh halol qilgan narsa pok va foydali bo‘lishi aytilgan edi. Bu yerda o‘sha pokiza va halol narsalarni harom deb hukm chiqarish mumkin emasligi ta’kidlanmoqda. Chunki hukm chiqarish, jumladan, nima halolu nima haromligining hukmini chiqarish ham Alloh taoloning O‘zigagina xosdir. Kim Alloh halol degan narsani harom desa yoki Alloh harom qilgan narsani kim halol desa, kofir bo‘ladi. Unday odam Allohning ilohlik sifatiga – shariat hukmlarini chiqarish sifatiga sherik bo‘lishga uringan bo‘ladi. Shuningdek, bir kishi o‘zi uchun ham bunday hukmni chiqarib, buni qandaydir dindorlik sifatini ziyoda qilishga urinish, deb o‘ylashi ham noto‘g‘ridir. Bunday ish dindagi g‘uluv – haddan oshish hisoblanadi. Ushbu oyatning nozil bo‘lish sababi bu fikrni ta’kidlaydi.
Imom ibn Jarir Tobariy quyidagilarni rivoyat qiladilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni o‘tirib, odamlarga va’z-nasihat qildilar, ammo ortiqcha qo‘rqitmadilar. So‘ngra turib ketdilar. Shunda u kishining sahobalaridan ba’zilari:
«Agar yangi bir ish qilmasak, nima degan odam bo‘lamiz. Nasorolar o‘zlariga bir qancha narsalarni harom qilishgan, biz ham harom qilaylik», deyishdi. Ba’zilari o‘ziga go‘sht yeyishni harom qildi, ba’zilari sonning yuqori qismini yeyishni harom qildi. Boshqalari kunduzi ovqat yeyishni, yana boshqalari ayollarni o‘zlariga harom qildi. Bu gap Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yetib borganda:
«Ayollarni, taomni va uyquni o‘ziga harom qilganlarga nima bo‘ldi?! Ogoh bo‘linglar, men uxlayman ham, bedor ham bo‘laman, ro‘za ham tutaman, og‘zim ochiq ham bo‘ladi. Ayollarni nikohimga ham olaman. Kim mendan yuz o‘girsa, mendan emas», dedilar. Shunda Alloh «Ey iymon keltirganlar! Alloh sizga halol qilgan pok narsalarni harom qilmang. Haddingizdan oshmang» oyatini nozil qildi.
Alloh taolo O‘zi belgilab berganidan kam ishni qilish nuqson va gunoh bo‘lganidek, Uning belgilab berganidan ortiqcha qilishga urinish ham tajovuzkorlik va gunoh hisoblanadi.
Shu qoidaga ko‘ra, Alloh taolo halol qilib qo‘ygan narsani o‘ziga harom qilib, o‘zini o‘sha narsadan tiyish bilan go‘yo Allohga qurbat hosil qilishga urinish ham gunohdir. Chunki halol va harom haqida hukm chiqarishning yagona sohibi Alloh taolodir, boshqa emas.
Imom Buxoriy va imom Muslim Anas roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:
«Uch kishilik guruh Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalarining uylariga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ibodatlari haqida so‘rab keldi. Bas, ularga (bu haqda) xabar berilganda, u (ibodat)ni oz sanaganday bo‘ldilar. Shunda Ular:
– Biz qayoqda-yu, Nabiy sollallohu alayhi vasallam qayoqdalar, u zotning o‘tgan-u, qolgan gunohlari mag‘firat qilingan, – dedilar. Ulardan biri:
– Men abadul abad tunlarni namoz o‘qish bilan o‘tkazaman, – dedi. Boshqasi esa:
– Men umrbod ro‘za tutaman, og‘zim ochiq yurmayman, – dedi. Yana boshqa biri:
– Men ayollardan chetda bo‘laman, abadul abad uylanmayman, – dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning oldilariga kelib:
– Shunday, shunday, deganlar sizlarmi?! Ammo Allohga qasamki, men Allohdan eng qo‘rquvchirog‘ingizman va Unga eng tahvodoringizman. Lekin ro‘za ham tutaman, og‘zim ochiq ham bo‘ladi. Namoz ham o‘qiyman, uxlayman ham, ayollarga uylanaman ham. Bas, kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas, – dedilar».
Shu bilan Alloh halol qilgan narsalarni o‘ziga harom qilib, ont ichish yoki vazifa qilib olish bekor qilindi. Hamda Alloh halol qilgan narsalarni harom qilishga hech kimning haqqi yo‘qligi ta’kidlandi.
«Tafsiri Hilol» kitobi asosida tayyorlandi
Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkil topganiga 35 yil to‘lgani munosabati bilan Olmaota shahrida “Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda Islom: tarixiy an’analar va zamonaviy imkoniyatlar” mavzusida nufuzli xalqaro anjuman o‘tkazildi. Unda turli davlatlardan kelgan islom ulamolari ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi direktor o‘rinbosari G‘ulomiddin Xolboyev ham qatnashib, “Sun’iy ong (intellekt) va uning hukmi” mavzusida chiqish qildi.
Darhaqiqat, sun’iy ong (SO) – odam kabi fikrlab, qo‘yilgan muammoga yechim topishga yo‘naltirilgan bugungi texnologiya. Garchi u turli uskuna va jihozlar ko‘rinishida bo‘lsa ham, qaror qabul qilish, insoniy xulq-atvorga taqlid qilish kabi qobiliyatlarga ega.
Axborot asri deb atalayotgan bugunga kelib ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari juda ham tez va shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Taraqqiy etgan o‘lkalarda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kengayib, u ko‘plab sohalarga kirib bormoqda. Ushbu “ong”ning shar’iy hukmiga aniqlik kiritish zamona faqihlari oldida turgan muhim vazifalardan. Zero, undan musulmonlar ham keng miqyosda foydalanmoqda.
O‘zbekiston ulamolari vakili G‘ulomiddin domla Xolboyevning chiqishi shu ma’noda katta qiziqish bilan tinglandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati