Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim surma qo‘ysa, toq qo‘ysin. Kim shunday qilsa, yaxshi qilgan bo‘ladi, kim qilmasa, haraj yo‘q”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ismid* bilan surma qo‘yinglar. Albatta, u ko‘zni ravshan qiladi va kipriklarni o‘stiradi”, dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Surma ko‘zni muhofaza qiladi, ko‘zdagi xiralikni aritib, chirkinlarni chiqarib tashlaydi, quvvatlantiradi, ko‘rish qobiliyatini oshiradi, kipriklarni o‘stiradi. Bu xususiyat, ayniqsa, ismidda ko‘proq bo‘lib, keksa yoshdagi kishilar uchun foydaliroqdir.
Yuqoridagi hadislardan Nabiy sollallohu alayhi vasallam shaxsiy gigiyenaga a’lo darajada e’tibor qilganlarini ko‘rishimiz mumkin. U zot muborak ko‘zlarining parvarishi uchun surmadan foydalanganlar va ummatlariga ham tavsiya qilganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning surma qo‘yishlarini diqqat bilan o‘rganadigan bo‘lsak, u zot surmani kechasi, uxlashdan oldin qo‘yganlari va uni o‘ng ko‘zlariga uchta, chap ko‘zlariga uchta (yoki o‘ng ko‘zlariga ikkita, chap ko‘zlariga ikkita va yana bittani ikki ko‘zlariga yoki o‘ng ko‘zlariga uchta, chap ko‘zlariga ikkita) qilib toq qo‘yganlari ma’lum bo‘ladi. Ummatlariga ham uni kechasi qo‘yishni va toq qilishni buyurganlar.
Surmaning kechasi qo‘yilishida foydalar ko‘p. Ko‘zlar yumilgan holda surmadan uzoq vaqt – tonggacha oziqlanadi. Kunduzi esa, bunday natijaga erishib bo‘lmaydi.
Hanbaliylar, ba’zi shofe’iylar va ahli hadislar Nabiy sollallohu alayhi vasallam fe’llarining zohiriga e’tiboran erkaklar uchun surma qo‘yish (zarurat bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’i nazar) mustahab degan yo‘lni tutganlar.
Hanafiylar esa, modomiki, u bilan ziynatlanish ko‘zlanmas ekan, erkaklarning ham surma qo‘yishi joiz deydilar. Hanafiylarning ba’zilari man qilingan holatdan takabburlik uchun ziynatlanish nazarda tutilgan, jamol va viqor uchun ziynatlanish emas, deb izohlashgan.
Imom Molikdan ham ikki qavl bo‘lib, birida joiz deyilgan bo‘lsa, ikkinchisida ayollarga o‘xshab qolishi e’tiboridan makruh deyilgan.
Demak, erkaklar uchun surmadan davo sifatida, ko‘zning parvarishi uchun foydalanish joiz. Ziynat uchun bo‘lsa, hanafiylar va molikiylar nazdida makruhdir.
Agar sobit bo‘lgan hadislar taammul qilib ko‘rilsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning surmani ziynat uchun emas, balki ko‘z va kipriklar parvarishi uchun qo‘yganlari ayon bo‘ladi. Surmani kechasi, uxlashdan oldin qo‘yganlari ham bu ishning ziynat uchun bo‘lmaganini ta’kidlaydi.
Surmadan ziynatlanish maqsadida foydalanish faqat ayollar uchun mustahabdir. Chunki ular erlariga chiroyli suratda ko‘rinishlari lozim. Ammo eridan boshqasi uchun ziynatlanishlari joiz emas.
Erkaklarning surmadan ziynat maqsadida foydalanishlari esa, agar o‘sha jamiyatda bu ish odatga aylangan bo‘lsa, u holda zarari yo‘q. Qadimda arablar cho‘lning jaziramasida ko‘zning xiralashib, shikastlanmasligi uchun surmadan foydalanishgan va uni kunduzi ham qo‘yib yurishgan. Shu bois ularda erkaklarning ham surmadan foydalanishlari oddiy hol bo‘lgan. Ammo boshqa xalqlarda, masalan, bizning mintaqalarda bu holatga o‘zini ayollarga o‘xshatish qabilidagi xatti-harakat deb qaraladi.
Manbalar asosida
Azizbek XOLNAZAROV tayyorladi.
“Asr namozi kishi ruhi va badaniga ta’sir qiladigan ko‘pgina kasalliklarga davo bo‘ladi...”.
Bir qarashda biroz mubolag‘aga o‘xshab ko‘ringan bu fikr Qohirada bo‘lib o‘tgan Qur’oni karimning tibbiy haqiqatlariga bag‘ishlangan Xalqaro Islom anjumanidagi tibbiy tadqiqotga oid ma’ruzaning xulosasidir. Asr namozi davo bo‘ladigan kasalliklar ro‘yxatida yana quyidagilar joy oladi: gipertoniya (xafaqon, qon bosimi yuqori bo‘lishi), asab buzilishi, o‘ta semizlik, sirroz, odatlangan homila tushishi, jinsiy qobiliyatsizlik, disminoreya (og‘riqli hayz ko‘rish), psoriaz, katarakta, astma va migren (bosh og‘rig‘i)...
Faqatgina asr namozini tark etish tufayli kishiga ta’sir qiladigan jiddiy kasalliklar ham bor-mi? Bu savolga anjumanda ishtirok etgan doktor Zubayr Karamiy “albatta bor” deb javob beradi.
Buni izohlash va kashfiyotini yanada ravshanlashtirish uchun “al-Arabiya” jurnaliga yozgan maqolasida Doktor Karamiy Islomning jahonshumul va insonga eng munosib din ekanini ko‘rsatuvchi Qur’onda “solatul vusto”, ya’ni “o‘rta namoz” deya zikr kilingan va Islomning ulug‘ mo‘jizalaridan biri bo‘lgan asr namozi haqida quyidagilarni keltiradi: Bu namoz haqida Qur’onda ikki joyda so‘z yuritiladi. Birinchisi Baqara surasining 238-oyati bo‘lib, ma’no tarjimasi bunday:
“Barcha namozlarni va xususan o‘rta namozni (asr namozini) saklanglar - o‘z vaqtlarida ado qilinglar! Va Alloh uchun bo‘yinsungan holda turinglar!”.
Ikkinchisi esa Asr surasining ilk oyati bo‘lib: “Val asr”, ya’ni “Asrga qasamki” degan oyatdir. Ba’zi tafsirlarda bu oyatdagi “asr” so‘zidan asr namozi vaqti nazarda tutilgani aytilgan. “Qachon Qur’ondagi bu oyatni o‘qisam, ayniqsa asr namoziga alohida urg‘u berilgani haqida tafakkur qilsam, taajjubga tushardim...”.
Doktor Karamiy uzoq vaqt ushbu tushunchaga qoniqarli javob izladi. U Qur’onda asr namozi haqida alohida ta’kidlanishiga, mazkur namoz istirohat vaqtiga to‘g‘ri kelishi tufayli uni ado etish qiyin bo‘lishi sababining ko‘rsatilishini to‘g‘ri, deb bilmaydi. Zero, masalaga bu nuqtayi nazardan yaqinlashish, bomdod va shom namozlari haqida ham xuddi shunday qiyinchilik mavjudligi xulosasiga olib kelishi kerak edi. Bu borada Karamiy ilgari surayotgan sabablardan eng muhimi, miyadagi biologik soat bo‘lmish markaz bilan asr namozi orasidagi sinxronlikdir (bir vaqtda sodir bo‘lishlik).
Shoshilinch bir holat bilan duch kelinganida kerakli reaksiyani boshlaydigan kortizon va adrenalin deb atalmish ikkita gormonning qanchalik muhim ekanligi ko‘pchilikka ma’lum bo‘lsa kerak. Mazkur ikki gormon biologik soatga ko‘ra turli vaqtlarga taqsimlangan. Bizga birinchi o‘rinda zarur bo‘lgan gormon adrenalindir.
Doktor Karamiy adrenalin ta’sirlarini qisqacha bunday ifodalaydi: “Adrenalin puls (yurak urishi)ni tezlatadi, qon tomirlarini toraytiradi, yuqori qon bosimiga, ko‘p terlash va so‘lak ishlab chiqarilishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, u qonda leykotsitlar sonini orttiradi, qonashni to‘xtatadigan quyulish (ivish) jarayonini tezlatadi, zarurat bo‘lmaganda butun badanni doimiy va kuchli faoliyatga tayyorlaydi hamda oxirida barcha vazifalar uchun badanni normal holatiga qaytaradi”. Biroq adrenalinning xavfli tomoni ham bor. Zero, u kuchli toqatsizlanish va qaytalanuvchi qo‘rquv “psixosomatik” deb nomlanuvchi jiddiy kasalikka sabab bo‘lishi mumkin. (Toqatsizlanish va qo‘rquv onlarida adrenalin ishlab chiqarish ko‘p miqdorda ortadi. Buning doimiy ravishda bo‘lishi yoki tez-tez takrorlanib turishi “psixosomatik kasalliklar” guruhiga kiruvchi turli kasalliklarga yo‘l ochishi mumkin).
Xavf-xatar va g‘am-g‘ussa kabi holatlar yuqorida aytilgan reaksiyalarni yuzaga keltiradi. Doktor Karamiy: “Qondagi adrenalin ortishining, yuqorida sanab o‘tilgan kasalliklarga (gipertoniya, asab buzilishi va h.k.) yo‘l ochuvchi eng muhim omil ekanini aniqladik”, deydi. Shu o‘rinda eng muhim nuqta, asr namoziniig bu gormonga qanday ta’sir ko‘rsatishidir. “Bu namoz darhaqiqat kuchli ta’sirga ega. Asr namozi sanab o‘tilgan kasalliklarga sabab bo‘ladigan adrenalin gormoni miqdorini tushirishga yordam beradi”, deydi Karamiy va yana shularni ilova qiladi: “Bu gormon qondagi eng yuqori miqdoriga peshindan keyin bir necha soat o‘tgach, soat 15-17 lar atrofida, ya’ni aynan asr vaqtida erishadi”.
“Asr namozi miya markazlaridan gipokammni uyg‘otib, bo‘shashi (istirohatlanish holati)ni hosil qiladi va buning natijasida larasimpatiktizim uyg‘onib, simpatik tizim susaytiriladi”. Bu hodisa simpatik tizim faol bo‘lgan vaqtda, ya’ni asr namozi vaqtida bo‘lsa muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, asab tizimining ko‘pincha bir-biriga zid ravishda ishlaydigan ikki qismi bo‘lgan simpatik va parasimpatik tizimlaridan birinchisi yuqorida aytib o‘tilgan adrenalin va shunga o‘xshash gormonlar vositasida faoliyat olib boradigan tizim bo‘lib, ayniqsa, xavf-xatar va stress holatlarida tanada hukmron vaziyat ko‘rinish oladi. Parasimpatik tizim esa tananing normal faoliyatini davom ettirishida muhim ahamiyat kasb etadi (Simpatik tizim ta’sirining uzoq davom etishi yoki tez-tez takrorlanib turishi psixosomatik kasalliklarga yo‘l ochishini yuqorida ta’kidlagan edik).
Karamiy chiqargan oxirgi xulosa esa bunday: “Asr namozi, ruhiy ozuqamiz bo‘lishi bilan bir qatorda, tibbiy jihatdan ham muhofaza qiluvchi – qalqondir”.